NNTlarini taqdirlash marosimi bo’lib o'tdi
27 - fevral kuni “Eco Wellness Hotel & Spa” mehmonxonasida Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda vazir maslahatchisi Temur Mirzayev, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Ishanxo‘jaev, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi vakillari, soha mutaxassislari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
"Xalqaro NNT kuni birinchi marta 2010-yil 17-aprelda Boltiq dengizi mintaqasi kengashida rasman eʼlon qilinib, 2014-yil 27-fevralda Finlyandiyaning Xelsinki shahrida xalqaro miqyosda keng nishonlangan. Agar tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, 1950-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyutsiyasi bilan “Xalqaro nodavlat tashkiloti” tushunchasi kiritilgan.
Ayni paytda, Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq nodavlat tashkilotlari ro‘yxatga olingan hamda faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarni o‘zaro bog‘lash orqali sohani rivojlantirishga qulay shart-sharoitlar yaratish, madaniy merosni muhofaza qilish borasida kompleks chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishda jamoat tashkilotlarining o‘rni katta va bebaho hisoblanadi.
Misol tariqasida, Turizm va madaniy meros vazirligi, Mahalla va oilalarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli sohalarda qator loyihalar amalga oshirildi. “Sayohat barcha uchun” loyihasi doirasida 50 nafar imkoniyati cheklangan shaxslar Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlariga tashrif buyurdi", – dedi Aziz Abduhakimov.