September 7

JODUGAR 🌀 | #BAHROMIDDIN 🍃

VII boʻlim 🫀 | @Kim_Tae_Oh 🌾

VII bo'lim | 1-qism
RUHONIYLAR QAMALI

Onamning xonasiga kirib, javondan duch kelgan ro'molini oldim va asta uydan chiqib ketdim. Tinchroq joydagi o'rindiqqa o'tirib, ko'zlarimni yumdim. Negadir hammayoq qorong'i edi. Harchand urinmay, biror yorug'lik topolmadim. Bir sas eshitilmaydi. Bir payt sharq etib eshik ochildi. Tashqaridan yorug'lik tushdi, uzun qora kiyim kiygan bir kishi ko'rindi. G'ira-shirada bu yer yerto'la ekanini payqadim. Ana, onam! Bir burchakda behush yotardi. Haligi kishi onamga nazar tashladi va chiqib ketdi. Yana zimiston cho'kdi.
Ko'zlarimni ochdim. Afsuski, u yerda hech qanday belgi ko'rinmadi. Endi nima qildim, onamni qayerdan izlay? Boyagi kishini ham umuman tanimadim. Oxirgi ilinjim Namjoon bilan maslahatlashish edi. U menga yordam berishiga ich-ichimdan umid qilib, unga sim qoqdim.
-Namjoon! Menga yordamingiz kerak, - shunday deb bor bo'lgan voqeani so'zlab berdim.
-Tushundim. Ularning kimligini payqagandekman... Mayli, bugun yetib boraman. So'ng birga izlaymiz, havotir olmang, albatta topamiz.
Namjoonning gapidan so'ng ko'nglim tinchidi. Oyimga qo'ng'iroq qilib, Daeguda yana bir necha kun qolishimni aytib qo'ydim. Namjoonni aeroport tashqarisida kutib olganimdan keyin tinchroq qahvaxonaga kirdik.
-Ayting, taniysizmi ularni?! Onamda nima qasdlari bor? Yoki men tufaylimi? - savollarni yog'dirdim unga.
-Avvalo, o'zingizni bosing. Ular anchadan beri yo'qolib ketganiga sizga aytmagandim ham. Yana paydo bo'lishibdi-da. Onangizni qayerdan topishgan, hayronman.
-Kim ular?
-Ruhoniylar. Ular ham ming yillardan beri bor. Ajdodlari g'arbga borib taqaladi. Qora libosli bo'lishsa, demak o'shalar. Lekin Osiyo tomonlarda yo'qolib ketgandilar. Balki izlab kelishgandir...
-Kimni?
-Jodugarlarni. Ular hamisha jodugarlarga qarshi kurashib kelishgan. Izma-iz ta'qib qilib yurishadi. Jodugarlar ularni "ovchi" deb atashardi. Avloddan-avlodga o'tadi bu ovchilik. Shuning uchun jodugarlar avlodi qirilib ketgandi. Bori ham shulardan yashirinib oddiy odam bo'lib ketishgan. Lekin yaqin yuz yil ichida ular haqida biror xabar eshitmagandim.
-Ularni nima qasdi bor bizda?
-Ruhoniylar sehru amalga qarshi bo'lib kelishgan. Qadim zamonlarda ham jodugarlarni gulxanda yoqishgan. Bu odat uzoq davom etdi. Hozirgi paytga kelib esa yashirincha bajariladi. Aslida bunga o'tmishdagi bir voqea sabab. Qadimda bir ruhoniyning o'g'li va jodugarning qizi bir-biriga ko'ngil qo'yadi. Biroq bu taqiqlangan munosabat edi. Dindor oila jodugar qizni oilasiga qabul qilishni istamadi. Ruhoniylar bundan xabar topib, o'sha qizni hammaning ko'z oldida toshbo'ron qildirishdi. Shundan keyin ikki oila o'rtasida urush chiqadi. Jodugarlar ularni turli amallar bilan azoblashadi. Ruhoniylar esa ularga qarshi turish uchun o'zlariga ximoya qobig'i yaratganlar. Shu-shu adovat avloddan-avlodga o'tib, to shu kungacha davom etib kelmoqda
-Ular... onamni nima qilishadi? - qo'rqqan savolimni berdim.
U javob bermadi.
-Qayerdan izlaymiz endi!?
