February 1, 2022

“Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi rivojlantirish loyihasi taqdimoti

2022-yil 1-fevral kuni Turizm va sport vazirligida Bo‘stonliq tumanini kompleks rivojlantirish loyihasi taqdimotiga bag’ishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari -Turizm va sport vaziri, “Chorvoq” TRZ direksiyasi direktori Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Matbuot anjumanida “Chorvoq” TRZ direksiyasi direktorining birinchi o‘rinbosari Aziz Nagayev, direksiya o‘rinbosarlari Mansur Raxmatullayev, Suna Park, “ARC” arxitektura byurosi rahbari hamda loyiha arxitektori Bobir Klichev, OAV vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Aziz Abduhakimov: “Boʻstonliq tumani yuqori turistik, tabiiy va rekreatsion salohiyatni o’zida jamlagan. Uni to'g'ri rivojlantirish o’zi bilan bir qator muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va investitsion o'zgarishlarni olib keladi.

Davlat rahbari va Hukumat tomonidan Bo‘stonliq tumanini rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratilmoqda.

Shu munosabat bilan, “Bo’stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-avgustdagi PF-6053-sonli Farmoni, shuningdek, “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5273-sonli Farmoni qabul qilingan.

Loyihani yaratishda asosiy e’tibor Bo‘stonliqning noyob tabiiy salohiyatini saqlashga qaratilgan. Shu sabab, “Chorvoq darvozasi” va “Yusufxona” hududlarida ekokarkas va jamoat joylarining barqaror tizimini yaratish, ekologik toza transportni rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, an'anaviy me'morchilikka ham alohida e'tibor berilgan. Shu bilan birga, “Chorvoq darvozasi: Janubiy Xo’jakent” hududida an’anaviy tog‘ qishlog‘ining zamonaviy qiyofasi yaratiladi.

Prezident qarorlarining ijrosini ta’minlash maqsadida “Chorvoq” TRZ direksiyasi Bo’stonliq tumani hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda Bo‘stonliq tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.