Buxoroda korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan texnologik yondashuvlar muhokama qilindi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi negizida korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonlariga raqamli yechimlarni joriy etish mavzusiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Muhokamalarning asosiy yo‘nalishi — jarayonlarni avtomatlashtirish, shaffoflikni ta’minlash va inson omilining ta’sirini kamaytirishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur seminar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Buxoro viloyati prokuraturasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
“O‘zbekneftgaz”ning komplayens departamenti boshlig‘i Alisher Davlanov raqamlashtirish yo‘nalishidagi amaliy tashabbuslar bilan bo‘lishdi. Xususan, “1C-Shartnoma” tizimi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va shartnomaviy jarayonlarda inson omilini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, kontragentlar ishonchliligini baholashda World-Check platformasi muhim vosita sifatida alohida ta’kidlandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar Buxoro neftni qayta ishlash zavodining asosiy ishlab chiqarish obyektlari bilan yaqindan tanishdilar. Ekskursiya davomida raqamli yechimlar amalda qanday joriy etilayotgani hamda ularning samarasi yuzasidan real misollar namoyish etildi.
Ishtirokchilarning umumiy fikriga ko‘ra, korrupsiya xavflarini barqaror kamaytirish faqat tizimli yondashuv — zamonaviy texnologiyalar, shaffof boshqaruv va institutlararo hamkorlikni kuchaytirish orqali amalga oshiriladi.