September 7

JODUGAR ๐ŸŒ€ | #BAHROMIDDIN ๐Ÿƒ

V boสปlim ๐Ÿซ€ | @Kim_Tae_Oh ๐ŸŒ’

Ikki yil Namjun istagandek, o'zimning jodugarligimni ham, sehru amallarni ham o'ylamay yashadim. Kutubxonada eski xotiralarim yodimga tushmasligi uchun u yerdan ketdim. Tarix yo'nalishi bo'yicha magistraturaga o'qishga kirgach, o'qish va izlanishlar bilan chalg'ib chalg'ib yashay boshladim. Oyimning orzusi esa hali o'xshamadi: bir uyning baxtli kelinchagi bo'lganimcha yo'q. Chiqqan sovchilarga o'qishni bahona qilyapman. Jodugarligimni bahona qilsam ham bo'lardi-yu, ammo mahallada qip-qizil jinniga chiqishni istamagandim. Xullas, oyim bilan bu mavzuda hech chiqisha olmaymiz.
O'z onamni esa bir necha bor yo'qlab bordim. Namjunning ketib qolganidan xursand bo'lgan onam ham ortiq yashirinib yashashni istamadi. Erini ko'ndirib, shaxarga ko'chib o'tishdi. Shu yerda bir fabrikaga ishga joylashishibdi. Hayotlari avvalgidan ancha mazmunli bo'lib qolganidan mamnun bo'ldim. Oyimdan farqli o'laroq o'z onam turmushga chiqishimga uncha xayrihoh emas. Boshlaridan o'tganda... Ammo el qatori baxtli yashashimni istaydi. Onamga bu dunyoda tirik bo'lsam bas. Bir necha marta oyim bilan tanishishga undadim, ammo xohlamadilar. Meni boqib olgani uchun minnatdor, biroq tinchini buzgisi kelmasdi. "Sen uning qizisan, unutma. Oyingni ranjitma", deydilar doim.
Men esa ikki onam g'amxo'rligida tinchgina yashab kelayotgandim.
Bir kuni darsdan so'ng oliygoh binosi yonida qora mashina meni kutib turganini ichki sezgim bilan payqagach, ko'nglim notinchlandi. Baribir jodugarlik ta'sirimi, mashinadan tushib mendan ko'zlarini uzmay turgan ozg'in va novcha kishining oddiy inson emasligini xis etdim. Parvo qilmay o'tib ketmoqchi edim, u gavdasiga yarashmagan bo'g'iq ovozda meni chaqirdi:
-Jisoo!
Badanimdan sovuq ter chiqqandek bo'ldi. Namjundan boshqa hech kim meni Jisoo deb atamagandi. Xatto tuqqan onam ham eski ismimni aytmas, Jiwoo derdi. Ortimga o'girilib, bor nigohlarim bilan notanish kimsaga tikildim.
-Ha, sizni chaqiryapman, - imladi o'zi tomon u, - bu yerda sizdan boshqa Jisoo bo'lmasa kerak?
-Sizga nima kerak? - asta yaqinlashdim unga, - ismimni qayerdan bilasiz?
-Eshitgan joyimiz bor. Balki holiroq yerda gaplasharmiz.
-Rahmat, bunday suxbatlar menga omad keltirgan, deya olmayman! - shundan deb ketib qoldim. Kimsaning ortimdan jim qolgani yaxshi bo'ldi. Ammo sal yurganimdan keyin u mashinasida meni kuzatayotganini sezdim. Avtobusga minib ham u izma-iz kelayotganini ko'rdim. Uygacha borsam, manzilimni bilib olishini o'ylab, yarim yo'lda tushdim. Yo'limni anhor tomon burdim: bu yerga mashina sig'maydi baribir. Shoshib keta boshladim, anhorni kesib chiqsam, uyog'i yaqin qoladi uygacha. Lekin qanchalik shoshmay, kimsa ulovidan tushib menga qarab yugurib kelayotganini ko'rib qoldim. Atrof kimsasiz edi, kun issig'ida xatto qushlar haam o'zini panaga urgan.
To'xtashga majbur bo'ldim. Baribir yetib oladi yoki uygacha sichqon mushuk o'ynab chopishimizga to'g'ri keladi. Yonimga yetib kelishini kutdim.
-Qochib ovora bo'lmang, oyingizni bezovta qilib uyingizga bostirib kirishimni istamassiz, - dedi u halloslab to'xtarkan, - buning ustiga oyingizning qon bosimi bor, bunaqa to'polonlar unga yoqmaydi.
Yuragim yana shuvilladi. U men haqimda ko'p narsani bilishi aniq. Ammo sir boy bermay nima kerak, degandek qo'limni belimga tiradim.
-Menga yordamingiz kerak, - anhor yonidagi o'rindiqqa cho'kkach maqsadga o'tdi u, - kimligingizni bilaman. Ozmuncha izladimmi sizni. Ismingizni o'zgartirganingiz uchun topish qiyin bo'ldi. Ammo onangiz orqali topdim, nihoyat!
-Qaysi onam? - devordim beixtiyor.
-Degudagi-da, o'z onangiz! Adashmasam, mana bu kitob sizlarga tegishli edi, - notanish kimsa qo'ynidagi mitti kitobchani chiqardi. Bu o'sha, ming yillik jodu siri yashiringan, onamda qolib ketgan meros kitob edi!
-Qa... qayerdan... - tilim tutildi.
-Onangizdan olish oson bo'lmadi. Lekin men istaganimni olamguncha qo'ymaydigan xilidanman. Ham kitobcha, ham sizning manziligingiz... bunday topilmagan naqdar shod bo'lganimni ta'riflab berolmayman!

