Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi
29-iyun kuni Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan “Prezident maktablariga qabul: imtihonlar, qabul kvotasi va tayyorgarlik jarayonlari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan Prezident maktablariga o'qish istagini bildirgan talabgorlar statistikasi, imtihonlarga tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ma’lumot o’rnida: Prezident maktablarida imtihonlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda o’quvchilar matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test savollarini ishlashadi. Ikkinchi bosqichda esa axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo’yicha - mantiq elementlari bo’lgan matematika fanidan -40 ta masala, ingliz tilidan 40 ta test ishlanishi talab etiladi.
Shuningdek, Prezident taʼlim muassasalari agentligi va Cambridge Assessment International Education tashkiloti oʼrtasida hamkorlik shartnomasi tuzilgan bo’lib, unga binoan Prezident maktablariga qabul imtihonlari mazkur tashkilot bilan hamkorlikda oʼtkazilishi belgilab qo’yilgan.
Hozirgi kunda imtihonlarga tayyorgarlik jarayonlari amalga oshirilayotgan bo’lib, imtihonlar usti yopiq binolarda oʼtkazilishi rejalashtirilgan.
P.S. Bu yilgi imtihonlarning birinchi saralash bosqichi joriy yilning 1-iyul kuni boʼlib oʼtishi rejalashtirilgan.