-Shaharda yerto'lalar ko'p. Ayniqsa, qadimiy va xilvat yerlarni ruhoniylar makon qilishadi. Darak topsam, sizga xabar qilaman. Siz esa damingizni oling, Jisoo. Ularga qarshi kurashish uchun kuch yig'ishingiz kerak bo'ladi. Oson bo'lmaydi onangizni qutqarish. Puxta reja tuzishimiz darkor. Shu yaqin atrofdagi mehmonxonaga joylashing. Men ketdim, unda.
-Mayli...
Namjun ketgach, bir muddat garangsirab turib qoldim. Mehmonxonada jimgina kutolmasligim aniq. Namjun butun shaharni kezib chiqquncha bir nima qilishim kerak-ku? Vaqt ketyapti... Biror xabar bo'lmadimikin, deb onamning uyiga bordim. Uyda amakidan boshqa hech kim yo'q edi.
-Biror dalil topilmadimi? - so'radim umid bilan.
-Militsiya bosqinchilardan tushib qolgan sovuq qurol topib olib ketdi. Endi u kimga tegishli ekanini aniqlasharmish... ishqilib tezroq topishsin.
Bu ayni muddao edi. Hovliqqancha militsiya boshqarmasiga bordim. Bu ish bilan kim shug'ullanayotganini aniqlab, u bilan ko'rishdim.

-Bosqinchilarning qurolini ko'rmoqchi edim, - dedim maqsadga ko'chib - bir tanishim qurollarni yaxshi farqlaydi...
Militsiya xodimi meni kichik xonaga olib kirdi.
-O'tiring, - dedi u ish kursisiga joylashib. So'ngra tortmadan yupqa sellofan haltaga o'ralgan qurolni oldi: u tishli xanjar edi.
-Barmoq izlarini aniqlashimiz kerak, ammo dalil birovga berilmaydi. Mumkin emas. Iloji bo'lsa, o'zi kelib ko'rib bersa yaxshi bo'lardi.
Qurolni ushlab ko'rolmasam ularni topa olmayman. Bu yolg'onim o'tmagach, joduni ishga solishga to'g'ri keldi. Uxlatuvchi duoni o'qidim. Tergovchi bir zumda o'tirgan joyida pinakka ketdi. Qurolni qo'limga oldim. Sellofanini yechishga xojat bo'lmadi. Darrov ko'z oldimda bir necha qora kiyingan odamlar gavdalandi. Kichik xonada xira lampochka nur sochardi. Ulardan bittasi o'rnidan turib tashqariga chiqdi. Tasvirlar uning ortidan bordi, demak u xanjarning egasi. Tor yo'lakli zinadan tepaga ko'tarildi va tashqariga chiqdi. Yon-verida hech qanday uy ham, biror zog' ham yo'q. Maydonning o'rtasidagi chala bitgan ko'p qavatli binoning yerto'lasida ekan onam. Belgi izlab uzoqlarga qaradim. Bir payt Tabo'tapga ko'zim tushgandek boldi. Uzoqligidan shu deb taxmin qildim.
Ko'zlarimni ochib, taksi yolladim. Bir kunda ortiqcha jodu ishlatganim uchun ko'zlarim tinib ketardi. Tabo'tab yodgorligiga kelib atrofni kuzatdim. Bir necha kilometr narida chindan ham baland binolar qurilishi boshlanib, to'xtab qolgan ekan. Hayriyat, topdim. Atrofga qorong'ulik yoyilgandi. Ishim oson kechadi. Qulf eshiklarni ochish cho't emas. Ruhoniylarni ham uxlatib qo'yaman va onamni olib chiqaman. Menga bas kelisha olmaydi!
Bino maydonida hech kim ko'rinmadi. Yerto'la eshigini topib borganimda u ichkaridan qulf edi. Oddiy sehr ishlatib ochdim. Asta kirib bordim. G'ung'ir tovushlar eshitilardi. Zinadan tushib asta xira nur sochayotgan kichik xonaga mo'raladim. U yerda ikki qora kiyimli odam gaplashib o'tirardi. Chap tomonlarida katta temir eshik. Onam shu yerda bo'lsa kerak xoyna-xoy. Ularning qarshisida paydo bo'lib, menga g'alati qaragan bosqinchilarga Uyqu chaqirar duosini bor kuchim bilan o'qidim. Bir, ikki soniya.... ammo ular uxlashmadi. Bir-biriga qarab kulib yubordi.
