March 18, 2022

Inson dardiga darmon bo‘lmoq – olijanoblikning eng yuksak namunasidir

“Yurtimizda go‘zal bahor nafasi kezib yurgan mana shu yorug‘ kunlarda – Navro‘zi olam arafasida tibbiyot sohasining jonkuyar vakillari bo‘lgan siz, muhtaram yurtdoshlarimiz bilan diydor ko‘rishib turganimdan behad mamnunman" - Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga butun borlig‘ini bag‘ishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi.

Chunki odamlar sizlarga o‘zlarining eng bebaho boyliklarini – hayotlarini ishonib topshiradi.

Buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoning: “Inson dardiga darmon bo‘lmoq – olijanoblikning eng yuksak namunasidir”, degan so‘zlari ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Tub islohotlarimizning dastlabki kunlaridan boshlab biz xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlashga eng ustuvor vazifa, deb qarab kelmoqdamiz.

O‘tgan besh yilda bu borada katta ishlarni amalga oshirdik, ilg‘or xorijiy yutuqlarni o‘rganib, yetarli tajriba to‘pladik.