December 8, 2025

KONSTITUTSIYA-YANGI OʻZBEKISTON TARAQQIYOTI ASOSI

Hurmatli ustozlar, aziz talabalar, qadrli hamkasblar!
Bugun yurtimiz hayotidagi eng ulug‘ va qadrli sanalardan biri – 8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni. Bu sana nafaqat davlatimiz tarixida, balki har birimizning qalbimizda g‘urur va iftixor uyg‘otadigan muhim bayramdir. Chunki Konstitutsiya — erkin va farovon hayotimizning poydevori, huquq va erkinliklarimizning mustahkam kafolatidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bugun nafaqat davlat boshqaruvining asosiy hujjati, balki jamiyatning siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotini tartibga soluvchi muhim mezondir. Unda inson qadri, erkinligi, huquqi va manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Ayniqsa, yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratilgani bizning kelajagimiz uchun yaratilgan ulkan imkoniyatdir.

Buxoro davlat universiteti yoshlarining bugungi ishtiroki, faoliyati, tashabbuskorligi – aynan ana shu Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan kafolatlar samarasi ekanini ta’kidlash joiz. Biz yoshlar bilim olish, o‘z ustimizda ishlash, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topish, fikr erkinligini namoyon etish, tashabbus ilgari surish kabi barcha imkoniyatlarga egamiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyada belgilangan “Yoshlar – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi” degan tamoyil bizni mas’uliyatli, ongli va faol bo‘lishga chorlaydi. Biz yoshlar mamlakat taraqqiyoti, jamiyat yuksalishi va kelajak avlod farovonligi uchun o‘z hissamizni qo‘shishimiz shart. Buxoro davlat universiteti Yoshlar ittifoqi ham aynan mana shu tamoyillar asosida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish, intellektual va madaniy salohiyatini rivojlantirish yo‘lida tinimsiz faoliyat olib bormoqda.

Bugungi kunda talabalarning faolligi, vatanparvarlik tuyg‘ularining kuchayishi, ilm-fan va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqishining oshgani — Konstitutsiya ruhining hayotimizda mustahkam o‘rin egallaganidan dalolat beradi. Zero, Konstitutsiya biz uchun faqat hujjat emas, balki yuksalish sari yo‘lboshchi, ertangi kunimizning kafolatidir.

Aziz yoshlar!
Bugun biz Konstitutsiyamizga sadoqatli bo‘lish, uning tamoyillariga muvofiq yashash, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish, eng muhimi, yosh avlodga munosib namuna bo‘lishimiz zarur. Kelajagimizni mustahkamlaydigan kuch — bizning birlik, bilim, intilish va yurtga xizmat qilish istagimizdir.

Ushbu qutlug‘ sana bilan sizlarni chin dildan tabriklayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Konstitutsiya kuni muborak bo‘lsin!

Xomidov Mirxon Uktamovich
Buxoro davlat universiteti Yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkilot yetakchisi.