“Buxoro NQIZ” MCHJda favqulodda vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
“Buxoro NQIZ” MCHJ obyektlarida shartli ravishda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida zavod fuqaro muhofazasi tuzilmalari, yong‘in-qutqaruv qismi, tibbiyot-sanitariya qismi, harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi, avtonaqliyot sexi, sanitariya drujinasi, Qorovulbozor tumanidagi harbiy qism tezkor guruhi hamda Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimlari bilan hamkorlikda maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarida fuqaro muhofazasi hamda kuch tuzilmalarining kasbiy tayyorgarligi katta ahamiyatga ega. Buning uchun muntazam mashg‘ulotlar va jismoniy mashqlar sifatiga alohida e’tibor berish lozim.
G‘oyaga ko‘ra, “Buxoro NQIZ” MCHJning 21 D 05 texnologik qurilmasida sig‘imning germetik holati buzilib, zaharli gazlarning sizib chiqishi sodir bo‘ldi, bir nafar xodim jarohat oldi.
Zaharli gazlarning sizib chiqishini to‘xtatish uchun favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimining kuch va vositalari, shuningdek, obyektning texnik xodimlari yo‘naltirildi.
Shartli zaharli gazlarning atrof-muxitga tarqalishi mobilizatsiya ishlari va fuqaro muhofazasi xizmatining avariyani bartaraf etish rejasiga muvofiq bartaraf etildi, jarohatlangan xodimga shifokorgacha birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib tibbiyot-sanitariya qismiga topshirildi, harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi, sanitariya drujinasi, yong‘in-qutqaruv qismining jalb etilgan xodimlari o‘quv mashg‘ulotlar jarayonida samaradorlik va yuqori darajadagi hamkorlikni namoyish etishdi.
Ma’lumot uchun: xavfli ishlab chiqarish obyektlarida o‘quv mashg‘ulotlari asosan yong‘inlarning oldini olish, shuningdek, favqulodda vaziyatlar paytida avariyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish maqsadida o‘tkaziladi.