-O'lja ketidan o'lja! - kuldi ulardan biri - Duoni o'qishingga qaraganda sen ham jodugarsan! O'z oyog'i bilan kelganini qara, - u sherigiga imo qildi. - Qani, uni ham narigisining yoniga joylab qo'y-chi!
Uning sherigi, yoshroq yigit, menga qarab turdi-da, kattasiga murojat qildi:
-Balki jodugar emasdir? Adashib kirib...
-Oddiy odam bo'lsa, bizga qarab alambalo duosini o'qirmidi? U ahmoq jodugar! Bo'lmasa, ruhoniylarga hech qanday sehru jodu ta'sir qilmasligini bilgan bo'lardi. Mayli, hali yosh ekan, nachora, endi bilib oladi!
-Onamni olgani keldim! - dedim men ham tilga kirib, - qo'yib yuboringlar uni, sizga nima yomonlik qildi, ahir?
-Aybingiz jodugarlik bilan shug'ullanganingizda! Bu barcha dinlarda qoralanadi! Sizlarni jazolash esa bizni vazifa!
-Biz buni o'zimiz istamaganmiz, axir! Qondan o'tadi, peshonamizga yozilgan... Shunday bo'lsa-da birovga ziyon yetkazmaganmiz, yetkazmaymiz ham. Iltimos... bizni qo'yib yuboring!
-Sehri kor qilmagach yalinishga o'tdi! - kuldi kattasida - qani bo'l, dedim, Alik, uni qamab qo'y. Ortiqcha gap kerak emas. Akam kelsa, erta tongda ishga kirishamiz. Oxirgi yuz yilda erishilmagan katta natija bu! Niyohat, Osiyodagi so'nggi avlodni topishga musharraf bo'ldik! Keyin bemalol g'arbga qaytsak bo'ladi. Bo'laqol.
Yosh yigit o'rnidan turib menga yaqinlashdi. Qarshilik qilishning foydasi yo'qligini bilib, jim bo'ldim. U yonimga kelib ko'zlarimga tikilganda g'alati bo'lib ketdim. Ehtimol, moviy ko'zlarim g'ira-shira xonada boshqacha porlagani uchundir. U avaylab qo'llarimni boyladi-da, eshik sari "yuring" deb imo qildi. Beixtiyor aytganini bajardim. Temir eshikni ochib, meni kiritib yubordi. Xona zim-ziyo edi.

-Onajon! - dedim eshik yopilishi bilan.
-Jivu! - sal naridan onamning tovushi eshitildi. - Ey, xudo seni ham topib olishdimi! Xudodan sening tinchligingni so'rab o'tirgandim. Men o'lib ketsam ham omon bo'lgin, degandim! Nahot, zorlarim Yaratganga yetib bormagan bo'lsa?
-Tinchlaning ona... Asli sizni qutqarish uchun kelgandim. O'zimga ortiqcha ishonibman. Ularga kuchim yetmadi.
-Ruhoniylarga jodu ta'sir qilmaydi. Shuning uchun ajdodlarimiz hamisha ko'chib yurishgan, biror yerda muqim joy qilishmagan. Doim ruhoniylardan yashirinishgan. Nega bu haqda avval seni ogohlantirmadim-a?
-Ular bizni nima qilishadi, ona? - so'radim cho'chib, - chindan ham olovda kuydirishadimi?
-Taxminim shu. Keyin Tae Young avlodidan hech kim qolmaydi...
Ikkimiz ham jim qoldik. Bir-birimizga suyangancha karaxt o'tirardik. Namjun! Nega bu yerga kelganimni unga aytib qo'ymadim. U bizni topa olarmikin? Topganda ham bularga qarshi nima qilolardi?

T.me/kim_tae_oh

VII bo'lim | 2-qism
KUTILMAGAN KO'MAK
Oradan ancha vaqt o'tgandek tuyuldi. Tong otdimi, yo'qmi, bilolmasdik. Bir payt eshik ohista ochildi. Sharpa ko'rindi.
-Qo'rqmanglar, - dedi u wshikni katta ochib, tashqariga imlarkan - bo'linglar, chiqinglar!
Onam bilan qo'l ushlashgancha shoshib zinadondan chiqdik. Haloskorimiz Namjoon deb kutgandim, biroq u haligi yosh ruhoniy yigit edi.
