April 17

Buxoro NQIZda 2026-yil birinchi chorak yakunlari sarhisob qilinib, yil oxirigacha operatsion samaradorlikni oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Shahzod Alirizayev rahbarligida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2026-yilning birinchi choragi yakunlari hamda yil oxirigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda korxonaning asosiy yo‘nalishlari rahbarlari hisobot bilan chiqib, erishilgan natijalar va 2026-yil oxirigacha mo‘ljallangan rejalarni taqdim etishdi. Muhokamalar markazida ishlab chiqarish jarayonlari barqarorligi, texnologik quvvatlardan foydalanish darajasi, xomashyoni qayta ishlash samaradorligi hamda neft mahsulotlarini ritmik jo‘natishni ta’minlash masalalari bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, korxona qayta ishlashning barqaror sur’atlarini saqlab qolmoqda va mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda qayta ishlash hajmini bosqichma-bosqich oshirish, shuningdek, texnologik jarayonga qo‘shimcha xomashyo komponentlarini kengroq jalb etish bo‘yicha ijobiy natijalar qayd etildi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish va logistika zanjirini yanada muvozanatlashtirish zarurligi alohida qayd etildi. Mavjud resurslar hajmini qayta ishlash va sotish jadvallari bilan aniqroq uyg‘unlashtirish, xomashyoni qabul qilishdan boshlab tayyor mahsulotni jo‘natishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda rejalashtirish sifatini oshirish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.

Shahzod Alirizayev korxonaning joriy faoliyatiga tanqidiy-tahliliy baho berar ekan, ishlab chiqarish salohiyatini to‘liq ishga solishga to‘sqinlik qilayotgan qator omillar mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi.

Xususan, ishlab chiqarish jarayonlari boshqaruvchanligini kuchaytirish, qayta ishlash va sotish bosqichlari o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirish, tarkibiy bo‘linmalar o‘rtasida ijro intizomi va muvofiqlashtirishni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Ushbu yo‘nalishlarda tizimli ish olib borish korxona samaradorligini oshirishning muhim sharti ekani qayd etildi.

Neft bozoridagi o‘zgaruvchan konyunktura sharoitida ishlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, jahon narxlarining o‘zgaruvchanligi, jumladan Brent markali neft kotirovkalari dinamikasi fonida bozorni tizimli tahlil qilish, narx siyosatini moslashuvchan yuritish va shartnomaviy faoliyat sifatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi: resurslarni qayta ishlashga yanada to‘liq jalb etish orqali xomashyo bazasidan foydalanish samaradorligini oshirish; qayta ishlash chuqurligi va barqarorligini ta’minlash maqsadida texnologik rejimlarni optimallashtirish; mahsulotlarni ritmik sotish uchun logistika va yuklash mexanizmlarini takomillashtirish; shuningdek, rejalashtirish aniqligi va umumiy operatsion samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi ishlab chiqarish jarayonlarini modellashtirish hamda boshqarishning raqamli vositalarini joriy etish.

Tashrif doirasida Boshqaruv raisi o‘rinbosari energiya samaradorligini oshirish, energiya iste’molini optimallashtirish va ishlab chiqarish infratuzilmasi barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi akkumulyatorli energiya saqlash tizimi – BESS loyihasi bilan ham tanishdi.

Yig‘ilish yakunida Shahzod Alirizayev 2026-yil oxirigacha korxona oldida ishlab chiqarish-logistika zanjirining muvozanatli ishlashini ta’minlash, samaradorlikni izchil oshirish hamda rejalashtirilgan ishlab chiqarish-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish vazifalari turganini ta’kidladi. Belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi Buxoro neftni qayta ishlash zavodining barqaror faoliyatini ta’minlash va uning ishlab chiqarish salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Buxoro NQIZ” MCHJ PR xizmati