June 16, 2022

Rishton - buyuk kulollar yurti

Tohir kulolning muzey-ustaxonasi Rishtondagi ilk manzilimiz bo’ldi. Qahramonimiz o’tgan asrning 80-yillarida “Mushtum “ jurnalida ishlab, uning sahifalarga karikaturalar chizgan.

Aslida kasb faoliyatini jurnalistlikdan bo'shlagan Tohir kulol, o’z mahsulotlarini ham adabiyot, ham din, ham she’riyat, ham san’at sohalariga yondoshgan holda yaratadi. Ushbu kulolchilik mahsulotlarining boshqalardan farqi shundaki, usta kulol idishlarga she’riyat namunalarini joylashtirgan.

Loyiha jamosining keyingi manzili esa afsonaviy Alisher Nazirov kulolchilik maktabi bo’ldi.

Аlisher Nazirov, 1994-yil Yaponiya davlatining tajriba almashish dasturi asosida yapon kulollari bilan ijodiy muloqotda boʼlib, Oʼzbek-Yapon anʼanaviy kulolchilik yoʼnalishida samarali mehnat qildi.

Alisher Nazirov an’analarni saqlab qolish tarafdori. Uning bugun o’nlab shogirdlari bor. Nazirovning fikricha, har bir kulol ishini ham qo’li, ham yuragi, ham ongi, ham dili bilan bajarishi kerak.

Аmaliy sanʼatning serqirra va jozibali asarlari bilan bir qatorda usta tomonidan yangi innovatsion yoʼnalishga qadam qoʼyildi. Natijada,har ikkala davlat anʼanaviy kulolchilik ustalarining Oʼzbekistonda va Yaponiyada katta ijodiy koʼrgazmalari oʼtkazildi. Shundan soʼng, ustaning tashabbusi bilan Respublikamizda yagona boʼlib turgan yapon tili maktabi ochildi.

Hozirgi kunda 100 nafardan ortiq yigit-qizlar Yaponiya davlatining oliy oʼquv yurtlarida taʼlim olib, oʼz malakalarini oshirish vazifasini maqsad qilib olganlar. “Noriko-Gakkyu” yapon tili maktabi oʼquvchilari har yili yapon mutaxassislari nazarida juda katta muvaffaqqiyatlarga erishib kelmoqda.