July 1

Yoshlar kuni

Oramizda shunday kunlar bo‘ladiki, ular qalbda iz qoldiradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan aytgan nutqi aynan shunday tarixiy lahzadir. Bu nutq yuragimizga mehr, ongu tafakkurimizga mas’uliyat, ruhimizga esa ilhom bag‘ishladi.

Ushbu murojaat nafaqat bayram tabrigi, balki millionlab yoshlarning ichki dunyosini uyg‘otgan, ularga orzu qilganday yashash emas – orzularini ro‘yobga chiqarish uchun harakat qilishni o‘rgatgan chinakam chaqiriq bo‘ldi.

Bugun dunyoda yurtini, xalqini sevgan, bilimga chanqoq, zamonaviy tafakkur bilan qurollangan, “men o‘z taqdirimni o‘zim yozaman” deya dadil ayta oladigan avlod shakllanmoqda. Va bu avlod – bizmiz.

“Yoshlar – yangi tarix yaratuvchi oltin avloddir.” Bu oddiy ibora emas. Bu har birimizning yelkamizdagi sharafli yuk. Prezidentimizning bu so‘zlari bizga faqat ishonch emas, balki amal qilish, o‘z ustimizda ishlash, jamiyat hayotiga daxldor bo‘lish, Vatan uchun mas’uliyatli fuqaro bo‘lish majburiyatini yukladi.

Bu yilgi nutqda yangilik ko‘p. “TOP-300” oliygohlarga kirganlarga 100% grant, 20 ming dollargacha imtiyozli kreditlar, “El-yurt umidi” dasturining yangilanishi, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida “Bir million yetakchi” loyihasining ishga tushirilishi – bularning barchasi yoshlarning orzusini qanotlantiradigan, ijodini yuksaltiradigan imkoniyatlardir.

Bugun bizga imkoniyatlar berilyapti – o‘qish uchun, tadbirkor bo‘lish uchun, ixtiro qilish uchun, dunyoga chiqish uchun. Qolaversa, jamiyatda o‘z o‘rnini topish, qaror qabul qilish, boshqaruvda ishtirok etish uchun ham.“Harakatda daromad”, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam”, “Muvaffaqiyatli startaplar” kabi dasturlar orqali o‘n minglab yoshlar yangi hayot eshigini ochmoqda. Ular ichida o‘zi ishlab, boshqalarga ish berayotganlar ham, o‘z mahallasini obod etayotganlar ham bor. Bu jarayon – yoshlar yelkasiga tayanayotgan, yangi O‘zbekistonning kelajagini birga bunyod etayotgan avlod voqeligi.

Bugun yoshlar “tomoshabin” emas. Biz jamiyat hayotining faollari, yaratuvchilari, tashabbuskorlarimiz. Har birimiz – bir qudrat, bir imkoniyat, bir g‘oyamiz. Shunchaki guvoh bo‘lish emas, ishtirok etish davri keldi.

Prezidentimiz ishonmoqda. U bizni ko‘rib turibdi, eshitmoqda, qo‘llab-quvvatlamoqda. Shunday ishonch oldida jim turish, harakat qilmaslik – yoshlikning o‘ziga xiyonatdir. Har bir yigit-qiz o‘z hayotini, o‘z mahallasini, o‘z yurti – O‘zbekistonini o‘zgartirishga kuchi yetadigan zamonda yashayapmiz.

30-iyun — bu shunchaki kalendardagi sana emas. Bu – biz yoshlarning fidoyiligi, mehnati, orzusi va mas’uliyatining bayrami. Bu sana – bizning shijoatimiz, qat’iyatimiz va irodamizga qo‘yilgan yuksak bahodir.Shunday ekan, keling, har birimiz o‘z yo‘limizni boshlab olaylik. Kimdir – o‘qishda, kimdir – tadbirkorlikda, kimdir – ilmda, san’atda, sportda. Faqat bir narsani unutmaylik – Yangi O‘zbekiston bizdan tashabbus, fidoyilik va natija kutmoqda!

Bayramingiz muborak, ishonchli avlod vakillari!

Ishonchni oqlaylik – o‘zimiz, Vatanimiz va kelajagimiz uchun!