May 17, 2022

O‘zbekiston va Isroil turizm vazirlari Tashkent TravelMart 2022 xalqaro ko‘rgazmasini ochishdi

2022-yilning 17-may kuni poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Zero Carbon Fair yetakchiligida tashkil qilingan “Tashkent Travel Mart 2022” B2B formatidagi xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-232-sonli Qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduxakimov va Isroil turizm vaziri Yoyel Razvozov so‘zga chiqdilar.

Tadbir O‘zbekiston Xususiy Sayyohlik Tashkilotlari Uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, Yevropa Ittifoqining Switch Asia loyihasi, USAIDning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish bo’yicha loyihasi, O’zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, ACTED va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) ko‘magida tashkil etildi.

B2B formatidagi “Tashkent Travel Mart 2022” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi tarmoqlararo muloqotni kengaytirish va yangi sharoitlarda bozorni rivojlantirishning maqbul yechimlari va yo‘llarini ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan turistik maydonchadir. B2B formati, ya’ni “biznes uchun biznes”, ko‘rgazmada ixtisoslashgan tashkilotlarga biznes imkoniyatlarini kengaytirish, o‘z biznesini yuritishdagi ko‘plab muammolarni hal etish, turizm xizmatlarini taklif qilish imkonini beradi.

“Tashkent Travel Mart 2022” bu yuqori sifatli yangi turizm mahsulotlarini yaratish va sohada xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga yordam beradigan tarmoqlararo aloqalarni o‘rnatish imkoniyatidir.