-Onam... - o'rnimdan turib ketdim, - onamga nima qildingiz? Agar unga biror ziyon yetgan bo'lsa, qasam ichamanki...
-Ey, o'zingizni bosing. O'libmanmi, jodugar bilan o'ynashib. Onangiz o'z uyida, faqat yonida qorovullarim bor. Menga yordam bersangiz, onangiz hech nima qilishmaydi. Kitobchani ham qaytaramiz, yana avvalgidek yashayverasizlar. Mana, ishonmasangiz gaplashing!
Qo'l telefonidan raqam terdi. Tezda javob bo'ldi.
-Go'shakni ayolga ber, - dedi kimsa, so'ng qulog'imga telefonni tutdi.
-Alo, alo! - dedim jon holatda, - onajon?
-Jiwoo... meni kechir, - nariyog'dan onamning yig'isi eshitildi.
-Omonmisiz, ular sizga hech nima qilishmadimi?!
-Meni o'ylama, yaxshiman. O'z joningni asra, qizim!
Kimsa telefonni tortib oldi va o'chirdi.
-Mana, gaplashib ham oldinglar. Endi ishga kirishamizmi, yo'qmi?
-Nima kerak o'zi, - dedim titrab.
-Endi o'zingizga keldingiz. Qani ketdik, qolganini boshqa yerda gaplashib olamiz.
Biz mashinaga chiqdik. U yerda yana ikki kishi bor edi: shotirlari shekilli, o'tirishim bilan ko'zlarimni boylashdi.
-Bu xavfsizlik yuzasidan - deb tushuntirdi kimsa....

