April 7, 2020

BIZ KIM TEMUR AVLODLARI

Biz kim - Mulki Turon, Amiri Turkistonmiz biz kim millatlarning eng qadimi va eng ulug`i Turkning bosh bo`g`inimiz.

Amir Temur

2020-yil 9-aprel. Bu kun sarkardalikda dovrug`i dunyoni titratgan zot Sohibqiron Amir Temur dunyoga kelganiga 684 yil to`lgan kun. Amir Temurning yoshlik kezlari o`zi tug`ilgan tabarruk zamin Shahrisabzda kechdi. Yoshligidan tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo`lib voyaga yetgan Amir Temur tabiatan og`ir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobilyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo`lgan. Amir Temurday ulug‘ zotni kamolga yetkazgan ota makon – qutlug` Kesh (hozirgi Shahrisabz) Sohibqiron uchun parvoz nuqtasidir. Negaki, Temur o‘z oldiga ulug‘vor maqsadlarni qo‘yganida, avvalo o‘z eliga, o‘z ona yurti - Keshga ishongan va unga tayangan. U qaysi bir safaridan qaytmasin, dastavval Keshni ziyorat qilgan, aziz-avliyolaring qadamjolarini tavof etgan, hamyurtlarining duo va maslahatlarini olgan.

Amir Temur – buyuk shaxs, kuragi yerga tegmagan sarkarda, yirik davlat arbobi, qonunshunos, iste`dodli memor, notiq, ruhshunos, shu bilan birga el-yurtni, xalqni sevgan va uni mashhuri jahon qilgan inson. Amir Temur siyosiy sahnaga qadam qo‘yganda endigina 24 yoshga kirgan edi. Mamlakatda boshboshdoqlik, mahalliy, siyosiy kuchlaring o‘zaro qarama-qarshiligi avjiga chiqqandi. Bu ham kamdek asosiy qudrati tarixiy Mo‘g‘ilistonda mujassamlashgan chingiziylar tez-tez Movarounnahrga zug‘um qilib turardilar. Bir yarim asrga yaqin davom etgan bu muddat qaramlik jafosini har tomonlama chekib kelgan oddiy fuqarolardan tortib, ko‘pchilik yirik siyosiy arboblar-u din peshvolarigacha barcha-barcha uchun nihoyatda og‘ir davr bo`lgan. Jamiyat ozodlik va taraqqiyotga bo`lgan manfaatlarini o‘zida mujassam etgan xaloskorga, yetakchiga mushtoq edi. Taqdir taqozosi bilan Amir Temur ana shunday xaloskor va yetakchi sifatida maydonga chiqdi. Jahon egasi 34 yoshda Movorounnahrning barcha viloyatlarini birlashtirib, mustaqil davlatga asos soldi. Bu davrda huvillab yotgan Samarqandni o`z davlatining poytaxtiga aylantirdi. Hazrati Temur butun dunyodan va o‘z yurtimizdan mohir me’morlarni, qo`li gul hunurmandlarni o‘z poytaxtini barpo etishga jalb qildi hamda olamda tengi va o‘xshashi bo`lmagan me’moriy mo‘jizalarni bunyod qildirdi. Shu asnoda Samarqand jahondagi eng katta va qudratli davlatning poytaxti sifatida buyuk nufuzni egalladi. Bu ko'hna dunyoda jahongirlar ko‘p o‘tgan. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shunda bo`lganki, u kishi umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Sohibqironimizning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim” deganlarida, kelajak avlod ya`ni siz va meni bunday bunyodkorlik ishlariga chorlaganlar desam adashmagan bo`laman.

Amir Temur o‘z millati va el-yurtining taqdiri haqida ko‘p o‘ylagan. U qo‘ygan har bir qadam nafaqat o‘sha davr uchun, balki kelajak sari xizmat qilgan.

Shu o`rinda Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI ga yozgan xatidagi quyidagi fikrini keltirmoqchiman: «Siz o‘z savdogarlaringizni mening saltanatimga yuboring. Biz ularni iliq qarshi olib izzat-ikrom ko‘rsatamiz. Biz ham o‘z savdogarlarimizni sizning yurtingizga yo‘llaymiz. Siz ham ularga hurmat ko‘rsating, ularga ortiqcha tazyiqlar qilinishiga yo‘l qo‘ymang. Sizga bundan bo`lak talabim yo‘q. Zero dunyo savdo ahli ila obod bo‘lajak». Qarang, qanday oddiy va aniq fikr: dunyo savdo ahli ila obod bo`lajak! Bu so`zlarni o`qir ekanmiz Amir Temur bobomiz xuddi moziydan turib kelajakni bashorat qilgandek bo`ladi go`yo. Bugungi bozor iqtisodiyoti islohotlarini Sohibqiron olti asr ilgari mamlakat iqtisodiyotida qo`llashga harakat qilgan.

