Ozarbayjonda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar AKT vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Avval xabar berganimizdek, shu yilning 26-may kuni Baku shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) vazirlarining maxsus yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda TDT Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev Turkiy mintaqaning ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirishdagi yuksak salohiyati hamda a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida ilg‘or tajriba almashishda qo‘shma hamkorlikning hal qiluvchi rolini ta’kidladi.
B.Amreyev vazirlarga TDTning AKT sohasidagi faoliyati va tadbirlari, jumladan, Ozarbayjon (“ASAN Service”) va Qozog‘iston (“Zerde Holding”)ga tematik tashriflar, shuningdek, 2021-yilda O'zbekistonda tashkil etilgan "Turk mintaqasida innovatsiyalarning o'rni va texnologiyalarni rivojlantirish" mavzusidagi Forum haqida ma'lumot berdi.
Bosh kotib qonunchilik va elektron imzoni joriy etish tahlili boʻyicha toʻliq maʼlumot almashish, shuningdek, “Mobil qurilmalarni roʻyxatga olishning yagona tizimi”ni ishlab chiqish loyihasini amalga oshirish uchun IT-mutaxassislaridan iborat maxsus texnik guruh tashkil etishni taklif qildi.
Yig‘ilish yakunida Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi IV sanoat inqilobi tahlil va muvofiqlashtirish markazi hamda Turkiyaning MEXT texnologiya markazi rahbarlari o‘z markazlari faoliyati to‘g‘risida qo‘shma taqdimot o‘tkazdilar va o‘zaro fikr almashdilar.
Vazirlar uchrashuvi doirasida Tomonlar TEKNOFEST Ozarbayjon aerokosmik muhandislik va texnologiyalar festivalining ochilish marosimida ishtirok etdilar va tadbirning turli pavilyonlariga tashrif buyurdilar.