JODUGAR ๐ŸŒ€ V bo'lim | 2-qism
22 yanvar 2024. Muallif: Bahromiddin Botirov
Mashina ancha yurdi. Yetib kelgach ham mashinadan ko'zlarim boyloq holda tushirishdi. Biroz piyoda yurdik. Yerlar o'nqir-cho'nqir, toshli edi.
-Endi ko'zlarni ochsak ham bo'ladi...
Ko'zlarimni ochib qabristonning qoq o'rtasida turganimga guvoh bo'ldim.
-Qo'rqmang, Jisoo xonim. O'liklar bizga halal bermaydi. Avvalo, sizga o'zim haqimda biroz gapirib bersam. Ismim Kim Suk Jin, yoshib 458 da. Bir vaqtlar o'z davrimda shaxarning eng oldi savdogari edim. Biroq bir kampirning jodusi deb shuncha yashashga majbur bo'ldim!
-Ming yoshlilarni ham uchratganma, - miyig'imda kuldim, - siz nima bo'libsiz?
-Tajribali jodugar ko'rinasiz, bundan xursandman, - ikki qo'lini ishqaladi u, - demak, gap bunday! Qabristondagi xilxonamizda mening jufti halolim yotibdi. O'lganiga to'rt yuz yillar bo'ldi.
-Nima balo, sizlar ham o'limtopmas jodusini ichib ishni chala qilganmisizla, deyman? Siz ichib, xotiningiz icholmay...
-Meni jodulashgan dedim-ku. Ammo xotinim bundan bexabar edi. Sirimni bilgach ham u bilan ellik yil yashadik. Keyin u qarib o'ldi. Men esa tirikman.
-Sizam o'lishni istaysizmi? Nega hamma shunday-a?...
-Yo'q, men yashashni xohlayman! Faqat yolg'iz emas, xotinim, bolalarim bilan... Ularni juda sog'inganman. Bashorat qilingan vaqtni uzoq kutdim. Jisoo ismli jodugarning qoni hamma amalni yecha oladi, degan gapni eshitgach...
-Tushunarli, sizam meni o'ldirish payida ekansiz.
-Sizni o'ldirib nima qildim, Jisoo? Oilamni tiriltirib bersangiz bo'ldi!
-Esingiz joyidami? O'lgan odamni tiriltirish bizni qo'limizda kelmaydi. Bo'lmasa, hamma yoqni tirilgan o'liklar bosib ketardi.
-Kitobni yaxshilab o'qing va uqing Jisoo! Unda "Voris qiz qoni o'lim va hayot bag'ishlaydi", deb yozilgan! Evaziga nima istasangiz, hozir qilaman! Bor boyligim sadaqa bo'lsin!
-Notog'ri tushunibsiz! Hayot bag'ishlaydi, deganda ikkinchi hayot nazarda tutilgan. Ya'ni jodu yechilib, oddiy odamdek hayot boshlaysiz.
Kim Suk Jin deganlari yerga cho'kib tuproqni g'ijimladi. Hali gerdayib turgan kimsaning yer bilan bitta bo'lib ko'z yosh to'kishi ko'nglimni eritdi. Qo'pol muomilamni to'g'irladim.
-Tushuning, Suk Jin aka, qo'limdan kelsa yordam berardim. Bildim, suyukli xotiningiz ekan... ammo nachora, iloji bo'lganda o'lgan otamni tiriltirib olmasmidim?
-Ona meros kitoblaringizda bari yozilgan! Qani shular?!
-Baribir imkoni yo'q... - dedim shalvirab. - Buning uchun men ham o'lishim kerak.
-Nega endi?
-Ana kitobchada yozilgan: voris qizning qoni to'kilishi kerak, deb...
-Chala jodugarmisiz, deyman? - o'rnidan turdi, - qoni to'kilishi bu o'lishi kerak, degani emas-ku? Shu paytgacha jodugarlar bir tomchi qoni bilan ko'plab amallarni yechganini ko'rganman. Lekin o'limtopmas jodusini yechish faqat sizga meros bo'lib o'tgan...
-Nima? Faqat... bir tomchi qon yetadimi?
-Bilmasmidingiz buni?
-Yo'q, bilganimda allaqachon Kim Namjoonga... ho'p, bo'pti, ayting nima qilishim kerak?
-Ha, rostdanam o'qimagan jodugar ekansiz. Juda oson: qoningiz tomchisini marhumning labiga tomizasiz. So'ng hayotbaxsh jodusini o'qiysiz. Shundan so'ng...
-Chindan uning tirilishiga ishonasizmi?
-Shubxasiz.
Janob Suk Jin yigitlarga ruxsat berdi. Qabristonda o'zimiz qoldik. Bu vaqtda kech kirgandi.
-Mana... - qo'limdagi to'g'nog'ichni mahkam ushladim, - undan avval qo'ng'iroq qilib ayting, onamni qo'yib yuborishsin. So'ng bajaraman joduni.
-Pishiq ekansiz Jisoo, - u qo'ng'iroq qilib aytganimni bajardi, - onangizni ushlab turishdan naf yo'q, havotir olmang, yigitlarim ketishyapti.
-Ishondim... Umuman taxdid qilmay, odamdek muomala qilganingizda sizga yordam berishga harakat qilardim-ku!
-O'rgangan ko'ngil... shu paytgacha biror jodugar odamdek yordam bermagan. Yillar meni yomon bo'lishga o'rgatib qo'ydi. Shu kungacha qancha gunoh qildim... kimni yig'latdim, kimni qaqshatdim. Boylik to'plash, hammadan ustun bo'lish dardida umr kechirdim. Yo'limda qancha go'zallarni uchratdim, ko'nglimni xushladim. Lekin... hech biri o'z oilam o'rnini bosolmadi.

