March 28, 2022

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Karyera kuni” tashkil etildi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2022-yil 4-martdagi Oliy oʼquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʼyicha ustuvor vazifalariga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishida belgilangan topshiriqlar dasturulamal tarzida qabul qilindi va bu topshiriqlarni amalaga oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini taʼminlash boʼyicha yoshlarni ish bilan taʼminlash borasida ham universitetda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.

Universitetda 2021-2022-oʼquv yili bitiruvchilarini kasbga yoʼnaltirish va ish bilan taʼminlash borasida, shuningdek ishlashni xohlovchi, ishlashga ehtiyoji bor 1-3-kurs talabalarini ham ishga joylashtirib borish, bu masalada talabalarga har tomonlama koʼmaklashish borasida ham ishlar boshlab yuborildi. Bu borada universitet rektorati, dekanat va kafedralar tomonidan bitiruvchilarni kasbga yoʼnaltirish, ishga taqsimlash va joylashtirish boʼyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-2022-oʼquv yili bitiruvchilarini kasbga yoʼnaltirish va ish bilan taʼminlash borasida Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan yaqindan aloqalar oʼrnatilgan.

Universitetda oliy taʼlim-fan-ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish, taʼlim xizmatlari sifatini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash, universitet va ishlab chiqarish korxonalari bilan oʼzaro innovatsion-korporativ hamkorlikni yanada yaxshi yoʼlga qoʼyish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2022-yil 28-mart kuni “Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri o’tkazildi.

Mazkur tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Markaziy bank, tijorat banklari, shuningdek, mulkchilikning turli shakllaridagi 100 dan ortiq kompaniya va firmalarning rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdilar.

“Karyera kuni” axborot-tanishitiruv tadbiri davomida boʼsh ish oʼrinlari bilan ishtirok etayotgan ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot va korxonalarga bitiruvchi talabalar toʼgʼrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Jumladan, joriy 2021-2022-oʼquv yilida universitetni tamomlayotgan 2799 nafar (bakalavriat bosqichida 2132 nafar va magistratura bosqichida 667 nafar) bitiruvchilar haqidagi maʼlumotlar ish beruvchilar eʼtiboriga havola qilindi.

Hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavr bosqichida 26 ta taʼlim yoʼnalishi hamda 34 ta magistratura mutaxassisligi boʼyicha kadrlar tayyorlanmoqda.