Yurt ertangi kuni — yoshlar tafakkuri va fidoyiligida!
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining izchil va strategik asosda olib borilayotgani, Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi selektor yig‘ilishi misolida yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Selektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar — bu “Yangi O‘zbekiston” deb atalayotgan taraqqiyot modelining poydevoriga qo‘yilgan mustahkam g‘ishtlardir. Bu — jamiyat taraqqiyoti, millat kelajagining muqarrar kafolatidir.
Zamon bilan hamnafas bo‘lib ulg‘ayayotgan yosh avlod bugun ilm-fan, texnologiya, madaniyat, sport, san’at, tadbirkorlik, startap va boshqa strategik yo‘nalishlarda o‘z so‘zini ayta oladigan, global fikrlovchi, raqobatbardosh va fidoyi kuch sifatida shakllanmoqda. Bu esa, davlatimiz rahbarining yoshlarga nisbatan chuqur e’tibor va mehr-muhabbat bilan yondashayotganining yorqin dalilidir. Har bir imkoniyat ortida ishonch bor, har bir islohot tagida esa kelajak uchun puxta reja mujassam.
Prezidentimizning yoshlar bilan muntazam va ochiq muloqot olib borayotgani, ularning orzu-intilishlarini yurakdan tinglashi, eng dadil va ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi — har bir iqtidorli yoshga ruh, ilhom va yangi parvozlar uchun qanot bag‘ishlaydi. Bu muloqotlar — samimiylik, ishonch va milliy istiqbol yo‘lida birgalikda yurilayotgan yo‘ldir.
Buxoro davlat universiteti jamoasi sifatida biz ham mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni teran his etamiz. Universitetimizda yaratilgan zamonaviy ilmiy, texnologik va innovatsion muhit yoshlarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Talabalarimiz ilm-fan, IT texnologiyalari, xorijiy tillar, startaplar va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishib, Yangi O‘zbekistonning intellektual tayanchi bo‘lib ulg‘aymoqda.
Bugungi kun yoshiga xos bo‘lgan erkin fikrlash, tashabbuskorlik, ijodkorlik va yangilikka intilish tamoyillarini rag‘batlantirish yo‘lida Prezidentimiz ilgari surayotgan “Kreativ iqtisodiyot”, “Raqamli yashil tashabbuslar”, “Yoshlar tadbirkorligi va innovatsiyalari” kabi strategik tashabbuslar ayni muddaodir. Bu tashabbuslar nafaqat yoshlarning dunyoqarashini kengaytiradi, balki ularni zamonaviy kasb-hunarlar sari yo‘naltirib, jamiyat rivojiga amaliy hissa qo‘shishga undaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Prezidentimiz ilgari surayotgan “Ta’lim — kelajak sarmoyasi” tamoyili, har bir ta’lim maskani, jumladan BuxDU jamoasi zimmasiga ham muhim va mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Zero, har bir bilim maskani — bu kelajak arxitekturasining muhim bo‘lagi, har bir ustoz esa — kelajak bunyodkorini tarbiyalovchi me’mordir. Biz esa, bu yuksak ishonchni oqlash yo‘lida barcha imkoniyat va salohiyatimizni safarbar etamiz.
Bugun yoshlarga amaliy ko‘mak berish, ularning mustaqil hayot yo‘lini topishida imkon yaratish borasida ham izchil tizim shakllanmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-sonli qarori asosida ishlab chiqilgan “Kelajakka qadam” dasturi orqali OTM bitiruvchilari orasida tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarga real imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Bu dastur nafaqat moddiy ko‘mak, balki ishonch, motivatsiya va kelajak sari dadil qadam tashlash uchun mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Men ham ushbu dasturdan foydalangan holda, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida o‘z faoliyatimni boshladim. Bu qaror hayotimda burilish yasadi: bilimimni amaliyotga tadbiq etish, mustaqil fikrlash va jamiyat rivojiga o‘z hissamni qo‘shish imkonini berdi. Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan shunday sharoitlar, ayni damda har bir yosh uchun chin ma’nodagi ilhom va ishonch manbaiga aylanmoqda.
Shunday ekan, biz — yoshlar, fidoyilik, tafakkur va mehnat bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etamiz, himoya qilamiz va uni dunyo uzra munosib ravishda tanitamiz!