Kim Suk Jinning diydiyosini eshitishga hushim bo'lmay, gapini kesdim:
-Tun kiryapti, ayting, xilxona qayerda?
U yo'l boshladi. Men umuman o'lgan odamni tiriltira olishimga ishonmasdim. To'g'ri, bu duo kitoblarimizda mavjud edi, ammo cho'pchakdan boshqa narsa emas, menimcha. Voris qiz qoni bu duoni ishga sola oladi, degan bashorat nahot menga atalgan bo'lsa? Nega aynan men bo'lishim kerak o'zi? Nima bo'lsa, bo'lar, onamni qo'yib yuborishgan bo'lsa bas. Hayriyatki, jodu uchun mening o'limim shart emas ekan. Endi Nam Junga bemalol yordam bera olaman. Bir tomchi qon va o'lim topmas duosini o'qisam bas, Namjun azaliy sehrdan qutuladi va yana 27 yashar yigitlik chog'idan hayotini qayta boshlaydi.
Kelgusi rejalarimni Kim Suk Jinning gangur ovozi buzib yubordi.
-Kiring! - U eski dahmani ochdi, - hamma avlodlarim shu yerga dafn etilgan. Menga faqat bolalarim va xotinim kerak.
-Bolalaringiz nechta o'zi?
-Ular ikkitagina edi, ikkisi ham bolalik chog'i chechakdan o'lib ketgan. Keyin men joduga chalindimu, nasl qoldirish imkonidan mahrum bo'ldim.

