August 3

“Zakovat” intellektual oʻyinini oʻtkazish tartibi

1. “Zakovat” intellektual oʻyinida yoʻnalishi, sohasi, mutaxassisligi, yoshidan qatʼi nazar, “Buxoro NQIZ” MChJda ishlaydigan barcha ishchi-xodimlar ishtirok etishi mumkin.

2. Musobaqada ishtirok etuvchilar roʻyxati Ishchi guruhga sex yoki bo‘lim rahbari tomonidan imzolangan holda elektron shaklda (PDF formatida) yuborilishi lozim.

3. “Zakovat” intellektual oʻyini davomida har bir jamoada bir vaqtda 6 nafar ishtirokchi qatnashishi lozim. Ayrim hollarda Ishchi guruh ruxsati bilan 5 nafar ishtirokchi bilan ham qatnashish mumkin.

4. “Zakovat” intellektual oʻyinida 30 ta savol (10 ta savoldan 3 ta tur) oʻynaladi.

5. Jamoalarga bir paytda bir xil savol beriladi, jamoalar oʻz javoblarini maxsus javob blankalariga yozib berishlari lozim boʻladi. Maxsus javob blankining yuqori qismida albatta jamoa nomi, tur va savol raqami koʻrsatilishi kerak. Ushbu maʼlumotlar hamda jamoaning javob varianti maxsus javob blankning bir tomonida boʻlishi kerak.

6. Har bir savolni oʻylash uchun 1 daqiqa vaqt beriladi. Boshlovchi 50 soniya boʻlganda vaqt tugashiga 10 soniya qolgani haqida ogohlantiradi.

7. Bir daqiqa vaqt tugagach, jamoalar oʻz javoblarini maxsus javob blanklariga yozishlari uchun yana qoʻshimcha 10 soniya beriladi. Bunda boshlovchi 10 dan 1 gacha ovoz chiqarib sanaydi.

8. Savol berilib, “vaqt ketdi” ishorasi berilgandan soʻng jamoalar jami 1 daqiqa 10 soniya tugagan paytda javob variantlarini yozib, maxsus javob blankni baland koʻtargan holda turishlari lozim.

9. Jamoalarning javob variantlari oldindan maxsus tayinlangan sekundantlar tomonidan yigʻib olinadi va hisob-komissiyasiga topshiriladi. Javob blanklarini jamoa aʼzolari tomonidan mustaqil olib kelinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

10. Oʻz vaqtida javob blankini koʻtarishga ulgurmagan jamoaning javobi qabul qilinmaydi.

11. Mantiqiy tugallanmagan javob varianti qabul qilinmaydi.

12. Javob blankida faqat 1 ta javob varianti aks etishi lozim. Ikki yoki undan ortiq variant yozilgan javob variantlari, garchi ulardan biri toʻgʻri boʻlsa ham, qabul qilinmaydi va jamoaga ball berilmaydi.

13. Ustiga chizilgan, ustidan boʻyalgan yoki qavsga olingan javob variantlari hisobga olinmaydi. Masalan, savolning toʻgʻri javobi “Qulf va kalit” deylik. Bunday vaziyatda jamoa javob blankiga “qulf” soʻzini yozdi va qavs ichida “(kalit)” deya qoʻshib qoʻydi. Bunday holatda jamoaning javobi aniq javob sifatida qabul qilinmaydi va ball berilmaydi.

14. Har bir savolga bir balldan beriladi. Turnirlarda eng koʻp ball olgan jamoalar gʻolib sifatida topiladi.

15. Turnirda jamoalar tomonidan berilgan javob variantlarini hisoblash maqsadida hisob-komissiyasi tashkil etiladi.

16. Hisob-komissiyasi jamoa tomonidan berilgan javob variantini aniq javobga toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini mustaqil baholab, jamoaga ball berish masalasini hal qiladi va turnir natijalari hisobini olib boradi.

17. Hisob-komissiyasining qarori apellyatsiya natijasida oʻzgartirilishi mumkin.

18. Agar yuqori oʻrinlar uchun ikki yoki undan ortiq jamoalar bir xil ball olsa, unda ular oʻrtasida birinchi toʻgʻri/notoʻgʻri javobgacha (hisobdagi birinchi farqqacha) qoʻshimcha savollar beriladi. Sovrinli oʻrinlarga daʼvogarlik qilmaydigan bir nechta jamoalar oʻrtasida qoʻshimcha oʻyin oʻtkazilmaydi.

19. 3 ta turdan soʻng ishtirokchi jamoalarning barcha turlarda yigʻilgan ballari hisoblab chiqiladi va “Zakovat” o‘yini gʻolibi aniqlanadi. 1-, 2-, va 3-oʻrinni egallagan jamoalarga tashakkurnoma topshiriladi.

20. Bundan tashqari, jamoalar umumzavod reytingida quyidagi ballarga ega bo‘ladi:

• 1-o‘rin – 10 ball;

• 2-o‘rin – 8 ball;

• 3-o‘rin – 6 ball;

• ishtirok uchun – 2 ball.

“Zakovat” intellektual o‘yini ishtirokchilarining odob-axloq qoidalari

21. “Intellektual olimpiada” musobaqasi doirasidagi bellashuvlar davomida ishtirokchilarning oʻyin jarayoniga xalaqit qiladigan xatti-harakatlar (oʻrnidan turish, soʻkinish, raqib jamoa, ishtirokchi va tashkilotchilarga hurmatsizlik qilish va h.k.) qilishi taqiqlanadi. Bunday holatda ishtirokchi yoki uning jamoasi turnirdan chetlantirilishi yoki ishtirokchi jamoasi Ishchi guruh qaroriga muvofiq 1 balldan 3 ballgacha jarima tariqasida jazolanishi mumkin.

22. Ishtirokchilar bilimlar bellashuvlari davomida savollarga javob topish maqsadida qoʻshimcha manbaalardan (telefon, gadjet, planshet, shpargalka va h.k.) foydalanishi taqiqlanadi. Turnir tashkilotchilari tomonidan shunday holat aniqlanganda jamoa yoki ishtirokchi turnirdan chetlatiladi va toʻplagan ballari bekor qilinadi.

23. Savol oʻqilgach, ishtirokchilarga tomoshabinlar tomonidan javob variantlarini aytilishi qatʼiyan taqiqlanadi. Turnir tashkilotchilari tomonidan shunday holat aniqlanganda tomoshabin turnirdan chetlatiladi. Boshlovchi tomonidan savol almashtiriladi.

yakuniy talabnoma shakli