April 11, 2021

Ilon Mask maymun miyasiga chip joylashtirib, unga “Ping Pong” oʻynatdi

Ilon Maskga tegishli boʻlgan “Neuralink” startapining mutaxassislari oʻz loyihalari muvaffaqiyatini birinchi marta aniq namoyish etishdi. Bu haqda “Kommersantʼ” gazetasi xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, kompaniya maymun miyasiga chip joylashtirgandan soʻng, u qanday imkoniyatlarni qoʻlga kiritganini namoyish etuvchi qisqa videoni eʼlon qilgan.

Eslatib oʻtamiz, aslini olganda ishlab chiquvchilarning asosiy maqsadi – bu miyaga joylashtiriladigan, nogironligi boʻlgan odamlarga elektron qurilmalardan foydalanishga imkon beradigan mini-chipni yaratish.

Tajribaga kelsak, Peyjer ismli maymun joystik yordamida displeydagi kvadratlardan keyin kursorni harakatga keltirishni uddalagan. Uning "mashaqqatli mehnati" uchun mukofot sifatida bananli kokteyl berilgan.

Maʼlumotlarga qaraganda, ushbu oddiy jarayonda uning miyasidagi asabiy maʼlumotlar kompyuterga simsiz tarmoq orqali uzatilgan. Olingan maʼlumotlar keyinchalik asab faoliyatining takrorlanadigan ketma-ketligi va maymun tomonidan bajariladigan harakatlar oʻrtasidagi munosabatni simulyatsiya qiluvchi dekodlash algoritmi bilan ishlangan.

Xabarga koʻra, chipning dekoder algoritmi toʻliq sozlangandan soʻng, “Neuralink ” mutaxassislari joystikni oʻchirib, maymunga “Ping Pong” oʻyinini qoʻyib berganlar. Manipulyator uzilib qolganiga qaramay, maymun toʻpni oʻtkazib yubormagan, chunki u ongsiz ravishda fikr kuchi orqali kursorni boshqargan.

Video eʼlon qilingandan soʻng, Ilon Mask muvaffaqiyatidan ilhomlanib, oʻzining Twitter sahifasida “Neuralink ” kompaniyasi falaj boʻlgan odamlarning miyasiga chip oʻrnatilishi, bu esa ularga barmoqlarini ishlatishdan ham tezroq, fikr kuchi bilan smartfonlardan foydalanishga yordam berishini aytdi. Janob Mask chipning istiqboldagi mukammal talqinlari falajlikka chalingan bemorlarning yana oyoqqa turishi va yurib ketishiga yordam beradi, deb hisoblamoqda.

Taʼkidlash joizki, kompaniya haqiqatan ham ajoyib natijaga erishdi. Chunki, oʻtgan yili "Neuralink " faqat chip joylashtirilgan choʻchqalarning miya faoliyatidagi oʻzgarishlarni qayd etishi mumkin edi. Endi esa, kompaniyaning koʻplab urinishlaridan keyin miyasiga chip oʻrnatilingan maymun “Ping Pong ” oʻynashni uddalayapti.