Jodulangan insonlar farzand ko'ra olmasligini Namjun aytgandi. Shuning uchun ham birovga uylanib, bola chaqa qilolmagan.
-Mayli, go'daklarda ayb yo'q... - dedim ichim achib.
-Mana ular, - ko'xna va ulkan tobutni ko'rsatdi Suk Jin, - ularni atay ko'mdirmaganman... qoq suyaklar qolgan, xolos. Ichida ayolim va ikki bolam...
U tobutni ochdi. Garchi jodugar bo'lsam-da, ich-ichimdan titroq kelar, juda qo'rqardim. Umrimda skelet tugul, o'lik ko'rmagandim. Buning ustiga atrof qop qorong'u, Kim Suk Jinning yiltiragan ko'zlaridan boshqa narsani ilg'amasdim. Hozir shu bir uyum suyaklar jonlanib ketsa, yuragim paq etib yorilib o'lsam kerak.
-Ishga kirishing... Sizni tashqarida kutaman...
-Yo'q, - dedim jon holatda, - ketmang. O'zi qo'rquvdan zo'rg'a oyoqda titrab turibman.
-Jodugarlar ham qo'rqadimi? Tavba... mayli, nariroqda kuzatib turaman. Qo'rqmang, bu yerda o'liklardan boshqa hech kim yo'q.
-Shu o'liklarda meni cho'chitayotgan! Tirilib ketsa, nima bo'ladi? Menga tashlanib qolsa-chi?
-Xotinim beozor... bolalarim ham yuvosh.
Obbo yana qo'rqitadi. Nima bo'lsa bo'lar. Baribir bundan bir ish chiqishiga ishonchim komil emas. To'g'nog'ichim bilan barmog'imni tildim va marhumning bosh suyagiga tomizdim. Namjun barcha jodularni yod oldirdi: hayotbaxsh duo degan o'sha uzun jumlalarni shivirladim. Nima deganimni o'zim tushunganim yo'q, lekin.
-Bo'ldi! - dedim shart o'rnimdan turib, - barchasini to'g'ri bajardim, buyog'iga javob bermayman. Endi keta qolay!
-To'xta! Tirilishmasa, shu yerga seni ko'maman. Men bilan kutasan! - Kim Suk Jin qo'limdan ushlab yoniga o'tqazdi.

Jodugarligimni bilishimdan avvalgi 20 yil ichidagi sokin hayotimni qumsab, Namjunni uchratgan kunimga yana bir bora la'nat o'qib uning yoniga o'tirdim. SHu yerga dafn etilaman, chog'i.
Ikkimizning vujudimiz quloqqa aylanib pusayib o'tiribmiz. Suk Jin menga mamnun boqib qo'ydi-dam o'rnidan turib suyaklar sari yurdi. O'sha yerda ancha kutdi. Kutilgan xodisa yuz bermadi, shekilli joduni qayta-qayta o'qitdi. Tonggacha aytganini qildim. Ammo u orzu qilgan tirilish sahnasi yuz bermadi. Bermaydiyam. O'qigan barcha kitoblarimda jodularning qo'lidan hamma narsa keladi, biroq tuyg'ular va o'lim bundan mustasno deyilgan. Rost ekan. Suk Jin avvaliga uzoq vaqt ko'z yosh to'kdi. Keyin jahl otiga minib qarshimda paydo bo'ldi:
-O'zing istamayapsan buni! Aldading! Senga ishonib onangni qo'yib yuborgandim, jodugalar, hammang bir go'rsan! - shunaqa deya u meni orqaga turtib yubordi. Boshim bilan qattiq toshga yiqilganimni bilaman, so'ng xushimni yo'qotibman.

