Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) tizimini joriy etish yuzasidan NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy taʼlim tashkilotlaridagi tyutorlarning talaba-yoshlarni
vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning shaxsiy
va kasbiy rivojlanishiga koʻmaklashish, taʼlim-tarbiya jarayonlariga moslashuvini
taʼminlash hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan faoliyati
samaradorligini baholash mexanizmlarini belgilaydi.
II. Baholash tizimining maqsadi
2. Baholash tizimining maqsadi – oliy taʼlim tashkilotlarida faoliyat olib
borayotgan tyutorlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oʻz kasbiga
sodiq, mehnatsevar va tashabbuskor tyutorlarni muntazam ragʻbatlantirish hamda
ularning ish faoliyati samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
III. Baholash yoʻnalishlari va mezonlari
3. Tyutorlar faoliyatining samaradorligi 100 ballik shkala boʻyicha quyidagi
yoʻnalishlarda baholanadi:
I. Normativ-huquqiy va ichki hujjatlardan xabardorligi hamda talabalar
oʻrtasida targʻib qilishi – 10 ball:
a) tyutorning amaldagi qonunchilik hujjatlari, oliy taʼlim tashkilotining
“Odob-axloq kodeksi”, ichki tartib-qoidalari va boshqa ichki hujjatlaridan
xabardorligi – 5 ball;
b) talabalarga amaldagi qonunchilik hujjatlari, oliy taʼlim tashkilotining
“Odob-axloq kodeksi”, ichki tartib-qoidalari va boshqa ichki hujjatlarining
tanishtirilganligi – 5 ball.
II. Talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini samarali tashkil
etish – 20 ball:
a) mavjud toʻgaraklar, Axborot resurs markazi haqida talabalarga maʼlumot
berilganligi hamda ularni jalb qilinganligi – 5 ball;
b) talabalarning shaxsiy va kasbiy qiziqishlarini rivojlantirishga qaratilgan
yakka va jamoaviy maslahatlar berilganligi – 4 ball;
c) talabalarni oliy taʼlim tashkiloti yaqinida joylashgan adabiyot, sport, sanʼat,
madaniyat va kasbga yoʻnaltiruvchi toʻgaraklarga jalb etilganligi – 5 ball;
d) talabalarning teatr, muzey va boshqa koʻngilochar maskanlarga tashriflarini
tashkil etilganligi – 6 ball.
III. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar, festivallar va olimpiadalarni
targʻib qilish hamda talabalarni jalb qilishdagi faollik – 16 ball:
a) madaniy, ilmiy-ijodiy, sport va boshqa maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar
(uchrashuv, davra suhbatlari)dagi faolligi va tashabbusi – 5 ball;
b) milliy bayramlar, muhim sana va tarixiy xotira kunlari munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlaridagi faolligi va tashabbusi – 6 ball;
c) tanlovlar, festivallar va olimpiadalarni targʻib qilish hamda talabalarni jalb qilishdagi faolligi – 5 ball.
IV. Huquqbuzarlik, giyohvandlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda talabalarni profilaktik tadbirlarga jalb qilishdagi faollik – 15 ball:
a) korrupsiya, giyohvandlik, psixotrop moddalar isteʼmoli, odam savdosi va boshqa illatlarni oldini olish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari olib borilganligi – 5 ball;
b) talabalarni huquqbuzarlik, giyohvandlik va jinoyatchilikni oldini olish tadbirlarida ishtirokini taʼminlaganligi – 5 ball;
c) huquqbuzarlik, intizomsizlik yoki boshqa illatlarga moyil talabalar bilan doimiy tushuntirish ishlarini olib borganligi – 5 ball.
V. Talabalarni turar joy bilan taʼminlash va ularning holidan xabar olish holati – 20 ball:
a) talabalar turar joyida, ijarada, xususiy yoki yaqin qarindoshlarining uyida yashovchi talabalar haqida maʼlumotlar shakllantirilganligi va yangilab borilganligi – 4 ball;
b) oʻquv yili davomida ijara xonadonlari bazasini (zaxira uchun) shakllantirilganligi – 4 ball;
c) talabalar turar joyida, ijarada, xususiy yoki yaqin qarindoshlarining uyida yashovchi talabalar holidan xabar olinganligi hamda mavjud muammolar bartaraf etilganligi yoki masala yuzasidan masʼullarga axborot kiritilganligi – 12 ball.