-Amakilarim tashqarida, o'tin uchun ketishgan. Vaqtimiz juda kam, sekin tashqariga chiqib ovoz chiqarmay maydondan chiqib ketinglar. Katta yo'lga chiqsangiz, mashina ko'p.
Onam qo'limdan sudragancha zina tomon shoshiltirdi. Men esa yigitga hayron bo'lib boqdim.
-Nima uchun? - deb so'radim undan.
U jilmaydi. So'ng asta pichirladi.
-Sababini keyin, agar ko'risha olsak aytaman, - u shoshgancha qo'limga qog'ozcha tutqizdi.
-Rahmat...
Onamning ortidan ergashdim. Zinadan ko'tarilib, tashqariga mo'raladik. Hammayoq tinch va nim qorong'i edi. Birin-ketin yerto'ladan chiqib, asta qadam bosgancha qurulish maydonidan chiqib keta boshladik. Bir payt qadam ovozlari eshitilib, taqqa to'xtadik. Tovush qayerdan kelayotganini bilolmay, alangladik. Birdan kimdir og'zimni yopib, yerga engashtirdi.
-Jim! - dedi qulog'imga.
Onamga ham "tsss", deb meni o'ziga qaratdi. Bu Namjoon edi!
-Bizni qanday?.. - gapimni tugatolmadim.
-Ular shu atrofda, jim! Manavi beton orqasida yashirinib turinglar. Men ularni chalg'itib nariga olib ketaman. Keyin katta yo'lga qarab chopinglar va taksi ushlab to'g'ri avtoshoxbekatga boring. U yerdan Seulgacha yo'lovchi mashinada ketinglar. Tongda ular aeroport va vokzallarni tintishi aniq.
-Sizchi, Namjoon?
-Qo'rqmang, men o'lmayman. Seulda sizlarni o'zim topaman. Bo'ldi, ketdim!
U shunday deb bizdan uzoqlashdi. Biroz o'tib baland ovozda gapirgani eshitildi:
-Chekishdan bormi, akalar?
Aftidan ruhoniylar ishlarini bajarib qaytishayotgandi. Agar yerto'laga tushsalar, bizni yo'qligimizni sezib, izlashga tushishadi. Haligi yigit ham baloga qolsa kerak... Vaqtimiz kam. Namjoon ular bilan bir nimalarni tortisha ketdi. So'ng uzoqqa qochganini payqadim, ruhoniylar uning ortidan quvishdi.
-Ketdik! - dedim onamga. Ikkimiz jon-jahdimiz bilan yugurardik. Katta yo'lga chiqqunimizcha o'n daqiqa o'tdi. Ortimizga qarab hech kim kelmayotganini payqagach, mashinaga qo'l ko'tardim. Viloyatlar aro qatnovchi taksilar turargohiga keldik, bir mashina yollab darhol yo'lga chiqdik. Ikki baravar to'lashimizni eshitgan haydovchi ham boshqa odam kutmay gazni bosdi.
-Taegun amaking... - birdan onam havotirga tushdi.
-Qo'rqmang, u kishiga hech nima bo'lmagan, uyda edilar.
-Militsiya uyni nazorat qilayapti, kela olishmaydi, axir ular qidirilmoqda. Baribir uyga borishmaydi! Namjoon aytganidek, bizni uzoqqa ketishimizni bilishadi. Seulga yetib olgach, qo'ng'iroqlashib tinch ekaningizni aytasiz.
-Yaxshi...
Mashina uyimgacha eltib qo'ydi. Oyim bizni hayron bo'lib kutib oldilar. Ust-boshimizgacha chang tekkan, sochlarimiz to'zg'igan ekanini endi payqadim.
-Bu sizga tanishtirmoqchi bo'lgan... onam, - dedim ularga qarata, - shu deng, Daeguda chang to'zon ko'tarilib yo'lda rosa qiynaldik. Shuning uchun...
-Voy, o'rgilay, hush kelibsiz, - oyim onamga quchoq ochdi, - ancha horibsizlarda, qani o'tiringlar. Hozir vannani hozirlayman, Jivu sen choy damlab yuborgin!
-Urinmang, - iymangdi onam.