V bo'lim | 3-qism
XALOS ETILGAN UMR
Ertasiga ertalab ko'zlarimni ochganimda o'z uyimda, to'shagimda yotardim. Oyim peshonamga paxta bosyapti.
-Hayriyat, turding, qizim, - yuzimdan o'pdi oyim, - tuni bilan alahlab chiqding. Kecha yarim tunda bir kishi olib keldi. Bekatda xushingdan ketib yiqilgan ekansan, senga yordam berib shifoxonaga olib boribdi. So'ngra uyga keltirdi, baraka topgur. Men esa telefoningga tusha olmay, jonim halak o'tirgan edim.
-Qanaqa kishi? - dedim alanglab. Kechasi ko'rganlarim tushmidi, degan hayolga ham bordim.
-Novcha, ozg'in bir kishi.
-Voy... - o'rnimdan turib ketdim, - demak, tush emas!
-Nima?
-Ha, yo'q... yomon tush ko'ribman. Boshim garang, oyi.
-Boshing bilan tushibsan-da. Haligi kishi senga xat qoldirdi.
Maktub qisqagina edi.
Kim Suk Jin."
Bir kun o'rnimdan turolmay yotdim. Bedorlik tufayli majolim qolmagan, loxas edim. O'zimga kelganimdan so'ng o'z onamga sim qoqdim. Uyida tinch omon o'tirganini bilgach, ko'nglim joyiga tushdi. Ammo onam mendan havotirda edi.
-Sehr kuchingni olib qo'yadi, ayniqsa, tabiatga xilof bo'lgan jodular... O'zingni asra. Endi bunday holatlardan nari bo'lgin, qizim. Ma'n etilgan ishlarni bajarsang, ajdodlar ruhi bezovta bo'ladi. Oqibatda sehringni yo'qotishing mumkun.
Ammo men yana Namjoon haqida o'ylay boshlagandim. Suk Jin aytgandek, bir tomchi qon yetarli bo'lsa, uni oddiy insonlar qatoriga qaytara olaman. Namjunni qayerdan izlash haqida o'ylab yurgan kunlarim Kim Suk Jin yana qarshimda paydo bo'ldi.
-Salom, Jisoo! - bu safar qo'li ko'ksida qarshi oldi u, - salomatmisiz, o'qishlar bilan charchamayapsizmi?
-Tuzuk, rahmat.
-Sizga bir iltimos bilan keldim. O'tgan safar xato qildim, buni bilaman. Tabiatan serjahlmanda o'zi...
-O'limtopmas sehridan halos bo'lishni istasangiz, tezroq ishga kirishaylik, - dedim uning maqsadini anglab.
-Aqllisiz-da, Jisoo, va'da qilganimdek, xaqingizni beraman.
-Xizmat haqi kerak emas. Shu pullaringizni nochor va yetimlarga ulashing va menga berdim deb xisoblayvering.
-Ha... chindanam boshqa jodugarlarga o'xshamaysiz. Bilasizmi, onangizning daragini topib berish uchun bir yuyechji jodugarga boyligimni uchdan birini berishga to'g'ri kelgandi. Istaganingizni bajaraman, bundan ko'nglingiz xotirjam bo'lsin!

Mashinaga o'tirdik. Oddiy ichimlik to'ldirilgan qadahga qarata o'limtopmas sehrini yechuvchi yangi duoni o'qidim. U kitobchada yozilgan edi. So'ngra unga qon tomizdim. Hammasi to'g'ri bajarildi.
-Xayr, abadiy hayot! - Suk Jin aka uni sipqordi.
Biz bir oz jim turdik.
-O'lmasligimni qanday bilaman endi? - so'radi u.
-Kutish shart emasdir, - u qo'njidan pichoqni chiqarib bilagini tildi.
-Bitib ketmayapti, hatto og'riyapti... avval bir zumda bitib qolardi jaroxatlarim. Hatto yurakka qadalgan xanjarlar tig'i ham soniyalarda o'z o'rniga qaytardi. Ana, bitmayapti! - xursand bo'ldi u.
-Unday bo'lsa yaxshi. Men boray, boshim aylanyapti.
-Eltib qo'yaman, - tashqarida kutib turgan xaydovchini imladi, - ketdik!
-Sizdan o'la-o'lguncha minnatdorman, Jisoo!
U meni borguncha alqab ketdi, biroq hech nimani eshitmas, boshim g'uvullardi.
Uyga kira solib, o'zimni to'shakka tashladim. Uch kun uyqisirab yotdim. Oyim "Senga nimadir bo'lgan" deb shifokor chaqirmoqchi ham bo'ldi. Ko'nmadim.
-Hammasi joyida, ilmiy ishim sillamni quritdi. Dam olsam o'tib ketadi, oyi...
-Ilmiy ishing ham bor bo'lsin, o'zingni avaylaginda!

