January 15

"Ikkinchi odam"

Mashhurlik berilmas har kimga birdek,
Eplagan – shuhratning sharobin hoʻplar.
Mashhurlar aksari birinchidir, lek
Ikkinchi odamni bilmaydi koʻplar.

El koʻzidan pinhon yurar panada,
Mehnatlarin qilmas zarra ovoza.
Tushunarli boʻlsin sizga yanada:
Kosaning tagida ular nimkosa.

Buyuklik choʻqqisin koʻzlasa har kim,
Tutgan yelkalari zinapoyadir.
Xudo bilar, ular avliyo, balkim,
Jami daholarga yolgʻiz doyadir.

Ular har sohada mavjuddir azal,
Turmush har jabhasi ularga maʼvo.
Ularning turi koʻp, oʻzgarar har gal:
Birda ona boʻlar, birda-chi oshno.

Baʼzida ustozdek koʻrinar koʻzga,
Baʼzan rafiqadek boqar muloyim.
Birinchi boʻlmoqni ep koʻrmas oʻzga,
Ikkinchi boʻlmoqdan xursanddir doim.

Ikkinchi zotlarga misol koʻp, bilsang,
U goh farangidir, goho arobiy.
Muallim ul-avval Arastu boʻlsa,
Muallim us-soniy, ne tong, Forobiy.

Tarixda osiylar haq yoʻlga qaytgan,
Bunga guvoh sariq sahifalardir.
Ilk bor islom soʻzin gar Nabiy aytgan,
Uni targʻib qilgan xalifalardir.

Said Barakadek piru murshid ham,
Temur uchun ruhiy tayanch boʻlgan-ku.
Navoiy-chi? Vazir – ikkinchi odam,
Boyqaroga qirq yil suyanch boʻlgan-ku.

Hayot shu – kimdir bosh, kim esa boʻyin,
Undan farmon erur, bundan-chi ijro.
Goho bosh boʻyinga yon bosgan sayin,
Boʻyin bosh boʻlmakka qilar iddao.

Xudo, oʻzing asra bunday holatdan,
Har kim oʻz oʻrnida turgani maʼqul.
Otliqlar urushda tushmasin otdan,
Piyoda piyoda yurgani maʼqul.

Shunda toʻkis boʻlar yanada turmush,
Ahillik – nayzani kurakdan yular.
Sahnada sanʼatkor olganda olqish,
Sahna ortidagi yurakdan kular.

Yurakdan kulmoqlik har kim uchunmas, Eplaganga omad yor boʻlsin, deyman. Birinchi odamlar baxtiga, xullas, Ikkinchi odamlar bor boʻlsin, deyman.

Rustam Mirvohid.