June 2, 2022

OZIQ-OVQAT SANOATI RIVOJI YO’LIDAGI YANGI QADAM

O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi (O‘zOSU) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global hamkorlik dasturi va BMTning O‘zbekistondagi Barqaror rivojlanish uchun biznes chempionlari koalitsiyasiga qo‘shildi!

2022-yilning mart oyida Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasi (O‘zOSU) Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Global Hamkorlik dasturiga qabul qilindi. Tashkilot BMT ning mazkur dasturiga mamlakatimizdan qabul qilingan birinchi rasmiy a’zo boʻldi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global hamkorlik dasturi dunyo bo’ylab biznes amaliyotlarini ishlab chiqish hamda realizatsiya qilishda yetakchi tashkilotlarga ko’maklashuvchi va ularni birlashtiruvchi loyihadir. Mazkur hamkorlik dasturi tashkilotlarga korporativ barqarorlik, kompaniyaning qiymat tizimi hamda biznes yuritish tamoyillarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishda yordam beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global hamkorlik dasturi inson huquqlari, mehnat, atrof-muhit va korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida faoliyat olib boradi. Ushbu dasturga a’zo tashkilotlar bir xil qadriyat va tamoyillarni qabul qiladilar hamda ularga tashkilot ishida gumanizm, inson kapitali, tabiatga zarar yetkazmaslik, korrupsiyaga qarshi kurash yo’nalishlari bo’yicha samarali ish yuritish tizimi qoidalari taqdim etiladi.
Global hamkorlik dasturi o’zining o'nta tamoyili doirasida boshqaruvda halollik madaniyatini o'rnatish hamda oshirish orqali kompaniyalarning nafaqat odamlar, balki sayyora oldidagi asosiy mas'uliyatlarini chuqurroq anglab yetishlariga harakat qilayotgan yetakchi kuch sanaladi. Dasturning o'n tamoyili “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”, “Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy prinsiplari va mehnat huquqlari” to'g'risidagi deklaratsiyasi, “Atrof-muhit va rivojlanish” bo'yicha Rio deklaratsiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi asosida ishlab chiqilgan hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global hamkorlik dasturiga a’zo tashkilotlar, shu jumladan, endilikda O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi ham xalqaro miqyosda e'lon qilingan inson huquqlari himoyasini qo'llab-quvvatlashi va hurmat qilishi, inson huquqlarining buzilishiga qarshi kurashishi, uyushmalar erkinligi hamda jamoaviy muzokaralar o'tkazish huquqining samarali tan olinishiga ko’maklashishi, kasbga nisbatan kamsitishlarni yo’qotish, majburiy mehnatning barcha shakllari hamda bolalar mehnatining samarali bekor qilinishiga hissa qo’shishi, ekologik toza texnologiyalarning rivojlanishi va tarqalishini rag'batlantirishga amaliy yordam berishi lozim sanaladi.
Ma’lumot uchun, BMT Global hamkorlik dasturi dunyodagi eng yirik korporativ barqarorlik tashabbusi boʻlib, 2000-yildan faoliyati yo’lga qo’yilgan. Unga 160 dan ortiq mamlakatlarda joylashgan 15 000 dan ziyod kompaniya va 4 000 dan ortiq biznes subyektlari a’zo hisoblanadi.