August 2, 2022

O'zbekiston-Ozarbayjon Qo'shma hukumatlararo komissiyasining 11-yig'ilishi

Joriy yilning 1-avgust kuni Toshkent shahrida O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo qo'shma komissiyaning 11-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tadbirda asosiy vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va ta'lim muassasalari, shuningdek ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig'ilishda investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.

Transport-logistika salohiyatini ro'yobga chiqarish doirasida Trans-Kaspiy yo'nalishi bo'yicha ikki tomonlama va tranzit tashish hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha ishlarni davom ettirish, shuningdek, joriy yilning iyun oyida eng yuqori darajada imzolangan xalqaro avtomobil transporti shartnomasi doirasida ishlarni jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Uchrashuv davomida madaniy-gumanitar munosabatlar doirasidagi hamkorlik, ikki tomonlama turistlar oqimlarni oshirish va ta'lim sohasida tajriba almashish, ikki mamlakat universitetlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlar to'plamini imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va kengaytirish bo'yicha qo'shma “Yo'l xaritasi”, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish organlari o'rtasida O'zaro anglashuv memorandumi, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiy zonalarni rivojlantirish agentligi hamda "O'zbekipaksanoat" va "O'ztekstilsanoat" Uyushmalari o'rtasida Hamkorlik to'g'risida memorandumlari yuridik kuchga ega bo'ldi.