Subyektivdagi muammolar real hayotda mavjudmi? | Oliy ta'limga talabalar munosabati
Subyektiv kanali o’zbek youtube’ida ijtimoiy muammolarni yuqori darajada yoritishi bilan ajralib turadi. Bu kanal ko’taradigan muammolar katta munozaralarga sabab bo’ladi, oliy ta’lim haqidagi video ham shular jumlasidan.
“Ta’lim”, ayniqsa O’zbekistondagi ta’lim mavzusi meni ko’p yillardan beri qiziqtirib kelgan va bu video esa ushbu maqolani yozishimga asosiy turtki bo’ldi. Video mulohaza qilishga majbur qiladi, real hayotda videoda aytilgandek holatmi? kabi savollarga javob topish uchun kichik izlanish qildim, davlat universitetida o’qiydigan talabalardan o’z universiteti misolida fikr bildirishlarini so’radim. Javoblar meni ajablantirdi, to’g’risi, kutmagan edim bunday fikrlarni.
O’zbekiston ta’lim tizimiga munosabatim
Dastlab o’zimni fikrimni bildirib o’tsam, men davlat universiteti talabasi bo’lmaganim uchun aynan oliy ta’limga fikr bildira olmayman, shuning uchun maktab va litseydagi tajribamdan kelib chiqqan holda umumiy ta’lim tizimimizga shaxsiy qarashlarimni keltirib o’tmoqchiman.
• Har bir o’quvchiga yetarlicha diqqat yo’qligi, ya’ni individual yondashuv yo’qligi.
• (Maktablarda) Yo’nalishga yo’naltirilgan ta’lim mavjud emasligi, o’quvchi o’z qiziqishlariga to’liq e’tibor qilishga imkon yo’qligi, aksincha unga teskari bo’lgan/keraksiz fanlarni teng e’tibor bilan o’qishga majburligi. Hatto yo’nalish bo’lgan ta’lim muassasalarida ham yo’nalishdan tashqari bo’lgan fanlar mavjudligi, tajribamdan aytaman, litseyga yo’nalish bo’yicha o’qish uchun o’tdim, lekin maktabdan farqi deyarli yo’q, ya’ni u yerda ham yo’nalishdan tashqari fanlar o’tiladi.
• O’qituvchi o’quvchiga dushman(mi?) Darsga qiziqmaydigan o’quvchilarni darsga qiziqtirish o’rniga jazolashadi.
Hayotiy misol: Ma’lum sababga ko’ra litseyga 5–10 daqiqa kech qoldim, kiritishmadi va kech qolganlar bilan 30 daqiqa shunchaki turdik, keyin tushuntirish xati yozishga majburlashdi.
Bu “jazo” muntazam kech qoluvchilar uchun qilingan ekan, birinchi martta kech qolgan o’quvchi nega muntazam kech qoluvchilar bilan teng jazolanishi kerak? Administratsiyaga mantiqan yaxshiroq yechim taklif qildim, unga ko’ra ataylab (muntazam) kech qoluvchi va hohlamay kech qolgan o’quvchini ajratib olish kerak, birinchi martta yoki sababli bo’lsa kiritilishi kerak, qisqa vaqt oralig’ida kech qolish muntazam davom etsa o’quvchini eshitish kerak (muammo nimada? muammo borki, u o’z vaqtida kelishni xohlamayapti), time management bilan muammosi bordir yoki qaysidir o’qituvchi bilan konflikt bo’layotgandir, psixolog bu ishlar bilan shug’ullanishi kerak.
• O’qituvchi namuna bo’la olmayapti. O’qituvchi sababsiz, ogohlantirishlarsiz darsga kech qoladi yoki umuman kirmaydi, ularga nega jazo qo’llanmaydi? Forma qoidalaridan tashqarida, o’ziga qulay bo’lgan kiyimda (ba’zi hollarda rasmiy kiyim ham emas), sochlari yig’ilmagan, yuz ko’zlari bo’yalgan odam “galstuk taqish” yoki “sochlarni o’rish” haqida gapirishi qanchalik to’g’ri? Forma va tashqi ko’rinish qoidalari ularga taluqli emasmi? Elementar muoamala madaniyati yo’q, o’quvchiga nisbatan agressiv munosabat, juda qo’pol tarzda shaxsiy chegarani buzish (so’kinish holatlari ham yo’q emas). Bu nafaqat pedogogik yoki psixologik, balki yuridik jihatdan noto’gri. O’zbekistonning konstitutsiyasi, qonunlari ham inson huquqlarini himoya qiladi, ya’ni umumiy qaraganda fuqaroga hech kim (kim bo’lishidan qat’iy nazar, o’qituvchimi, biror korxona rahbarimi, hokim… farqi yo’q ) inson huquqlarini buzishga “haqqi yo’q” (ya’ni insonga hech kim baqirishi, psixik zarar yetkazishi, shaxsiyatga tegadigan gaplarni qo’llashga haqqi yo’q).