Amir Temur nafaqat O`rta Osiyoni, balki yevropa xalqlarini ham mug`ullar zulmidan ozod qilgan buyuk siymodir. Sohibqironga G`arbiy Yevropada XV asrdayoq yodgorlik o`rnatilib, unga “Yevropa xaloskoriga” degan chuqur ma`noli so`zlar yozib quyildi.

Amir Temur o‘z davlatini chuqur aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan, desak, mubolag`a bo`lmaydi. Uning «Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim», degan so‘zlari buning yorqin dalilidir. Amir Temur siyosatini o`zida mujassam qilgan Temur tuzuklari, nafaqat o`sha davr uchun, balki bugungi kun liderlari uchun ham boshqaruvdagi muhim manba bo`lib hizmat qilmoqda. Buning yaqqol tasdiqi sifatida mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Abdug`aniyevich Karimovning quyidagi so`zlarini keltirishim mumkin: “Amir Temur davrini boshqatdan o`rganishimiz lozim. Nega deganda, Amir Temur tuzuklarini o`qisam, huddi bugungi zamonning katta-katta muammolariga javob topgandek bo`laman”.

Mustaqilllik davri ko`hna tarix buyuk cho`qqisi Sohibqiron Amir Temurning qayta tug`ulish davri bo`ldi. YUNESKO tashkiloti qarori bilan 1996-yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o`rnatildi. Toshkent shahrida Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo etildi. Vatanimizning yuksak mukfotlaridan biri – “Amir Temur” ordeni ta`sis etildi.

Amir Temur shaxsiyatining bugungi kundagi mazmuni va beqiyos mohiyati shundaki, Sohibqiron siymosi bir tomondan bugungi avlodda o`z o`tmishi bilan faxrlanish, ma`naviy ildizlarini topib olish, erkinlik qadriyatini tushunishga va kelajakka ishonch bilan qarashga da`vat etsa, ikkinchi tomondan dunyoning qaysi qaysi burchagida bo`lmasin ozodlik, yuksak madaniyat va taraqqiyotning qadrlovchilarni birlashtiruvchi ko`prik bo`lib xizmat qiladi.

Sohibqironning himmati-yu hislati jo bo`lgan O`zbek eli azaldan buyuk, mehmonnavoz, qo`li ochiq, bag`ri keng eldir. Mana qariyb 29 yildirkim Ollohning inoyati va mehrli xalqimizning duolari ila mustaqillik degan muqaddas ne`matning ardog`ida yashayabmiz. Tarixdan ma`lum, faqat erkli davlatgina ajdodlari kimligini, millati nimalarga qodir ekanligi ko`rsata oladi. Shunday ekan bugun yashayotgan har bir avlod Amir Temur qo`ygan adolat poydevorining G`isht teruvchilari demakdir. Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Temurbeklar maktabi” ning tashkil etilishi ham bu so`zlarning yorqin amaliy ifodasidir. “Temurbeklar maktabi” ning maqsadi Amir Temurdek mard, jasur, ilm-ma`rifatli farzandlarga ta`lim-tarbiya berishdan iboratdir.

Buyuk shaxslarni tarix yaratadi deyishadi. Sohibqiron bobomiz bir-biriga yot bo`lgan xalqlarni bir maqsad yo`lida birlashtirib adolatli boshqara olganda, nahotki biz o`z oilamiz a`zolarini mehr-muhabbat, qarindoshlarimizni bir-biriga g`amxo`rlik yo`lida birlashtira olmaymiz. Agar zig`irchadek mehrimizni ham o`z yaqinlarimizdan ayaydigan bo`lsak biz qanday qilib buyuk ajdodimizning munosib avlodimiz deya olamiz. Men bu dunyoda yashashdan maqsad ham tug`ilib o`sgan vatan tarixini asrab avaylab o`rganish, bugungi kuniga g`amxo`rlik, kelajakini esa bunyod qilish yo`lida birikishdan iborat deb hisoblayman va har bir avlodni shu yo`lga chorlayman! Biz Amir Temur bobomiz bilan faxrlanishimiz, uning tarixiy merosini o`rganishimiz va munosib farzand bo`lishimiz darkor.

Butun dunyoni tashvishga solayotgan bugungi pandemiya davrida, Amir Temurdagi qat`iyat, sabr-matonat va iymonni o`zida mujassam qilgan mening xalqim bu kunlarni mardonavor yenga oladi!

"BIZ KIM TEMUR AVLODLARI" mavzusidagi blogpostlar tanlovi uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU 210-18 guruh talabasi Xaqmirzayev Bekzod tayyorladi. Tel: 97 588 66 33.