Buxoro NQIZning mehnatni muhofaza qilish xalqaro standartiga muvofiqligi tasdiqlandi
12-13-mart kunlari Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ISO 45001 xalqaro standarti bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligini boshqarish tizimining birinchi kuzatuv tashqi auditi o‘tkazildi. Tekshiruv “Management Certification” sertifikatlashtirish kompaniyasi auditorlari tomonidan o‘tkazildi.
Ekspertlar ikki kun davomida korxonada ishlab chiqarish xatarlarini boshqarish mexanizmlarining amalga oshirilishi, mehnat sharoitlari ustidan tashkil etilgan nazorat, baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish uchun qanday choralar qo‘llanilayotganini baholashdi. Audit doirasida zavodning ishlab chiqarish bo‘limlari va sexlarida bo‘lib, standart talablarining amalda bajarilishi tekshirildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, auditorlar amaldagi tizimning ISO 45001 talablariga muvofiqligini tasdiqlashdi. Taqdim etilgan jarayonlar va hujjatlar, shuningdek, risklarni boshqarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ijobiy baholandi. Birinchi kuzatuv auditi muvaffaqiyatli yakunlandi.
ISO 45001 standarti ishlab chiqarish xavflarini tizimli ravishda kamaytirish, xavfsizlik madaniyatini oshirish va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan. Uni qo‘llash korxonalarga nafaqat avariya va travmatizmning oldini olish, balki ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi uchun sanoat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish korxona barqaror ishlashining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.