VI. Mahalla va ota-onalar bilan hamkorligi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar bilan ishlashdagi faolligi – 14 ball:
a) ota-onalar bilan aloqa oʻrnatilganligi, ota-onalar yigʻilishlarini (onlayn yoki oflayn) tashkil etilganligi va muammoli talabalar bilan ishlash holati – 5 ball;
b) mahalla, profilaktika inspektori va jamoatchilik bilan hamkorlikdagi tashabbusi va faolligi – 5 ball;
c) ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand talabalar bilan ishlash holati – 4 ball.
VII. Talabalarning tyutor toʻgʻrisidagi fikrlari (anonim soʻrovnoma) – 5 ball:
soʻrovnoma savollarida tyutorning odob-axloqi, madaniyati, talabaga doʻstona munosabati va boshqa shaxsiy sifatlari hisobga olinadi.
IV. Baholash tartibi
4. Har oʻquv yili boshida oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tyutorlarning faoliyatini baholash boʻyicha Ishchi komissiya tarkibini shakllantiradi va tasdiqlaydi.
5. Ishchi komissiya raisi – oliy taʼlim tashkilotlarining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori (direktor oʻrinbosari) hisoblanadi.
6. Tyutor har chorak yakunida har bir mezon boʻyicha amalga oshirgan ishlarini (bayonnoma, video, foto, hisobot va boshqalar) Ishchi komissiya belgilagan tartibda taqdim etadi.
7. Ishchi komissiya uch ish kunida tyutorlarning faoliyatini belgilangan mezonlar asosida shaffof va adolatli koʻrib chiqadi, ballarni belgilaydi hamda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ga quyidagi faoliyat toifalari boʻyicha roʻyxatni bayonnoma bilan taqdim etadi:
aʼlo: 86–100 ball;
yaxshi: 71–85 ball;
qoniqarli: 56–70 ball;
qoniqarsiz: 1–55 ball.
8. Ishchi komissiya qaroriga asosan:
86-100 ball bilan baholangan tyutorlarga – oliy taʼlim tashkilotining moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqqan holda bazaviy oylik maoshi miqdoriga 100 % gacha ustama haqi beriladi;
71-85 ball bilan baholangan tyutorlar – oliy taʼlim tashkilotining moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqqan holda bazaviy oylik maoshi miqdoriga 50 % gacha ustama haqi belgilanadi;
56-70 ball bilan baholangan tyutorlar – oliy taʼlim tashkilotining moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqqan holda bazaviy oylik maoshi miqdoriga 25 % gacha ustama haqi belgilanadi;
1-55 ball bilan baholangan tyutorlar faoliyati qoniqarsiz deb topilib, Ishchi komissiya tomonidan ularga oliy taʼlim tashkilotining ichki tartib-qoidalari asosida intizomiy chora qo‘llash masalasi yuzasidan ish beruvchiga taklif kiritiladi.
9. Ishchi komissiya bayonlariga asosan, har o‘quv yili yakunida tyutorlarning faoliyati boʻyicha oliy taʼlim tashkiloti Ilmiy kengashida tanqidiy-tahliliy muhokama o‘tkaziladi.
10. Oʻrganish jarayonida asossiz yoki soxta maʼlumot taqdim etgan tyutorlarga umumiy olgan ballarining 10 % miqdorida jarima belgilanadi.
11. Hisobot davrida tyutorga biriktirilgan talabalar respublika yoki xalqaro darajadagi tanlov, musobaqa, olimpiadalarda gʻoliblikka erishsa, tyutorga 15 ball miqdorida imtiyoz belgilanadi.
12. Tyutorlik faoliyatini tartibga soluvchi Nizomda belgilangan meʼyordan ortiq talaba biriktirilgan tyutorlarga Ishchi komissiya qaroriga asosan, umumiy olgan balining 10 % miqdorida imtiyoz belgilanadi.
V. Yakunlovchi qoidalar
13. Oliy taʼlim tashkilotining Ilmiy kengashi xulosasiga asosan, rektor (direktor) eng samarali faoliyat yuritgan tyutorlarni belgilangan tartibda xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga tajriba almashish uchun yuborish choralarini ko‘radi.
14. Baholash jarayonida yuzaga keladigan barcha nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.