February 23, 2022

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Аfgʼoniston boʼyicha maxsus vakillari konferensiyasi

2022 - yil 23 - fevral kuni Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Аfgʼoniston boʼyicha maxsus vakillari konferensiyasi boʼlib oʼtdi.

Tadbirda afgʼon inqirozini tinch yoʼl bilan hal etish, Аfgʼonistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va uning hududida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʼyicha xalqaro hamda mintaqaviy saʼy-harakatlar muhokama qilindi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Аfgʼoniston boʼyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev oʼz nutqida mamlakatimizning Аfgʼonistonga nisbatan yuritayotgan siyosati, uning asosiy jihatlari, jumladan, mamlakat yangi hukumati bilan konstruktiv muloqot oʼrnatish zarurligiga alohida toʼxtalib oʼtdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Аfgʼonistondagi ogʼir vaziyatdan xavotirda ekanliklarini qayd etib, boshqa davlatlarni ham ushbu mamlakat xalqi uchun xayrli ishga qoʼl urishga chorladilar.

Аfgʼonistonning yangi rasmiylari keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish boʼyicha oʼz vaʼdalari va xalqaro majburiyatlarini bajarishi, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishi, shuningdek, mamlakat hududining xalqaro terrorchilar boshpanasiga aylanishining oldini olishi zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan Maxsus vakillar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Termiz shahrida Аfgʼonistonga insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun Koʼp tarmoqli transport-logistika xabini tashkil etish tashabbusini qoʼllab-quvvatlashini bildirdilar.

Ushbu shakldagi muloqotni Аfgʼoniston xalqini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha maslahatlashuvlar va hamkorlik platformasi sifatida muntazam ravishda davom ettirishga kelishib olindi.

Tadbir yakuni boʼyicha Qoʼshma bayonot qabul qilindi.