Albatta, bu omillar ta’limga nisbatan nafrat uyg’otadi, lekin quyidagi voqeadan keyin butunlay davlat ta’lim tizimi bilan hayrlashganman.
2021-yil, sentyabr oyi oxirlari, litseyda 2-kursman. Shu kuni algebra fanidan yangi o’qituvchi kelgan kun edi. Birinchi darsidayoq o’quvchilarga bosim o’tkazib go’yo qanchalar avtoriteti yuqoriligini ko’rsatishni boshladi. Men shu payt “O’lsang kim yig’laydi (Robin Sharma)” kitobini o’qib o’tirgandim. Meni ko’rdi, “kitobing oynadan uchishini hohlayapsanmi” kabi qo’pol gaplarni gapirdi, oldimga kelib kitobimni olmoqchi ham bo’ldi, uni murojatiga yarasha bo’lgan “bermayman va o’qishni davom ettiraman” deb javob qaytardim. Kursdoshlarim “nega unday qilding” degandek norozi qarashdi menga. Ozroq vaqtdan keyin direktor…(direktordan keyingi o’rinda turuvchi, lavozimi esimda yo’q) xonasiga chaqirishdi, shikoyat yozgan ekan. Vaziyatni tushuntirishga harakat qildim. “Birinchidan litseyda o’qiyotgan yo’nalishim algebraga umuman aloqasi yo’q, nega algebra fani o’tilyapti? O’qituvchi pedagogik qoidalarga amal qilib, shaxsiy chegaralarni buzmagan holda, qiziqarli dars o’tishi kerak (qaysi universitetda o’qigani, qanchalar qattiqqo’ligi, uy ishi qilmasak nima qilishi haqida dars davomida gapirishi bizga qiziq emas)…” deb o’z erkin fikrimni bildirishni boshlaganimda klassik bo’lgan “ma’naviyat”, “ho’p deyish kerak”, “gap qaytarma” kabi gaplarni eshitdim. Keyin psixologga olib kirishdi, hech bo’lmasa u meni tushunar deb gaplashdim. Psixolog xonasidan chiqsam ota-onamni chaqirishgan, keyin ularga psixolog ham qo’shildi, hammasi bir bo’lib “rosaa meni g’iybatimni qilishdi” (eng qizig’i, psixolog bilan gaplarimiz anonim qoladi deb o’ylagandim). Agar o’zgarmasam haydasharmush 😏 Bu “цирк”dan qanday ketish haqida o’ylay boshladim. Qisqa muddatda boshqa litsey va maktablarni o’rganib chiqib xususiy maktabga o’tib ketdim.
