May 22

TABASSUM QIL 😊🎀 | ZILOLA ✍🏻

PROLOG: Quyosh hech qachon o‘zini isitolmaydi

Har tongda u uyg‘onganida, xona ichiga birinchi bo‘lib quyosh nuri kirar edi. Lekin bu nurning o‘zi unga iliqlik bera olmasdi. Tayyanning yuragi uzoqdan jilvalanayotgan yorug‘likka o‘xshardi — bor, lekin muzlagan.

Yostiqqa yuzini bosib yotar ekan, u yana bir marta o‘ziga yolg‘on gapirdi:
“Men haqiqiy tabassum qila olaman. Men odamlarga yordam bera olaman.”

Deraza yonidagi soat sekin yurardi. Hamma uyquda, ammo Tayyan allaqachon uyg‘onib bo‘lgan. U har doimgidek boshqalarning quyoshi bo‘lishga tayyor edi. Faqat… bu quyoshning o‘zi uchun osmon yo‘q edi.

Eshikni ochib ko'chaga chiqdi. Maktabga ketar ekan, ichida bir ovoz shivirlardi:
“Tayyan, yana bugun ham o‘zingni unutasanmi?”

U javob bermadi. Har tongda bu savolni eshitardi. Har tongda sukut bilan yo‘lga chiqardi. Va har kuni… yangi bir og‘riqni orqasida qoldirardi. U bu og'riqni boshqalar bilishini istamasdi. U doim insonlarga iliqlik ulashishni istardi.

Muallif nigohidan: Quyosh tabassumli qiz

Tayyan — 16 yoshli qizcha. Uning ismi “quyosh” degan ma’noni anglatadi, va bu ism unga bekorga berilmagan. U xuddi quyoshga o‘xshaydi: boshqalarga o‘z tabassumi va gaplari bilan iliqlik, xotirjamlik ulashadi. Yordam kerak bo‘lganlarga ortig‘i bilan yordam beradi.

Insonlar uni quvnoq, xazilkash va kuchli deb bilishadi. Ha, tashqaridan qaraganda u doim kulib yuradi. Ammo men — bu hikoyaning muallifi sifatida bilamanki, Tayyan aslida boshqacha bir olamda yashaydi.

Bu olam ichkarida. Faqat u biladigan, faqat u his qiladigan olam. U yerda Tayyan yolg‘iz. U yerda sukunat baqiradi. U yerda tabassum — himoya, kulgu — qalqon.

Tayyan doim tabassum qiladi. Bilasizmi, nega? Chunki yig‘lab yubormaslik uchun. U ko‘zyoshlarini hech kimga ko‘rsatmaydi.

Tayyanning har bir kulgusi — ichki og‘riqni yashirish uchun niqob, har bir mehribonligi — o‘zi ham mehrga muhtoj ekanini bildiruvchi so‘z edi.

Sakura soyasidagi nigoh
Kechikkan savollar, javobsiz qoladi

Maktab atigi ellik-oltmish qadam narida edi. Har tonggi yo‘ldan o‘tarkan, Tayyan eng sevimli manzarasini ko‘rardi — sakura gullari g‘uj bo‘lib ochilgan, xuddi osmondan tushgan pushti qorlar kabi har tarafni qoplagan edi. Yaproqdan emas, mehrdan yasalgan singari nozik va nafis.

Tayyan bu manzaraga beixtiyor jilmaydi. Shu sohibjamol gullar orasidan o‘tarkan, yuragidagi og‘irlik biroz yengillashgandek bo‘lardi. Ammo o‘sha daqiqada, sumkasidan nimadir tushib qoldi.

Chirq etgan mayda ovoz uni to‘xtatdi. Qarasa, sevimli ruchkasi yerda yotibdi. Imtihonlari uchun yangi olgan, ko‘k rangli, ustiga mayda yulduzchalar tushirilgan ruchka. U orqasiga o'girilib ruchkasini olish uchun yega cho'kkaladi.

Va o‘sha payt... yuragi gupillab ura boshladi.

Ko‘chaning boshida — u yurgan yo‘lning oxirrog‘ida, sakura soyasi ostida — qora kiyimda kimdir turardi. Qora palto, qora shlyapa... va yuzini yashirgan qora niqob.

Tayyan qotib qoldi.

Bu odamni u ilgari ham ko‘rgan. Bu birinchi marta emas. Esida — tramvay bekatida, odamlar orasida turgandi. Yana bir marta maktab yaqinidagi do‘kon oldida. Har safar jimjit, harakatsiz... ammo nigohi faqat unga qaratilgan. Go‘yo u va faqat Tayyan, boshqa hech kim bu dunyoda yo‘qdek.

Bu nigohda og‘riq bor edi. Sovuq va begona. Shunday nigohki, hatto eng yorqin tongni ham tunga aylantirishi mumkin.

Tayyan ruchkani shoshib oldi. Nafasi ichiga tushib, oldiga o'grildi. Tayyanning hayoli faqat o'sha sakura gullari tagidagi sharpada edi. Bu sharpa Tayyanga faqat uni kuzatib yuradiganday tuyila boshladi. Yana orqasiga qaradi.

Lekin... hech kim yo‘q edi. Na o'sha sharpa, na undan taralayotgan zulmat uchqunlari.

Yo‘l bo‘sh. Sakura barglari yana shoshilmasdan yerga tushar edi.
Tayyan chuqur nafas oldi. Ammo bu nafas unga tinchlik bermadi.

Birinchi qism tugadi...🍃
E'tiboringiz uchun raxmat)
#Zilola 🌸