Yuvinib olgach, tin olib choy ustida ikki onam suhbatga kirishib ketishdi. Taegun amakimga qo'ng'iroq qilib, ularning ko'nglini tinchitdim. Ammo qayerda ekanimizni aytmadim. Namjoonning telefoni esa o'chiq edi. Shu payt boyagi qog'ozcha esimga tushdi. Uni shosha-pisha cho'ntakka solgandim. Ochsam, telefon raqam turibdi. O'sha yigitniki bo'lsa kerak. Biroq qo'ng'iroq qilishga qo'rqdim, zo'rg'a kutulganimizda yana topib olishlari mumkunligini o'yladim.
Nihoyat, ikki kun o'tib Namjoon qo'ng'iroq qildi.
-Uyingiz yonidaman!

Tashqariga chiqib, o'rindiqda o'tirgan Namjoon tomon chopdim.
-Sog'misiz ishqilib?
-Ko'rib turganizdek! Bir necha marta o'lib, qayta tirilganimni aytmasa... sog'man.
-Ular sizni qiynagandir?.. Kechiring, ayb menda, ogohlantirmay o'zboshimchalik qildim. Siz topa olishingizga ishonmadim...
-Shunaqaligingiz chatoqda, Jisu! Ahir ming yildan beri kerakli odamlarni izlayverib ayg'oqchi bo'lib ketganman. Ular yashiringan joyni topgandim. U yerga mendan avval kirganingizni ko'rib qoldim-u, tashqarida kutdim. Ikkitasi chiqib ketgach, ichkariga kirib sizlarni kuzatmoqchi edim. Ammo o'zlaringiz chiqdingiz.
-Ha, uchunchisi bigza yordam berdi.
-Ammo nega? - hayron bo'lib so'radi.
-Bilmadim, yaxshi yigit ekanda...
-Shunday deng... yaxshigina tanishib olgan ko'rinasizlar.
-Albatta, hatto telefon raqamini berdi.
-Jisu, dushmanlarga ishonib bo'lmaydi. Ming yillardan beri davom etayotgan bu nizolar, chiroyli tabassum-u, shirin so'zlar bilan o'nglanib ketmaydi.
-Hech kimga ishonmasizda, Namjoon! Alik boshqalarga o'xshamasligini payqadim.
-Ismini ham bilib oldim, deng - o'rnidan turdi Namjoon, - zinhor u bilan gaplashib o'tirmang. Tajribamdan kelib chiqib aytyapman. Siz hali yoshsiz!
-Yoshsiz, deb odamni buncha go'lga chiqarasiz! Buni o'zim hal qilaman!
Namjun bilan tortishuvimiz oxiri mening arazlab uyga kirib ketishim va uning qo'l siltab ketishi bilan yakunladi...

VII bo'lim | 2-qism | Kutilmagan ko'mak
O'z nixoyasiga yetdi.
Keyingi qismlar:
VII bo'lim, 3-qism | O'zgacha tuyg'ular
VIII bo'lim, 1-qism | Niqob
VIII bo'lim, 2-qism | Xaloskorim
VIII bo'lim, 3-qism | "Men Tae Youngman!"
Final qism | Yangi hayot

VII bo'lim | 3-qism
O'ZGACHA TUYG'ULAR
Shu suhbat tufayli ham o'sha kecha u bergan raqamga qo'ng'iroq qildim.
-Allo... bu Alikmi?
-Shunday, siz... - u biroz sukud saqladi, - siz o'shami?
-O'sha, o'sha - kulib yubordim. - Siz ham ko'p kitob o'qigan ko'rinasiz.
-Qo'ng'iroq qilishingizni o'sha kundan beri poylab telefonimni quchoqlab yotibman. Qochish operatsiyasi yaxshi o'tdimi? Hozir tinchmisizlar?
-Ha, tuzuk. Bizni izlashyaptimi?
-Ha, boshqa yerdamiz.
-Qayerda?
Javob berishga ikkilanib qoldim.
-Mayli, aytishingiz shartmas. Ishonmasangiz... - uning ranj ohangda gapirishidan noqulay bo'ldim. Agar bizga qasdi bo'lsa qo'yib yubormasdi-ku?
-Sizga ishondim: Seuldamiz.
-Juda yaxshi. Unday bo'lsa ertaga yoningizda bo'laman.