Oliy ta’limga talabalar munosabati
Milliy universiteti
Xorijiy Filologiya, 3-kurs talabasi
Forma masalasi, bizning universitetda ixtiyoriy, istagan kiyimingizni, istagan soch turmagingizni, makiyaj va boshqa narsalaringiz qilishingiz mumkin. Har kuni talabalarning darsga kech qolish yoki qolmasligi, darsga kelish yoki kelmasligi ko’rib chiqiladi va muzokara qilinadi, choralar ko’riladi, ammo HECH QACHON talabalar va o’qituvchilar orasidagi munosabat, dars sifati, darsga O’QITUVCHINING kelish kelmasligini nazorat qilishmaydi. Talaba doim odamning oxirgi darajasi, o’qituvchi va dekanat va rektoratdagi odamlar esa yuqori qatlam insonlari, o’zlaridan “XUDO” yasab olgan “insonlar”. Universitetda hech kim talabaning fikriga, olayotgan bilimiga emas, ularning soni, daftarlari, varaqlari va yana qayerdagi narsalar muhim. Hech qachon ochib o’qilmaydigan, lekin to’ldirib 12 varaqli daftarga yozilgan qayta topshirish daftarlari turishi kerak. Ba’zi o’qituvchilarimiz aytgan: “Menga kerak emas bunday yozdirib, boshqa narsa topshirasiz, baribir bu daftarlarni bolalarim o’ynab, tashlab yuboradi…”. Baholashga keladigan bo’lsak, o’qituvchi qanday bahoni istasa shuni qo’yadi, unga sizning bilimingiz emas, unga qilayotgan muomalangiz va gap qaytarmaganingiz, haqqingizni talab qilmaganingiz bilan o’lchanadi. Yana baholar hammayoqqa ko’chirilib, aniq bo’lgandan keyin talabaga ma’lum qilinadi. Ba’zi o’qituvchilar esa umuman aytmaydi, talaba o’zi yalinib, yoki kunlab, haftalab kutib, unda ham starosta orqali bilib oladi. Talabalarga bo’lgan muomala 0, na gaplashganda yaxshi muomala qiladi, na telefonga javob beradi, na sms yozsa javob beradi. Shunchaki hech kim o’rnida ko’rib, ignore qiladi. Yana kredit-module tizimi haqida aytilgan gaplar ham juda to’g’ri. Sal kam 2–3 yildan oshdi bu tizimga o’tilganiga, ammo hali ham biz o’tish jarayonidamiz. Biz na fan tanlay olamiz, na o’qituvchi. Faqatgina fandan yiqilsangiz sizda kredit-module tizimi, siz o’tolmadingiz, pul to’laysiz. Semester mobaynida umuman boshqa narsani o’rganasiz, yakuniy imtihonida esa umuman boshqa narsadan imtihon topshirasiz. Majbursiz, o’zingiz o’qishingiz kerak edi. Kechadan boshlangan bir fanimiz o’qituvchisi 1 para bizga odob-axloq, darsga kelish, bahonalar haqida ma’ruza o’qigandi, ammo bugun qayerdadir boshqa joyda ham darslari borligi sababli kelmadilar darsga, biz esa hech nima bo’lmaganday indamadik.
Sotsiologiya, 4-kurs talabasi
Bu yo’nalishda o’qiyotgan talabalarning asosiy qismi bu sohani tushunib, qiziqib emas, shunchaki balli pastligi uchun kirgan. Talabalar qiziqmagandan keyin o’qituvchi ham ishtiyoq bilan o’tmaydi, “shunchaki” dars o’tadi.
Yo’nalishimdagi bir fan bor, dars o’tilgan, o’qituvchi hayotini suv qilib gapirib berishimiz mumkin, lekin fan haqida hech narsa bilmaymiz. Fanni katta yoshli professor o’tar edi, faqat o’zini hayotini gapirar edi. Voqea: Bir kuni darsimizga prorektor kirib bizda qanday muammolar borligini so’radi, o’sha payt keksa yoshli professor kasalxonada yotgan edi, katta yosh bo’lgandan keyin kasalxonada bo’ladida, muammolari bo’ladi, kasal bo’lib turadi, bu yomonda, ba’zida darslarimiz bo’lmaydi, uni o’rniga o’tishga odam yo’q. Boshqa talabalarga esa bu zo’r, dars yo’q hamma xursand. Menga alam qilgani, bu fan bizni nonimiz edi, bizga non beradigan fan edi, eng asosiysi edi. Men hayron qolganman, ular ikkita fan bo’lmayotganini aytmayapti, keyin men aytganman, hamma menga o’qrayib qaragan, prorektor chiqib ketgandan keyin ko’pchiligi menga norozi kayfiyatda gapirishni boshlagan. Undan kora universitetdan tashqarida bilim va malaka qidirganim yaxshi ekan.
Lekin rostdan shunaqa ketaversak jarlikda, sotsiologiya hali O’zbekistonda rivojlanmay o’lyapti. Subyektivni ko’rib na kulishni bilasan na yig‘lashni.
Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti
Inson resurslarini boshqarish, 3-kurs talabasi
Oquv tizimini oyog’ini osmondan qilayotgan 3 ta faktor:
1. Dekanat va universitetni turli tuman be’mani qonun qoidalari.
2. O’zbek stereotiplari (universitetga kirsa hammazi zo’r bo’lib ketishi haqidagi)
3. Yaxshi kadrlar boshqa xususiy universitetlarga ketgani sababli, 80 daqiqa vaqtimizni bolmag’ur narsalarga ketkazib yuboryapti oqituvchilar (lekin xudoga shukur hammasi ham unday emas)
Masalan kecha bizga dekanat tomonidan oylab topilgan odob axloq qoidasi berildi.
Erinmasdan oqib chiqdim, ichida faqat noaniq gap so’zlar, universitetga sodiq, kattalarga hurmat haqida yozilgan asosan.
Inson resurslarini boshqarish, 3-kurs talabasi
Subyektivda to’g’ri ko’rsatishgan, o’tgan yildan boshlab bizda forma masalasiga juda qattiq qarashni boshlashgan. O’zim ro’mol o’raganim uchun ayta olamanki, ro’molga qattiq qarashadi, hatto “ro’molingni yech” deb aytishgan ham.
Ustozlar dars berish uchun emas, faqat baholash uchun kelishadi, hamma narsa talabani o’ziga qolib ketgan.
Kredit tizmi juda dabdala.
Inson resurslarini boshqarish, 4-kurs talabasi
Subyektivda ko’rsatilgan deyarli hamma muammolar bizni unversitetda bor. Menga eng yomon ta’sir qiladigan tarafi, keraksiz fanlarning ko’pligi, спец fanlar juda kam qo’yilgan. Forma, soch-soqol ham shularning jumlasidan, bularning o’qishga qanday ta’siri bor hozirgacha tushunmayman. Yana bizda hozirgacha kuzatiladi, darsni o’rtasida davomatga kirib hammani diqqatini buzadi, yetmaganiga kelmaganlar qolib, kelganlarni miyyasiga “ishlov” beradi.
O’tgan yili rektorimiz tomonidan erkin rasmiy formaga ruxsat berildi, lekin ko’p o’tmasdan zam dekanlar yana formani talab qila boshladi, bilmadim rahbariyat bilan dekanatlar o’rtasida qanaqadir tushunmovchiliklar ko’p.
Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti
Xalqaro iqtisodiyot va menejment, bitiruvchi (2022)
1. Talabalar saralanib olinadi, ularni dunyoqarashi keng, har sohada soatlab gaplashish mumkin.
2. Ilmiy xodimlar, o’qituvchilar sifati yuqori.
3. Darslar 3 tilda bo’ladi, shuning uchun bitirayotgan talabada o’zbek, rus, ingliz tili darajasi yuqori bo’ladi.
4. Bizning universitet Oliy ta’lim emas, Tashqi ishlar vazirligiga qaragani uchun ta’lim tizimi va sifati yuqori darajada.
5. Universitet kampusi, talabalar uchun qulay sharoitlar yaratilgan, 24/7 kutubxona, suzish havzasi, tennis kort, talabalar turar joyi va boshqalar.
6. Talabalar ijtimoiy hayoti zo’r, turli tadbirlar, klublar va boshqalar.
7. Korrupsiya mavjud emas.
Minuslaridan administratsiyani aytishim mumkin, dekanat, rektorat bilan aloqa qilishni deyarli iloji yo’q, qabuliga kirish qiyin, shikoyatlarni hech kim eshitmaydi.
Xalqaro iqtisodiyot va menejment, 4-kurs talabasi
Subyektivda muammolar yaxshi yoritilgan, real hayotda bor, sababi o’zimizni ham tanishlarimiz “Iqtisod” va “Jahon tillari” kabi universitetlarda o’qishadi, pul bilan ham hal qilsa bo’ladigan holatlar borligini bildik.
Diplomatiya va Yuridik universitetlari oliy ta’lim emas, tashqi ishlar va adliya vazirligiga qaraydi. Buni eng yaxshi tarafi quyidagicha deb o’ylayman, bu universitetlarga kirish qiyin, DTMdan tashqari universitetni ichki imtixoni ham bor (ikkita tilda insho va mantiqiy topshiriqlar). Boshqa davlat universitetlariga nisbatdan Diplomatiyada ta’lim yuqoriroq deb hisoblayman, bu yerda filtr yaxshi qo’yilgan, talabalar deyarli hammasi 3 ta tilni bilgani uchun nisbatdan dunyo qarashi kengroq. Qolaversa, 4 yildan beri shu universitetda o’qiyotgan bo’lsam korrupsiyaga aloqador hech narsa eshitmadim, hech kim pora bermadi va olmadi ham.