Kim Suk Jin deganlari shundan keyin ko'rinmadi. Endi bemalol Namjoon haqida o'ylasam bo'ladi. Ammo, uni qayerdan va qanday topishni bilmasdim. Menda biror buyumi yo'q-ki, sehr bilan izlasam. Shu paytgacha yashagan manzillarini ham to'liq bilmayman, birma-bir qidiray desam. Bir ko'nglim Kim Suk Jindan maslahat so'ray dedim. Balki u Namjoonni tanir. Tavakkal deb u qoldirib ketgan raqamga qo'ng'iroq qildim.
-Sizga o'xshab jodulangan yigit bor, ismi Namjoon, bilasizmi uni, janob Suk Jin? - dedim salom-alikdan so'ng.

-Namjun haqida eshitganman, ammo uchrashmaganmiz. Mendan ancha keksa yigit edi. Ko'p ko'chib yuradi, qayerdaligini bilmayman. Agar juda zarur desangiz, yaxudiy bir jodugarni taniyman. Aytgandim-ku, onangizni topib bergan, deb. U buyumlar bo'lmasa ham har kimni topa oladi.
-Qayerda yashaydi u?
-Yaponiyada. Harajatini o'ylamang, olib borib kelaman.
-Yaxshi, o'ylab ko'raychi

O'zimga o'xshagan jodugarlar bilan tanish emasman. Demak, kuchli sehrgan ekanda. Namjoonni o'zim topsam, ish yengilashardi. Chorasiz o'rnimga cho'zildim. Shiftga termildim. Bir payt ko'zlarim xonamdagi javon tepasida turgan mis choynakka tushdi! Nega burnimning tagida turgan bu buyumga e'tibor qilmadim?
Axir buni Namjun menga sovg'a qilgan edi. Demak... uni topa olaman!
Tong otishini kutdim. Ungacha ko'zimga uyqu kelmadi. Quyosh nurlari atrofga tarala boshlagach, darhol ishga kirishdim. Choynakni mahkam ushlab ko'zlarimni yumdim. Lablarim pichirlagan duodan so'ng hayollar meni olislarga eltdi.
Namjoon... uni ko'ryapman. Bir nimalarni yozib o'tiribdi. Kundaligi bo'lsa kerak. Yonida bir qiz. U jurnal o'qib o'tiribdi. Shinam xona. Ammo qayer? Hayollarimni deraza taraf burdim. Tashqarida dengiz mavjlanib turardi. Belgi izlay boshladim. Ko'p o'tmay topdim ham: plyajdagi tamaddixonalardan biriga "Jaddebostan" deb yozilganini sezdim. Ko'zlarimni ochdim.
Jodugar bo'lsam-da bu nomning nimaligini aniqlolmadim. Shunda davrimiz mo'jizasi Internetga murojat qildim. Ikki soniyadayoq manzilni topdim. "Jaddebostan" nomli play faqatgina Istanbulda joylashgan emish. Suratlarini ham tomosha qildim. Marmar dengiz qirg'oqlarida joylashgan, juda go'zal joy ekan. U yerga aeroportdan taksi yollasam bas, bir zumda yetib olaman! Ungacha Namjoon joyidan jilmay dengiz manzaralaridan bahra olib tinchgina o'tirsa bo'ldi.
Nachora, erta tongdan Kim Suk Jindan pul so'rashga to'g'ri keldi. Bir necha bor pulingiz kerakmas, deb aytgandan keyin so'rash noqulay bo'larkan. Boshqa iloj yo'q, chet elga chiqib qaytish uchun mablag'im yetarli emas. Kim Suk Jin iltimosimni eshitib, bajonidil rozi bo'ldi.
-Xaydovchim eltib beradi. O'zimning sal mazam yo'q. To'rt yuz yildan beri kasal bo'lmagandim, g'alati bo'larkan.
Unga sog'ayib ketishini tilab hayrlashdim.
Oyimga esa bir-ikki kunga ilmiy ishim yuzasidan yana Daegu shaxriga ketayotganimni ayta qoldim...