April 6, 2020

BIZ KIM TEMUR AVLODLARI

Mustaqillikka erishgan O'zbekiston tarixiy adolatni tiklashga, ko'plab buyuk ajdodlarimizning nomlari va boy meroslarini tiklashga muvaffaq bo'ldi. Ular orasida jasorat, mardlik va donolik, xalqimizning milliy g'ururi timsoli bo'lgan Amir Temur alohida o'rin egallaydi.

O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganidek, " Amir Temurni anglash - bu o'zlikni anglash demakdir. Amir Temurni ulug'lash - bu tarixning tubiga, madaniyatimizga va kuchimizga asoslangan mamlakatimizning buyuk kelajagiga bo'lgan ishonchimizni kuchaytiradi. Buyuk ajdodimiz siymosi xalqimizga doimo g'urur va iftixor hissini baxshida etadi.”

Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur buyuk siyosiy hukmdor sifatida mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlagan, hamda markazlashgan davlat barpo etgan tarixiy shaxslardan biri bo’lib tarix zarvaraqlariga muhrlandi.

Sohibqiron qonunchilik faoliyati bilan faol shug'ullangan. U "Temur tuzuklari" deb nomlangan davlat boshqaruviga oid asar yaratdi, unda davlatni boshqarish usullari, kengash hamda jang paytida kerak bo’ladigan turli xil usullar bayon etilgan.

"Kuch adolatdadir" – Temur saltanatining shiori hisoblangan.

Bugungi kunda, biz va bizga o’xshagan yoshlar uchun bu so'zlar ustuvor ma'naviy va axloqiy mezon o'lchovidir.

Bundan tashqari, Amir Temur siymosini abadiylashtirish maqsadida 1996-yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi. 1996-yilga “Amir Temur yili” deb nom berildi. Amir Temur ordeni ta'sis etildi. Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo etildi. "Adolat", "Ta'lim", "Shon-sharaf" va "Do'stlik" so'zlari muzey binosining tashqi devorida aks ettirilgan. Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimizning merosi biz yoshlarga kuch, g’ayrat baxshida etadi hamda kelajakda katta muvafaqqiyatlarga erishishimizda asos bo’lib xizmat qiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Amir Temur, Alisher Navoiy, Imom al-Buxoriy hamda boshqa buyuk siymolarimizning ruhlari bizni qo’llab-quvvatlar ekan, xalqimiz orasidan ularga o’xshagan buyuk zotlar chiqishi shubhasiz”.

Haqiqatan, hozirgi rivojlanib borayotgan texnika va texnologiya asrida yoshlarimizning bilimga chanqoqligi ularni yorqin kelajak sari olg'a yetaklaydi. Mamlakatimizda yoshlarimiz har bir sohani, ya'ni iqtisodiyot, siyosat hamda kompyuter texnologiyalarini mukammal o'rganib, mustaqil O'zbekistonni dunyoga tanitmoqdalar.

Men ushbu blogpostimni, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan o'tkazilayotgan bobomiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 684 yilligiga bag‘ishlab, "BIZ KIM TEMUR AVLODLARI" mavzusidagi tanlov uchun yozdim.

Begimqulov Musurmon Xolbutayevich