-Qo'rqmang, ular sezishmaydi. O'zim Seulda yashayman. Bularning telbanamo qidiruvlari jonimga tegdi. Uyim va ish joyimga qaytishim kerak. Shundog'am bir haftadan beri Daeguga chaqirtirib olib, miyamga alambalo gaplarni quyib o'tirishibdi!
-Siz ham ruhoniylar avlodidanmisiz?
-Keling, barchasini uchrashganimizda aytib beraman. Ertagacha...
Aloqa uzildi. Ertaga bo'lguncha uxlolmadim. Alik boshqalarga o'xshamasdi. Namjunning tanbehlaridan bezor bo'ldim shekilli, uning chapani so'zlari qulog'imga yoqdi.
Ertasi tushlik mahal onalarimga ishim borligini aytib ko'chaga chiqdim. Chunki Alik qo'ng'iroq qilib uchrashuv vaqti va joyini aytgandi. Balki bu tuzoqdir, degan fikr ham hayolimdan lip etib o'tdi. Lekin nimadir meni tavakkal qilib o'sha yerga borishga undardi. Bu ko'ngil ekanini avvaliga sezmadim...
Xiyobonda meni kutib turgan yigitning ko'zlaridan tanidim. Yerto'lada yaxshi ko'ra olmagandim. Uning sochlari jingalak va malla, ko'zlari dengizdek tovlanar, oq yuzli kelishgan yigit edi. Salomlashdik.
-Juda go'zal ekansiz, - dedi u meni muzqayomoq sotilayotgan qahvaxonaga boshlab, - havo isib ketdi, muzqaymoqqa nima deysiz?
Boshim bilan xo'p ishoraisni qildim. Negadir biyron tilim uning yonida aylanmay qoldi. So'zamol va xushchaqchaq ekan. Muzqaymoq yeb bo'lguncha u yoq-bu yoqdan gapirib odamni zeriktirmadi. Xuddi oddiy insonlardek, men jodugarligimni unutib, u ham ruhoniy emasdek, so'zlashib o'tirardik. Bu hol uzoq, hatto bir umr davom etishini istardim. Ammo Alik haqida bilishim kerak edi.
-Darvoqe, ismingizni bilmayman, - dedi bir payt u.
-Ji Woo, Ji Soo, hohlaganingiz bilan chaqiravering.
-Menga Ji Woo yoqdi. Jarangli ekan.
-O'zingiz haqda so'zlab bering...
-To'liq ismim Aleksandr, qisqacha Aleks deyishadi. Koreys tanishlarimga esa Al Lik deb tanitaman. Siz ham yoqqanini tanlayvering!
-Koreyscha bo'lsa, Alik-da - dedim.
-Xullas, shu Alik nima jin urib ruhoniylar sulolasida tug'ulib qolgan, - kulib davom etdi u, - aslida buni 20 yoshimgacha bilmasdim. Keyin bilsam, otam ruhoniy avlodidan bo'lgan ekan. Ammo bunday taqdirni istamay, vatandan ketgan va Koreyada qo'nim topgan ekan. Asl millatimiz slavyanlarga borib taqaladi. Otam shu yerda Koreys qiziga uylandi. Men tug'ildim. Oilada yakka farzandman. Yigirma yil oddiy insonlardek baxtiyor yashadik. Ammo ota-onamning avtohalokatda vafot etishi hayotimni birdan o'zgartirib yubordi. Meni izlab ikki amakim keldi... Ular meni vatanimizga qaytishga, ming yillardan beri davom etib kelayotgan ezgu ishimiz jodugarlarga qarshi kurashga chorlashdi. Bunday safsatalarga ishonmadim. Lekin bir-ikki bor boshqa mamlakatlarda haqiqiy jodugarlar bilan to'qnashgach, rostligiga amin bo'ldim. Xullas, amakilarim onda-sonda shunday ovga chaqirib turishadi. Yetti yildan beri shu ahvol. Bu taqdirdan qochib bo'lmas emish. Shunday bo'lsa-da, bu ish men uchun emas. Men oliy ma'lumotliman. Kecha ham ularga ortiq ovchilik qilish niyatim yo'qligi, meni tinch qo'yishlarini aytib keldim. Zora shu bilan meni unutishsa...
-Ammo bizni topishmaguncha bu yerlardan ketishmasa kerak? - dedim men.
-Buyog'ini o'ylab qo'yganman. Bir necha kundan keyin qo'ng'iroq qilib sizlarni xalqaro aeroportda chet elga uchib ketayotganingizni ko'rganimni aytaman. Ular mendan shubxalanishmaydi. Qarabsizki, yana jahongashtalik qilib yurishadi.

