July 27, 2022

Respublika komissiyasining navbatdagi majlisi

Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʼyicha respublika komissiyasining majlisi boʼlib oʼtdi. Majlisda Respublika va hududiy Komissiya aʼzolari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlis doirasida Oila va xotin-qizlar davlat qoʼmitasi raisining “2022 – 2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʼyicha Milliy dasturni 2022-2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi”da belgilangan vazifalar ijrosining borishi yuzasidan hisoboti eshitildi.

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar davlat qoʼmitasi tomonidan hududlarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturi shu kunga qadar qabul etilmagani, rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʼyicha oʼquvlar boshlanmaganligi, xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash ishlari sust borayotganligi, shu bilan birga, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil qilish ishlariga yetarli eʼtibor qartilmayotganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga muhtoj boʼlgan xotin-qizlarning muammolarini oʼrganish va bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni belgilash, ayol tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishga koʼmaklashish, xotin-qizlarning tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash va rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlarining moliyaviy resurslarini jalb qilish ishlari sust olib borilayotganligi koʼrsatib oʼtildi.

Muhokamalardan kelib chiqqan holda, yil yakuniga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasida 100 nafar istiqbolli xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadlarida oʼqitilishini hamda ularning milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishini tashkil etish, joriy yilning sentabriga qadar har bir tumanda kamida bittadan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish boʼyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.