October 9, 2025

IRREVERSIBLE PATHS

11-qism: “Yorug‘likdan keyingi sukunat”


Tosh labirint qulab tushganida, ularning ko‘z o‘ngida yorqin oq nur paydo bo‘ldi. Bir zumda hammasi jim bo‘lib qoldi. Na sham, na ovoz, na shamol — faqat yuraklarning urishi eshitilardi.

Fei ko‘zlarini ochdi. U atrofga qaradi — bu joy tanish emasdi. Osmonda quyosh yo‘q, lekin nur bor. Yer yumshoq, xuddi tuman ustida yurayotgandek.

— “Qayerdamiz bu?” — dedi Fei past ovozda.

Chan atrofni sinchiklab qarab chiqdi:
— “Bu joy... oraliq vaqt. Na o‘tmish, na hozirgi zamon. Biz bu yerda yuragimizdagi haqiqatni tan olishimiz kerak.”

Fei so‘zsiz qoldi. Shu payt Felix qichqirib yubordi:
— “O‘rtoq, men tuman ichida nimanidir ko‘ryapman! U... u mening bolaligimdagi uyim!”

Tuman orasidan kichik yog‘och uy paydo bo‘ldi. Felix asta yaqinlashdi, qo‘llari titrardi. Eshik ochildi — ichkarida onasi jilmayib turardi.
Felixning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
— “Bu... bu qanday bo‘lishi mumkin?”

Onasi unga qarab shunchaki dedi:
— “Sen yuragingda meni unutmoqchi bo‘lding, lekin men seni hech qachon tark etmadim.”

Fei orqada turib, bu sahnani jim kuzatdi. Felix o‘z onasining soyasiga qarab sekin jilmaydi, lekin so‘ngra tuman uni yutib yubordi.

Chan Feining qo‘liga qo‘l qo‘ydi:
— “Bu joy yurakni sinaydi. Har birimiz o‘z og‘rig‘imizni ko‘ramiz.”

Fei unga qarab:
— “Agar men o‘tmishimni eslasam, o‘sha og‘riq meni yana yutib yuboradi.”

Chan sekin bosh irg‘adi:
— “Ammo eslamasak, kimligimizni yo‘qotamiz.”

Tuman orasidan birdan Hyejinning ovozi keldi. U titrab turgan, ko‘zlarida qo‘rquv bilan yugurib chiqdi.
— “Men... men uni yana ko‘rdim.”

Chan yugurib unga yetdi:
— “Kimni?”

Hyejin titrab dedi:
— “O‘tmishimdagi o‘zimni. U meni ayblayapti... u aytyapti, men sevgiga loyiq emasman.”

Chan uni bag‘riga bosdi. — “Sen o‘tmishing emassan, Hyejin. Sen o‘sha og‘riqdan yashagan ayol emassan. Endi men bor.”

Hyejin ko‘zlarini yumdi. U yurak urishini eshitdi — Chan yuragi. Bu ovoz unga kuch berdi.

Shu payt boshqa tarafdan Jisungning ovozi eshitildi:
— “Yeonseo! Orqamga qara, u harakatlanyapti!”

Yeonseo yugurib bordi — ularning ortida qora soya paydo bo‘ldi. Soya Yeonseo shaklida edi, lekin nigohlari bo‘sh, lablari sovuq.
Soya pichirlab dedi:
— “Sen yolg‘iz qolishdan qo‘rqasan. Shu sababli har doim boshqalarni turtib chiqasan. Chunki o‘zingni himoya qilasan.”

Yeonseo qadam tashlab orqaga chekina boshladi.
Jisung uning oldiga o‘tib, soyaga qaradi:
— “U endi yolg‘iz emas. Men bor.”

Soya asta-asta tuman bilan aralashib g‘oyib bo‘ldi.
Yeonseo jim turdi, yuragi gursillab urardi. U nihoyat ilk bor Jisungning qo‘lini mahkam ushladi.

Tuman endi ochila boshladi. Har kim o‘z soya bilan yuzma-yuz kelgan edi, ammo sinov hali tugamagan.

Namra bilan Jeongin esa tuman orasida boshqa joyda edilar. Ular qadimiy suv oynasi oldida turishardi. Oynaning yuzasida yozuvlar harakatlanardi:
“Agar siz haqiqatan ham bir-biringizga ishonchsiz bo‘lsangiz — suv tiniqlashadi.”

Jeongin chuqur nafas oldi:
— “Namra... men ba’zida o‘zimni seni himoya qilishga loyiq emasdek his qilaman.”

Namra unga yaqinlashib dedi:
— “Sen shunchaki o‘zingni past baholaysan. Ammo men seni shundayliging uchun yaxshi ko‘raman.”

Suv bir lahza to‘lqinlanib, tiniqlashdi. Oynaning tubida ularning akslari porladi — lekin bu safar ular qo‘l ushlashgan edi.

Tuman yana titradi.
Endi Kira va Felix bir joyga tushishdi. Felix hali ham onasining soyasini eslab turardi.
Kira unga qarab dedi:
— “Sen uni sog‘inyapsan, lekin u sen bilan. Yuragingda. Har bir kulgingda, har bir hazilingda u bor.”

Felix jilmaydi, lekin ko‘zida yosh porladi. — “Men shunchaki uni yana bir marta quchoqlagim keladi.”
Kira sekin uning yelkasiga boshini qo‘ydi. — “Ba’zida sevganlarimiz bizni osmonda emas, yuragimizning eng tiniq burchagida kutadi.”

Felix ko‘zlarini yumdi. Yurak urishi endi tinch edi.

Shu payt Fei o‘zini tuman orasida yolg‘iz topdi. Uning qarshisida... Changbin.
Lekin bu Changbin soyadek ko‘rinardi — nigohlari sovuq, lablari jim.
Soya Changbin dedi:
— “Sen meni sevganingni aytgan eding. Ammo yuragingda hali ham qo‘rquv bor. Agar men seni tark etsamchi?”

Fei titrab dedi:
— “Unda men... yana kutaman. Chunki men seni bir marta topdim. Va yurak bir marta topganini hech qachon unutmaydi.”

Soya sekin yo‘qoldi, o‘rniga haqiqiy Changbin paydo bo‘ldi. U sekin Feining qo‘lini ushlab dedi:
— “Endi qo‘rqma. Chunki bu safar men ketmayman.”

Tuman to‘lqinlanib, hamma ularni yana bir joyga yig‘di. Osmonda nur paydo bo‘ldi.
Chan osmonga qarab pichirladi:
— “Bu oraliq vaqt bizni o‘zimiz bilan yarashtirdi.”

Hamma jim turdi. Yuraklar tinch. Faqat Fei Changbinga qarab jilmaydi — bu jilmayishda minnatdorchilik, sevgi va xotirjamlik bor edi.

Ammo to‘satdan yer larzaga keldi. Osmondagi nur so‘ndi.
Va uzoqdan qo‘rqinchli ovoz yangradi:
— “Siz yuragingizni ochdingiz. Endi vaqt sizni tanlaydi. Kimdir qoladi, kimdir ketadi…”

Tuman yana o‘rab oldi. Hamma bir-biriga qarab qoldi. Yuraklar titrar, nigohlar jim turardi.

Va shunda Fei his qildi — kimnidir qo‘li asta uning qo‘lidan chiqib ketdi.
— “Changbin...?”

Ammo atrofda u yo‘q edi. Faqat shamol. Faqat sukunat.

---

🌫️ Davomi bor…

Uzur kam bolib qolyapti💔