-Sizga ishonishadi, deb o'ylaysizmi? Nahotki, o'shanda qochib ketganimizda sizni ayblashmadi?
-Baxtimga, bir yigit paydo bo'lib ular bilan mushuk-sichqon o'ynadi. O'sha yigit qochirib yubordi, degan hayolda yurishibdi. Yerto'laga kirib kelishganda men ham o'zimni yarador holga solib yerda cho'zilib yotgan edim.
-Ha, Namjoon uning ismi.
-Chindanam tanishmiz, deng? Kim bo'ladi u sizga?
-Shunchaki... do'st desa ham bo'ladi.
-Ishqilib, undan yaiqn emasmi? - miyig'ida kuldi u, - tag'in kech qolgan bo'lmay?..
Ikki yuzim qizarganini sezib, yuzimni favvora tomon burdim.
-Keling, biroz sayr qilamiz, - dilimdagini o'qidi Alik, - yo'l-yo'lakay o'zingiz haqingizda so'zlab berasiz...
To kechgacha Alik bilan istiroxat bog'ini sayr qildik, atraksionlarda bolalarcha uchdik, qayiqqa mindik, suratlarga tushdik. Unga boshimdan kechirgan barcha voqealarni so'zlab berdim. U ham menga achindi: oddiy odamlardek yashashni istashimni bilib hayrihoh bo'ldi.
-Ikkimizning taqdirimiz juda o'xshash ekan! Bugungi uchrashuvimizdan so'ng sizni, xuddi bir umrlik qadrdonimdek his etyapman.
O'sha kun uyga qalbimda shirin hislar bilan qaytdim.
Oradan ikki oy vaqt o'tdi. Alik aytganidek, amakilari mamlakatdan chiqib ketishdi. Namjoon menga bildirmay ularni kuzatib yurgan ekan. Kuni kecha aeroportdan uchib ketishganini aytganida ko'nglim joyiga tushdi. Shundan so'ng onam ham oyimga juda uzoq mehmon qilgani uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi-da, Daeguga ketdi. Taegun amakim bilan har ehtimolga qarshi uylariga ko'chib ketishibdi. Namjoon bilan o'sha qisqa tortishuvimizdan so'ng gaplashmagandim. Shu bahona yarashib oldik. Unga Allik va uchrashuvlarimiz haqida aytmadim. Bilaman, baribir ma'qullamaydi. Bundan tashqari, bu shaxsiy ish. Shu oy ichida Allik bilan munosabatlarimiz jiddiy tus oldi. O'zim ham kutmagandim buni.
Bir kuni u to'satdan sevgi izhor qildi. Bir-birimizni o'rganib olishimizga bu fursat kam bo'lsa-da, rad etolmadim. O'sha birinchi bor uchratgan kunimizdayoq yuraklarimizda nimadir lov etgani rost. Muhabbat degan tuyg'u shumikin? Uni bir kun ko'rmasam turolmasdim. U ishdan so'ng besh daqiqaga bo'lsa-da, meni ko'rmay uyiga ketmasdi. Dam olish kunlari esa doim birga edik. Quvnoq kayfiyatimni oyim payqadi.
-Bir insonni uchratdim, oyi - dedim ularga - Sizlarni bir kuni tanishtiraman, albatta sizga yoqadi...
Oyim muhabbatimga qarshilik qilmaydi. Shundoq ham baxtim ochilmayotganiga o'zlarini aybdor sanardilar. Shu kundan e'tiboran sarpo yig'ishga tushib ketdilar. Biroq men turmush qurish haqida hali o'ylamasdim. Birinchida, Allik bu haqda so'z ochganicha yo'q. Ikkinchidan esa oila qurishga qo'rqaman. Chunki biz dushman sulola vakillarimiz. Bu nikoh o'rtadagi adovatni yanada kuchaytirib tashlashi turgan gap...
Xullas, oxirini o'ylamay sevgi hislaridan mast yurardim.
Keyingi qismlar:
VIII bo'lim, 1-qism | Niqob
VIII bo'lim, 2-qism | Xaloskorim
VIII bo'lim, 3-qism | "Men Tae Youngman!"
IX bo'lim, Final qism | Yangi hayot