Nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi arizani FHDY bo`limiga berish tartibi qanday ?
Nikoh tuzilganligini qayd etish uchun nikohlanuvchi shaxslar tomonidan FHDY organiga Nikoh tuzilganligini qayd etish haqida ariza beriladi.
Ariza FHDY organiga bevosita yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (bundan buyon matnda YIDXP deb yuritiladi) orqali berilishi mumkin.
Ariza YIDXP orqali berilganda, FHDY organi xodimi ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ishkuni ichida arizani ko‘rib chiqadi va natijasi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma shakllantirib beradi.
Bunda, Oila kodeksining 16-moddasida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lganda, arizani qabul qilish rad etiladi.
Nikoh tuzilganligini qayd etish uchun berilgan arizalar Nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish electron daftariga kirim qilinadi.
Nikohlanuvchi shaxslarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun berilgan yo‘llanmalarning raqami arizaning kirim raqamiga “/” belgisi orqali tartib bilan qo‘shib boriladi.
Nikohni qayd etish haqidagi ariza FHDY organi xodimi ishtirokida imzolanishi hamda u tomonidan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ariza beruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bilan tekshirib qabul qilinishi lozim.
Bunda, ariza beruvchilarning nikohda turmasligi electron axborot tizimi orqali tekshirib olinadi.
Arizaning old tomoni topshirish vaqtida to‘ldirilib, o‘sha kundagi sana qo‘yiladi. Arizaning orqa tomoni nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar taqdim etilgan vaqtda to‘ldiriladi va shu kundagi sana qo‘yiladi.
Tibbiy ko‘rik natijasi bo‘yicha nikohlanuvch ishaxslarda yoki ularning birida ruhiy holatining buzilganligi aniqlansa, FHDY organi ruhiy holatining buzilishi aniqlangan nikohlanuvchi shaxsning yashash joyidagi tuman, shahar tibbiyot birlashmasidan uning ruhiy holati buzilishi sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganligi haqida ma’lumot mavjud yoki mavjud emasligini aniqlashi lozim.