July 1

Yoshlar kuni- orzular, ishonch va kelajak uchun yangi mas' uliyat

30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilgan tarixiy nutq barchamiz, o‘z yurtini sevuvchi, fidoyi, g‘ayratli yoshlar qalbida yana bir bor g‘urur, mas’uliyat va qat’iyat hissini uyg‘otdi. Har bir fikr, har bir tashabbus bizga yo‘l ko‘rsatuvchi nur, yangi marralarga yetaklovchi ilhom manbai bo‘ldi.

Yoshlarni “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” deb e’tirof etish — bu nafaqat ishonch, balki har birimiz zimmasiga yurt kelajagi uchun mas’uliyat yuklaydigan ulkan da’vatdir. Zero, ishonch – eng katta kuch, u harakatga, izlanishga va o‘z ustimizda tinimsiz ishlashga turtki beradi.

Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga joriy etilayotgan islohotlar markazida aynan yoshlar turibdi. Ilm-fan, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, ekologik muhofaza, startaplar, madaniyat va sport kabi ko‘plab strategik sohalarda biz, yoshlarning salohiyati ro‘yobga chiqmoqda. Bular Yangi O‘zbekistonning harakatdagi kuchi – yosh avlod ekanini amalda isbotlamoqda.

Davlatimiz rahbari nutqida ilgari surilgan tashabbuslar har bir intiluvchan, g‘ayratli yigit-qiz uchun yangi ufqlarni ochmoqda. Jumladan:Dunyoning TOP-300 reytingiga kirgan oliygohlarga o‘qishga kirgan yoshlar uchun 100 foizlik grant ajratilishi;20 ming dollargacha imtiyozli kreditlar asosida bilim olish va startaplar boshlash imkoniyati;“El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatining tubdan takomillashtirilishi va yangi yo‘nalishlar ochilishi;

“Bir million dasturchi” hamda “Bir million yetakchi” kabi loyihalar orqali IT-savodxonlik va sun’iy intellekt sohalarida yetakchilarni tayyorlash tizimi yaratilayotgani — biz uchun juda katta istiqboldir.Bularning barchasi, aslida, yoshlarning faqat orzulari bilan emas, imkoniyat va amaliy rejalari bilan harakat qilishiga yo‘l ochmoqda.

Bugungi yoshlar faqat bilimli emas, balki ishbilarmon, zamonaviy kasblarni egallagan, innovatsion fikrlovchi bo‘lishi kerak. Shu bois “Harakatda daromad”, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” va “Muvaffaqiyatli startaplar” dasturlari orqali o‘n minglab yoshlar nafaqat bandlikka erishmoqda, balki o‘z g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarmoqda.

Kasb-hunar o‘rganish, ijtimoiy faollik, boshqaruvda faol kadrlar maktabi sifatida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tizimlar – Yangi O‘zbekiston yoshlarining intellektual, iqtisodiy va siyosiy yetukligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda yoshlar faqat kelajak emas, balki bugungi taraqqiyotning faol ishtirokchisidir. Har bir fikri, tashabbusi, loyihasi bilan jamiyatda munosib o‘rin egallayotgan yoshlar davlat islohotlarining hal qiluvchi omiliga aylangan. Prezidentimizning “Yoshlar – yangi tarix yaratuvchi oltin avlod” degan so‘zlari har birimiz qalbimizda faxr, tanamizda kuch, tafakkurimizda esa mas’uliyat uyg‘otdi.

30-iyun — Yoshlar kuni nafaqat bayram, balki biz uchun hisobot kuni. Yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish, ishonchni oqlash, xalq va Vatan oldida o‘z salohiyatimizni namoyon etish — bizning sharafli burchimizdir.

Shu munosabat bilan men barcha yurtdoshlarimizni, barcha izlanuvchan, orzu qiluvchi va harakat qiluvchi yoshlardoshlarimni ushbu muhim sana bilan chin yurakdan tabriklayman. Bu bayram — sizning, bizning, butun O‘zbekiston yoshlari fidoyiligining tantanasidir!Kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yaylik. Prezidentimiz bildirayotgan katta ishonchni mehnat, bilim va fidoyilik bilan oqlaylik! Yangi O‘zbekiston bizdan g‘oya, harakat va natija kutmoqda!

Bayramingiz muborak, O‘zbekiston yoshlari!