Ikkita kutubxonamiz bor, hammasi kerakli texnikalar bilan jihozlangan, kitoblar o’qish va coworking sifatida foydalanish mumkin. Darslar 3 ta tilda o’tiladi, xalqaro fanlar asosan ingliz tilida bo’ladi, undan tashqari romano german va sharq tillaridan 4-tilni ham o’rganiladi. Bir semesterda 5–8 ta fan bo’ladi.
Bizdagi muammolardan, ta’lim tizimida eski ma’lumotlar va standartlarda qolib ketganmiz. Forma masalasi, katta kurslarda klassik shim va oq ko’ylak kiysa bo’ldi, kichik kurslarda esa qattiqroq qaraladi.
O’zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti
Ingliz tili va adabiyoti, bitiruvchi (2022)
Byurokratik tizim hozirgi vaqtda buzilib chiqib ketmoqda, sababi talabalar talab qilishadi va rektorimiz ham biz bilan bir to’lqinda. Judayam yaxshi ko’radigan kuratorim bor edi, lekin tashabbuslarga halaqit beruvchi tizimni deb boshqa universitetga o’tib ketdilar (ya’ni Subyektivda aytilgandek talabalarni uyiga borib rasmga tushish va hokazo).
Ikkinchi kursligimda yangi rektor kelgan edi va o’qituvchilarga “hech kim talabadan to’ldirilgan daftar talab qilishga haqqi yo’q” deb aytgan edi, bizda daftar tekshirishmaydi. Oraliq baholar emas, faqat sessiyadagi baholar ro’l o’ynaydi.
Men tashabbus bilan chiqqanman, lekin qo’llab quvvatlashmagan, shuning uchun to’g’ri rektorni xonasiga kirishni maslahat beraman, rektorimiz yaxshi inson, ko’p hollarda qo’llab quvvatlaydi.
Talabalar yotoqxonasida yashash uchun korrupsiya aralashgan holatlar ham mavjud.
Xorijiy til va adabiyot, 1-kurs talabasi
Umuman forma talab qilinmaydi, hijoblilarga umuman gapirishmayabdi, hech kim eshikni tagida turib formang qani demayapti.
Daftar, konspekt so’rashmaydi, talaba o’zi uchun note’larni yozib yurishi mumkin.
50–60 ta fan yo’q, oldin bo’lgandir, lekin hozir 1 semesterda 6 ta fan.
Hech kim davomat olmayapti, hohlagan keladi, hohlagan kelmaydi (o’qituvchilar o’zlari uchun +- qilishyapti), lekin kimdir “nega kelmading…” deb gapirishmayapti.
Subyektivda aytildiki, ustozlar faqat hujjat masalasi bilan shug’ullanadi, dars o’tmaydi, bo’lmagan gap, oldin bo’lgan bo’lishi mumkin, lekin hozirgi vaqtda tutor’lar tayinlangan (tutor — faqat shu guruh hujjatlari bilan ishlaydigan odam, ular dars o’tmaydi umuman, faqat hujjat masalasi bilan shug’ullanishadi).
Guruhda bilim darajasi bir xil talabalar o’qiydi, byudjet guruhiga kontrakt/super kontrakt qo’shishmaydi. Guruhda 15 ta talaba, har birimizdan bemalol so’rab ulgurishyapti.
O’qituvchilar bilimsiz fikriga qo’shilmayman, bizni o’qituvchilar chet elda tajriba olgan, talaba bilan yaxshi kommunikatsiya o’rnata oladigan, sifatli o’qituvchilar.
Oldin teacher centered bo’lgan ekan, hozir student centered bo’lyapti, mustaqil o’zini ustida shug’ullanish. O’qituvchi shunchaki yo’l ko’rsatadi, mavzu beradi, uyog’ini talaba o’zi mustaqil research qilib o’rganadi.
Yangiliklardan: darslarda yaxshi, faol qatnashgan talabalar imtixonga kirishmaydi (ya’ni semesterni ohiridagi imtixonga).
