June 20, 2022

Oʼzbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi o’tkazildi

Joriy yilning 20-iyun kuni "Hilton Tashkent City" mehmonxonasida Oʼzbekiston-Ozarbayjon ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum bo’lib o’tdi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabbarov boshchiligidagi forumda O’zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o’rinbosari Laziz Qudratov hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ishtirok etdilar.

Shuningdek tadbirda, Sardor Umurzakov nutq so’zlab, “Keyingi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar, olti yilda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 barobar oshgani va Ozarbayjonda ham Oʻzbekiston kapitali ishtirokidagi korxonalar xuddi shu kabi ko’rsatgichlarni qayd etayotgani” haqida ma’lum qildi.

Forum doirasida, qator O’zbekiston hamda Ozarbayjon vazirlik va mutasaddi tashkilotlari o’rtasida o’zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shu o'rinda, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Ozarbayjon Respublikasi Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi, O‘zbekiston - Ozarbayjon eksport va investitsiyalarni rag’batlantirish agantlegi, O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi hamda Ozarbayjon ommaviy media agentligi va boshqalar o’rtasida o’zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi.