February 4

“Dolzarb 100 kun”: “O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi Buxoro NQIZ jamoasi bilan uchrashdi

Bugun Buxoro NQIZda “Dolzarb 100 kun” doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi va korxona xodimlari o‘rtasida xotin-qizlar kengashi, yoshlar ittifoqi hamda kasaba uyushmasi faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Ishchi guruh tarkibiga boshqaruv raisining ma’naviyat-ma’rifat, davlat tili va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yulduzxon Adilova, “O‘zbekneftgaz” AJ birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Gaziyev, boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi O‘tkirbek Mamatqulovlar kiritildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – korxonada ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, xotin-qizlar, yoshlar hamda mehnat jamoasi vakillarini qiziqtirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Xotin-qizlar kengashi yo‘nalishida jamiyat tizimidagi tadbirlarni ko‘paytirish, mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoya, xotin-qizlarning jamoat va boshqaruv faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yoshlar ittifoqi doirasida yosh mutaxassislarning kasbiy rivojlanishi, malaka oshirish va tajriba almashish davomiyligi uzaytirish, karyera o‘sishi, yoshlarning korporativ va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etishi, shuningdek, ularning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Kasaba uyushmasi yo‘nalishida xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, dam olish va sog‘lomlashtirishni tashkil etish hamda jamoa shartnomalari munosabatlarini takomillashtirishga oid masalalar ko‘tarildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi a’zolari ochiq muloqot davomida bildirilgan barcha murojaat va takliflar bo‘yicha tushuntirishlar berib, ular tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi va nazoratga olinishi ta’kidlashdi. O‘z navbatida xodimlar ularga yaratilgan sharoitlar, korxonada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan minnatdorlik so‘zlarini aytishdi.

Bunday ochiq muloqotlar rahbariyat va mehnat jamoasi o‘rtasida ishonchli munosabatlarni mustahkamlash, qarorlar qabul qilishda ochiqlikni ta’minlash hamda korxonaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

“Buxoro NQIZ” MCHJ PR bo‘limi