Buxoro NQIZ Amerika ekspertlari bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida 2026-yil 8-may kuni “Buxoro NQIZ” MChJga amerikalik mutaxassis hamda loyiha faoliyati bo‘yicha ekspert janob Gassman Christopher Joseph amaliy tashrif buyurdi.
Tashrifning asosiy maqsadi korxona faoliyati, shuningdek, zavodda aviatsiya, kosmik va mudofaa sanoati korxonalari uchun mo‘ljallangan sifat menejmenti tizimi bo‘yicha xalqaro AS 9100D standarti talablariga muvofiq olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdan iborat bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: “Buxoro NQIZ” MChJ Amerikaning Milliy akkreditatsiya kengashi (ANAB) akkreditatsiyasiga ega xalqaro sertifikatlashtirish organi – Det Norske Veritas (DNV) tomonidan berilgan AS 9100D xalqaro muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lib, bu korxonaning sifat va ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish sohasidagi yuqori xalqaro talablarga javob berishini tasdiqlaydi.
Tashrif davomida amerikalik mutaxassis zavodning ishlab chiqarish infratuzilmasi, texnologik jarayonlari, shuningdek, Jet aviatsiya yonilg‘isini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyat bilan yaqindan tanishdi.
Janob Gassman Christopher Joseph zavod mutaxassislarining professional salohiyatini yuqori baholab, korxonada zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda xalqaro standartlarga rioya etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etdi. Shuningdek, uchrashuv davomida o‘zaro manfaatli bo‘lgan qator istiqbolli tashabbus va loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif yakunida tomonlar bunday uchrashuvlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi professional hamda ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, hamkorlikni yanada rivojlantirish va konstruktiv muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.