JOZIBALI SEVGI...🍓 | 3-mavsum, 8-qism 🍃
Oktabr shahar ustiga o‘zining salqin nafasi bilan kirib keldi. Universitet hovlisi allaqachon kuz ranglariga burkangan, barglar yerga tushayotgan, havo esa sekin-sekin odamning ichiga kirib, fikrlarini sokinlashtirib borayotgan kunlar edi. Hamma asta-sekin darslarga sho‘ng‘ib ketdi. 71-guruhda esa yangi energiyalar, yangi kurashlar avjiga chiqmoqda edi. ✨
Suhon avvalgidan butunlay boshqa yigitga aylangandi. Endi u darslarda nafaqat faol ishtirok etar, balki o‘qituvchilarni savollari, darsga qatnashishi va tezkor javob berishi bilan hayratlantirar edi. Hatto Taeoh bilan bir qatorda bilim almashadigan, fikr yuritadigan darajaga yetgandi. Bu holat Taeohga yoqmasa ham, uni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undardi. "Nahotki u mendan o‘zib ketsa?" degan fikr har tong uyg‘onganida miyasi chetidan sirg‘alib o‘tardi. 😁
Ammo Taeoh ham bo‘sh kelmasdi. Har bir darsga tayyorlanar, har bir topshiriqqa jiddiy yondashardi. Shunga qaramay, ularning raqobati orasida yana bir shaxs bor edi – Bo Na Ra. 74-guruhdan kelgan bu qiz yigitlarga nisbatan anchayin intiluvchan va jiddiy edi. Har qanday vaziyatda, xato qilsa ham, yuzida uyalish emas, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq aks etardi. Har bir juftlik ishlarda, muhokamalarda faol qatnashardi. Na Taeoh, na Suhon hozircha u bilan raqobat qila olmasdi. U bir gala qushlar orasida uchib yurgan katta laylakdek ajralib turardi. 😒
Shu orada Suhonning qalbidagi sog‘inch to‘lqini yana bosh ko‘tardi. Uning yuragida joy olgan, hayotini bir muddat porlatgan, endi esa taqdir deb nomlangan qo‘pol kuch tomonidan undan tortib olingan qiz – Hona Chong endi bu yerda emasdi. Uning uydagilari ortiq qizlarini shaharda o‘qishini istashmadi. Yana ham og‘irgina gap – uni turmushga berishga qaror qilishgandi. To‘yi bo‘lib o‘tdi. To‘y arafasida Suhon bilan yozma tarzda, Telegram orqali vidolashdi. ❄️
O‘sha tun Suhon uchun oson kechmadi. Telefonidan kelgan oxirgi xabarni o‘qib, yotoqxonasining qorong‘u burchagida, boshini yostiqqa ko‘mib, so‘zsiz yig‘ladi. Har bir ko‘z yoshi bilan bir umrga yetadigan dardlar yuvilib tushgandek tuyulardi. Ammo o‘sha dard ichida yana ham yurakni qattiqroq siquvchi narsa bor edi — bo‘shliq. Taeoh bu holatni ko‘rib, unga qanday yordam berishni bilmasdi. Ammo yuragi unga bir narsani aytdi: "Ba'zida eng yaxshi tasalli — sukunat." Shunday bo‘ldi. U Suhonni yolg‘iz qoldirdi, ammo yurakda do‘stlik sukunat ichra ham qo‘llab-quvvatlashini aytdi. 🍂
Taeohning ichki dunyosi ham o‘zgacha kurash maydoniga aylangandi. U Jisoo haqida o‘ylamaslikka harakat qilar, ko‘zlarini undan olib qochar, ammo yuragi bu qaroriga doim xiyonat qilardi. Har gal Jisoo o‘z kanaliga yangi post joylasa, Taeoh reaksiyalarni qoldirmaslikka harakat qilardi. Ammo baribir barmoqlari o‘zidan ilgari harakatlanib ketardi. Har bir statusni o‘qigach, “Bu men haqimdami?” degan shirin, ammo noxush umid ichida bo‘g‘ilar, ammo birdan... o‘sha sovuq haqiqat uni qattiq qulatardi. “Bu kanalimdagi postlar hech kimga taaluqli emas.” Jisooning bu so‘zlari xuddi muhrdek bosilib qolgan edi yuragining eng chekkasiga. 🌺
Oktabrning salqin, bir oz shamolli kunlaridan birida, Taeoh o‘qishdan qaytayotganida, shahar anchayin sokin edi. Suhon esa Daegu shahriga — o‘zining do‘stining to‘yiga ketgan. Taeoh yo‘lda yurarkan, yuragidagi bo‘shliqni qandaydir yo‘l bilan to‘ldirmoqchi bo‘ldi. Shunda xayoliga Park Armin keldi. Telefonini chiqardi va video qo‘ng‘iroq qildi. Armin darhol javob berdi.🕊
Ekranda paydo bo‘lgan Arminning yuzi go‘yo quyoshda iliqlik topgandek edi. Ko‘zlari porlab qarardi. Suhbat ohangida esa qandaydir samimiyat, qandaydir yashirin va yurak ostida saqlangan sirlar aks etardi. Taeoh bu nigohlardan biroz hayratda edi. Ammo ko‘nglining bir chekkasida "U meni boshqacha yaxshi ko‘radi shekilli" degan fikr paydo bo‘la boshladi. Bu fikr hali yengil, hali chigal edi, ammo mavjud edi baribir. 🪐
Yarim soatlik qo‘ng‘iroq yakunida, ikkovi ham o‘zlarini qandaydir eng yaqin odam bilan dildan gaplashgandek his qilishdi. Kechga borib yana bir bor bog‘lanishdi. Bu safar mavzular har xil edi – hayot, bolalik xotiralari, orzular, hatto sevimli ichimliklar ham. Armin har gal kulganda, Taeoh ichida qandaydir to‘lqin sezardi. Va bu to‘lqin yengil bo‘lsa-da, yuragidagi devorlarni asta-sekin so‘yib kirayotgandek edi. 🎋
Tun cho‘kdi. Shahar yoritilgan chiroqlari bilan jimjimador tus olganida, Taeoh derazadan tashqariga qarab, xayolga cho‘mdi. Yuragida Jisoo nomli pichoqlar, Suhonning yurak dardi, Bo Na Ra bilan raqobat va... Arminning sokin, ammo yurakka yaqin nigohlari. O‘sha nigohlarda esa, Taeoh sezmasa ham, yangi bir hikoya boshlanayotgan edi...🪻