O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti
PR, bitiruvchi (2022)
Muhit, ijtimoiy hayot zo’r. Muhit yaxshiku, lekin ta’lim…
O’qituvchi tanlashda xatoliklar bo’lgan, o’qituvchilar kuchli emas. Amaliy bilimdan ko’ra nazariy ko’p. Menimcha PR bo’yicha 2ta yaxshi o’qituvchi, qolganlari bizdan (talabadan) ham sustroq. Ayb talabada ham bor, o’z yo’nalishini sevib o’rganadigan, faol talabalar sanoqligina, qolganlari “talabalik davrim mening” deb yurishadi. Abituriyentlik davrida bosib o’qigan, DTMda katta ball bilan kirib “kirib oldimku” deb o’qishni umuman tashlab qo’ygan va “tupoy” bo’lib bitiryapti. Kirib olgandan keyin o’qish osonda, maktabdayam baholarni bunchalik oson olmaganman.
Mediadizayn, 2-kurs talabasi
Hamma universitetlarda ham ahvol bir xilda. Subyektivdagi gaplar 100% haqiqat. Toʻgʻri bizda forma majburiy emas, lekin dabdala baribir, buni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi.
Internet jurnalistika va mediadizayn, 1 kurs talabasi
Men ham bu fikrga qo’shilaman, sababi o’qishni tashlab chiqib ketyapman, O’zbekistonda oliy ta’limda o’qish bekorga vaqt sarflashdan boshqasi emas.
Toshkent Moliya Instituti
Buxgalteriya, 4-kurs talabasi
Subyektivga qo’shilaman. Erkaklarda forma tekshiriladi (galstuk, soch, soqol), qizlarda yo’q, lekin qizlarda hijob/ro’molga gapirishadi, “Nega hjob o’ragansan?”, “Nega falon rangdagi ro’mol o’rab kelding?”
Zamdekan darsni bo’lib kiraveradi, lekin qonun bo’yicha darsni rektor ham bo’lib kirishga haqqi yo’q. O’z tajribamdan ayta olaman, bizni universitetda ta’limdan ko’ra, kim keldiyu kim kelmagani muhim, rostdan ta’limdan davomat ustun. Videoda aytilgan darsda gapni olib qochadigan o’qituvchilar o’z fanini kerakli darajada bilmaydi, shu gapga 100% qo’shilaman, bizda ham shunday voqea bo’lgan, shu kabi gapni olib qochuvchi domlaga kursdoshim fan bo’yicha savol berganda, o’qituvchi: “biz hali u mavzuga kelmadik, keyin aytib beraman” deb javob qaytargan edi.
Toshkent Davlat Sharqshunoslik Universiteti
Xitoyshunoslik, 4-kurs talabasi
U videoga qo’shilmagan joylarim bor edi. O’qishim davomida korrupsiya bo’lmagan. O’qituvchilarimiz juda yaxshi, o’qiyman desa ta’lim beradigan o’qituvchilar. To’layotgan pulimga achinmayman, noliydigan joyim yo’q. Sharoit yaxshi emas, shu minus tarafi edi, yaqinda yangi binoga ko’chdik.
Toshkent Davlat Yuridik Universiteti
Jinoiy odil sudlov, bitiruvchi (2022)
Bizni universitet ham Oliy ta’lim vazirligiga emas Adliya vazirligiga qaraydi. Diplomatiya talabasi to’g’ri aytgan, subyektivda aytilgan narsalar bizni universitetimizda ham bo’lmaydida, men bu kabi narsalarni ko’rmaganman.
Faqat bir tarafi bor, bizda yuristlarni tayyorlaydigan oliygoh bo’lgani uchun formaga qattiq qaraladi, soqol, galstuk… Bizga “Yuristday bo’l, etika estetika, formaga e’tiborli bo’l” deb aytishadi.
Boshqa davlat universitetlariga borib, eshitib solishtirib ko’rganman, haqiqatda bizni universitet boshqacha, yana shu yildan erkinliklar berilgan, hohlagan o’qituvchini tanlash, hohlagan fanini tanlash kabi.
Bizni universitet ham Oliy ta’lim vazirligiga emas Adliya vazirligiga qaraydi.
Subyektivda aytilgandek, fikrlarimiz subyektiv, xulosa har kimni o’zida.
Maqola yozilishida hissa qo’shgan talabalarga o’z minnatdorchiligimni bildiraman, rahmat!
Blogni kuzatib borish uchun telegram kanalimga obuna bo’ling, izohda fikrlaringizni qoldiring.