June 15

JOZIBALI SEVGI...🍓 | 3-mavsum, 10-qism 🍃

"Uzoqlar yaqin, ammo yuraklar uzoq" ☄️

Noyabr.
Shahar ustida shamollar ko‘tarilib, daraxtlarning oxirgi barglari ham yer bilan vidolasha boshlagan, ko‘k yuzida xira bulutlar kezib yurgan sokin kunlar edi... Ammo Taeoh uchun bu sokinlikning o‘zi ham ichki olamida yuz berayotgan to‘fonni to'xtata olmasdi. 🌪

Park Armin bilan munosabatlari tobora chuqurlashib borardi. Har tong bir-biriga yuborilgan ovozli xabarlar, tunda esa uzoq davom etadigan videoqo‘ng‘iroqlar...🕊

Bu ikki yurak orasidagi masofa minglab kilometr bo‘lsa-da, birgina "yozishma" bilan masofa yo‘qdek tuyulardi. Armin har gal: "Bugun qanday kun o‘tdi?" deb so‘rardi, Taeoh esa har safar asta jilmayib, shunchaki "Yaxshi" deb javob berish o'rniga o'z kuni haqida ishtiyoq bilan so'zlab berardi.
Chunki u o'qib yurgan dargoxda har kun ajoyib va unutilmas o'tardi...🌙

_ _ _

Taeoh uchun Noyabr oyi juda muhim edi. O‘qituvchilardan maksimal — 30 ball olish orzusi bilan u har bir darsga puxta tayyorlanardi. Har bir fan, har bir topshiriq — unga go‘yoki musobaqadek tuyulardi. Va mehnati samarasiz ketmadi. Dekabr ostonasida, u barcha 8 ta fanlar bo‘yicha to‘liq 30 ballni qo‘lga kiritdi. Qahramon kabi o‘zini his qilgan holatda u bamayli xotirjam edi...🌟

_ _ _

Ingliz tili darsida u, Suhon va uch nafar qiz bilan bir guruhga tushdi. Ularga Rossiya haqida sahna ko‘rinishini tayyorlash topshirildi. Tayyorlanish jarayoni ko‘p vaqt oldi. Ammo yakuniy chiqish... u mukammal bo‘ldi. Taeoh o‘rtaga chiqib, rus tilida bog‘langan kichik she’rlar bilan boshladi va yakunda rus tilida chiroyli kuylagan qo‘shig'i bilan hammani lol qoldirdi. O‘qituvchi ularning chiqishidan zavqlanib, faqat shu jamoaga to‘liq 15 ball berdi. Qolganlar esa jim turishdan boshqa iloj topa olmadilar. Chunki hech kim 15 balni qo'lga kirita olmagan edi bu topshiriqda...😍

_ _ _

Ammo o‘sha kuni yana Jisoo... U darsdan chiqib Taeohning orqasidan yetib keldi va:
— Taeoh, bir iltimos bor... menga bu mavzuni tushuntirib bera olasizmi? — dedi, biroz xijolat bilan.😊

Taeoh ichida turli tuyg‘ular galasi uyg‘ondi. Ammo baribir yordam berdi. Hatto o‘z konspektini ham berib qo‘ydi. Natijada, Jisoo 12 ball oldi ustozdan. So'ng:
— Yana bir marta rahmat, — dedi u jilmayib.🍓

Dekabr. Sessiyaga tayyorgarlik...

Hammasi o‘zgarib ketdi. Endi Park Armin bilan har kungi suhbatlar qisqarib, hatto ayrim kunlar umuman bo‘lmay ham qolardi. Taeohning diqqat markazida faqat o‘qish edi. Armin esa bu o‘zgarishni sezdi. Sezdi va sukut saqlolmadi.

— Menga vaqt ajrata olmayapsiz, — deb yozdi bir kuni.🙁

— Sessiya yaqin, — deb javob berdi Taeoh qisqacha.🍃

— Bilaman..., — dedi Armin, biroz xafa ohangda.

Shundan keyin yozishmalarda g‘alati sovuqlik sezila boshladi. Armin har gal injiqlik qilardi. Taeoh esa kimdir o'zgarsa darrov payqaydi. Qiz avvalgidek muloyim, kuladigan, xushchaqchaq Park Armin emasdek ko‘rinar, xuddi sog‘inch va ranjish orasida qolib ketgandek tuyulardi.💕

Taeoh esa bu injiqliklardan charchab borardi. Har gal yangi bahona, har gal so‘roq-savollar. U har gal o‘zini majburan "tushunaman" deyishga o‘rgatardi, ammo ich-ichida... yuragining eng chuqur qatlamida "Yetar. Yetar endi," degan bir ovoz bor edi.

Bir kuni o'qishda, devor oldida turib, Jisooning yurgan yo‘ldan ko‘z uzmay turgan holda o‘ziga shunday dedi:

— Men uni sevmayman. Men Park Arminni hech qachon sevmaganman. Men uni qadrlayman, hurmat qilaman. Ammo sevgi? Yo‘q... uni emas, hanuzgacha Jisooni sevaman. Uni ko‘rganimda yuragim tebranadi, nigohim tushganda — ichimda nimadir silkinadi. Armin esa... mehrga loyiq, betakror qiz, ammo yuragim — u boshqaga tegishli.✨

Taeoh Armin bilan munosabat qurib, Jisooni unutaman deb o'ylagan edi. Lekin afsuski, yurak ipidan ignasigacha Jisooga bog'lanib bo'lgandi...🕊

Shu fikrlar bilan u telefonini oldi. Arminning yozgan xabariga qaradi. Javob yozmadi Taeoh. Endilikda u bir qarorga kelishi kerak edi. Ammo bu qaror... ikki yurakning taqdirini o‘zgartirardi...🍃