Tarixni jonlantirgan ertaklar shahri
Buyuk qadriyatlar, takrorlanmas an’analar, betakror go’zallik va dunyolarni rom etgan san’at asarlarini o’zida jamlagan tarixiy Buxoro. E’tiboringizga O’zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi buyurtmasiga ko’ra tayyorlangan videolavhani havola etamiz.
Har yili millionlab turistlarni o’z go’zalligi va qadimiyligi bilan lol qoldirayotgan Buxoro, bugun zamonaviy dunyoning eng diqqatga sazovor manzillaridan biri ekanligi sir emas.
Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan muqaddas shahar Buxoroga qadim zamonlarda tamal toshi qo‘yilgan, o‘t qo‘yilgan va yana qaytadan qad rostlagan. Qadimiy va boqiy Buxoro o‘zining go‘zalligi va hashamatini hech qachon yo‘qotmagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ulug‘vor shaharning yoshi 2500 yildan ortiq bo‘lib, uning hududida ko‘plab qadimiy masjidlar, madrasalar va islom avliyolarining maqbaralari mavjud. Qadim zamonlardan beri odamlar barcha musulmon shaharlarga osmondan ilohiy nur tushsa, faqat Buxorodan bu nur yerdan osmonga qarab ko‘tarilishini aytadilar. Shuningdek, Buxoro X asrning mashhur tarixchisi Narshaxiy tomonidan deyarli tarixi to‘liq hujjatlashtirilgan Markaziy Osiyodagi yagona shahar sanaladi.
Hozir Buxoro hududida bir asrdan ko‘proq vaqt oldin qurilgan, turli davrlarga tegishli bo‘lgan 140 dan ortiq yodgorliklar, dahalar va mavzelar saqlanib qolgan. Buxoro nazm va ertaklar shahri deb ham ataladi, chunki butun eski shahar afsonalar va hikoyalar bilan o‘ralgan!
P.S. Shaharning tarixiy qismi 1993-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.