Putinga SSSRning parchalanishi hayotimdagi eng yaxshi voqealardan biriligini aytgandim
Joriy yilning 7-iyun kuni Angela Merkel 2021-yil oxirida Germaniya kansleri lavozimidan ketganidan keyin ilk bor intervyu berdi.
Intervyuda Merkel Rossiyaning Ukrainada boshlagan “harbiy operatsiya”sidan keyin unga nisbatan bildirilgan tanqidlariga javob berdi. O’shanda ko’pchilik, jumladan Ukraina rasmiylari sobiq kanslerni tanqid qilib, uni Vladimir Putinni “ovutish” bilan shug'ullanganlikda hamda Ukrainaning NATOga a'zo bo'lishi haqidagi quruq va'dalari vaziyatni yomonlashtirganlikda ayblagan edi.
Urushning oldini olish mumkinmidi?
Diplomatiyani faqat muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchungina xato, deb bo’lmaydi. Shunday ekan, men nima uchun buni xato, deb aytishim kerakligini tushunmayapman va kechirim so'ramayman. Ammo biz urushning oldini oladigan xavfsizlik arxitekturasini yarata olmadik. Ushbu fojianing oldini olish uchun ko'proq harakat qilish mumkinmi? Men o'zimga ushbu savollarni berishda davom etmoqdaman. Bu juda achinarli, lekin urinmaganim uchungina o'zimni qoralay olmayman.
2008-yilda Ukrainaning NATOga qo'shilishiga qarshi chiqqani to'g'risida
Prezident Zelenskiy korrupsiyaga qarshi mardonavor kurashmoqda, biroq o'sha yillarda Ukrainani haqiqatan ham oligarxlar boshqarar edi. O’shanda “mayli, ertaga ularni NATOga kiritamiz”, deb bo‘lmasdi. U paytdagi Ukraina bugun biz bilgan Ukraina emas edi. U siyosiy jihatdan juda tarqoq hamda mamlakatda barqaror demokratiya yo’q edi.
Ikkinchidan, Putin Ukrainaning NATOga qo'shilishiga yo'l qo'ymasligiga ishonchim komil edi. U uchun bu urush e'lon qilishdek bo'lardi. Uning “G‘arb — dushman, doimo xo‘rlashadi”, degan fikriga mutlaqo qo‘shilmayman. Lekin Putin shunday fikrdaligini bilaman va uni g'azablantirmoqchi emasdim.
Bu kelishuvlar Yevropa Ittifoqi tomonidan ma’qullangan va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga kiritilgan. Ular xalqaro huquq xarakteriga ega edi. O‘shanda [2015-yilda] ushbu harakatlar vaziyatni tinchlantirishga yordam bergan va Ukrainaga bugungi holatga kelishi uchun yetti yil vaqt taqdim qilgan. Agar Putin 2014 yilda bosqinchilikni davom ettirganida va hech kim bu borada hech narsa qilmaganida nima bo'lar edi, bilmayman.
Putin bilan kelishmovchiliklar haqida
2007-yili Sochida Putin menga SSSRning parchalanishi XX asrdagi eng dahshatli voqea ekanligini, men esa aksincha bu hayotimdagi eng yaxshi voqealardan biri ekanligini aytgandim.
Rossiya bilan savdo aloqalari to'g'risida
Sodda emas edim va Rossiya bilan savdo aloqalari orqali Putinni o‘zgartirish mumkinligiga ishonmasdim. U Yevropa Ittifoqini yo‘q qilmoqchi, chunki buni NATO sari birinchi qadam deb biladi. Ammo agar Rossiya va Yevropa yaqin munosabatlarga ega bo'lolmasa, ular hech bo'lmaganda savdo aloqalariga ega bo'lishi kerak, chunki ular bir-birini butunlay e'tiborsiz qoldira olmaydi.
Rossiya ikkinchi yirik yadroviy davlatdir. Uni go’yoki yo'q, deb tasavvur qila olmayman. Men boshqargan mamlakat manfaatlari Rossiya bilan birga, urushmasdan va har qanday farqlarga qaramay birga yashashga harakat qiladigan turmush tarzini topishni talab qilardi.