Kitoblar
February 7, 2025

Naomi Kleinning "No Logo" kitobi haqida.

Yaqinda Naomi Klein tomonidan yozilgan "No Logo" kitobini o'qib chiqdim.

Bu kitob brendlar, reklama va global kapitalizmning real oqibatlari haqida chuqur fikr yuritadigan kitob. Naomi Klein o'rganishlari orqali katta brendlarning "haqiqatlarini" fosh qiladi va iste’molchilarni ongli tanlov qilishga chorlaydi. Agar siz marketing, biznes yoki biznes jarayonlari bilan shug‘ullansangiz, bu kitob siz uchun juda foydali bo‘lishi mumkin.


Kitobdan olgan asosiy xulosalarim.

1. Brendlar mahsulotdan ustun qo‘yilishi:

An’anaviy ishlab chiqarish modelidan farqli ravishda, yirik kompaniyalar mahsulot yaratish o‘rniga o‘z brendlarini rivojlantirishga urg‘u berishadi. Masalan, Nike va Tommy Hilfiger kabi kompaniyalar ishlab chiqarish jarayonini uchinchi davlatlardagi zavodlarga topshirib, o‘z e’tiborini faqat marketing va brendingga qaratadilar. Bu strategiya kompaniyalarga ishlab chiqarish muammolaridan qochish va maksimal daromad olish imkonini beradi.

Xulosa:

Korxonalar haqiqiy mahsulot emas, balki turmush tarzi va imidjni sotishga harakat qilishadi. Iste'molchilar esa aslida real mahsulot uchun emas, balki uning ortidagi brendga pul to‘lashmoqda.

2. Ishlab chiqarishning "ko‘rinmas qo‘llari":

Ko‘plab kompaniyalar o‘z mahsulotlarini rivojlanayotgan mamlakatlardagi zavodlarda ishlab chiqaradilar. Bu yerda ishchilar juda past maoshga va yomon sharoitlarda ishlaydi. Masalan, Nike va GAP kabi kompaniyalar Indoneziya, Bangladesh, Vetnam kabi davlatlarda arzon ishchi kuchidan foydalanadilar. Muallif ushbu amaliyotni shafqatsiz kapitalizmning namoyishi deb baholaydi.

Xulosa:

Brendlar faqat foyda olishga intilib, ularning mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan oddiy ishchilarning huquqlari va sharoitlarini e'tiborsiz qoldirayapdi.

3. Reklama va madaniyatni "egallash":

Brendlar madaniyatni shunchalik egallab olmoqdaki, hatto yoshlar ham o‘zlarini faqatgina iste’molchi sifatida ko‘ra boshlashmoqda. Musiqiy festival, sport tadbirlari yoki san’at namoyishlari ham brendlar tomonidan homiylik qilinib, ularning tijorat maqsadlariga xizmat qiladi.

Xulosa:

Madaniyat endi san’at va ijod erkinligining ifodasi emas, balki katta kompaniyalar uchun tijorat platformasiga aylangan.

4. Iste’molchilarning brendlarga qarshi harakatlari:

Kitobda global brendlarning zulmiga qarshi harakatlar va turli xil kampaniyalari haqida ham so‘z boradi. Masalan, McDonald’s va Nike kabi yirik kompaniyalar inson huquqlarini poymol qilgani uchun xalqaro miqyosda boykot qilingan.

Xulosa:

Iste’molchilar va jamoatchilik faqat passiv xarid qilish bilan emas, balki brendlarga bosim o‘tkazib, kompaniyalarning etikasini o‘zgartirishga qodir.

5. Tanish mijoz-notanish mijozdan 5-7 baravar yaxshiroq:

Ko‘plab kompaniyalar yangi mijozlarni jalb qilishga katta mablag‘ sarflashadi, lekin mavjud mijozlarni ushlab qolish haqida uncha ko‘p o‘ylashmaydi. Aslida, mavjud mijozni saqlab qolish yangi mijozni jalb qilishdan 5-7 barobar arzonroq.

Xulosa: Agar biznes mijozlarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatib, ularning ishonchini qozonsa, ular nafaqat o‘zlari qayta xarid qilishadi, balki do‘stlariga ham tavsiya qilishadi. Bu esa "og‘izdan-og‘izga marketing" orqali xarajatlarni kamaytirib, kompaniyaning daromadini oshiradi.

ESLATMA: ushbu kitob birinchi marotaba 1999-yilda chop etilgan va undagi holatlar o'sha davrdagi izlanishlar natijasida yozilgan.

Agar maqola sizga foydali deb bilsangiz uni boshqalarga ham ulashing. Rahmat. Tez kunda boshqa kitoblardan olgan xulosalarimni ham bo'lishaman.