June 10, 2022

ShHTning 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan yoshlarga oid hamkorlik dasturi tasdiqlandi

Joriy yilning 9-10-iyun kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlatlar Yoshlar kengashining 15-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raisligi doirasida ShHTga a’zo davlatlarning mas’ul vazirlik va idoralari, ShHT kotibiyatlari va Yoshlar kengashi rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirokida oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti qator nufuzli xalqaro tashkilotlar orasida munosib o‘rin egallab, mintaqaviy va jahon miqyosida xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotning ta’sirchan omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ma’lumot uchun: hozirda 3,2 milliarddan ortiq aholi istiqomat qilayotgan SHHTning ulkan hududida yoshlar soni aholining 55 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad zamonaviy axborot asrida va globallashuv jarayonlarida rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida ShHT davlatlarining iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishi va rivojlanishida yoshlarning rolini oshirish, yoshlar hamkorligini mustahkamlash va yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat bo’ldi.

Toshkentdagi uchrashuvda tomonlar ShHTga aʼzo davlatlar tomonidan yoshlarga berilayotgan keng koʻlamli imkoniyat va imtiyozlarga oid aniq fakt va natijalarni oʻz ichiga olgan maʼruzalar bilan tanishdi. Shuningdek, yoshlar sohasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik, yosh mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi uchun platformalar yaratish, ularning salohiyatini oshirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Yoshlar kengashi yakunlari bo‘yicha tashkilot ShHTning 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan yoshlarga oid hamkorlik dasturini tasdiqladi.