Germaniyadagi yirik xalqaro koʼrgazmada Oʼzbekiston tekstil mahsulotlari namoyish etilmoqda
Joriy yilning 21-24-iyun kunlari Germaniyaning Frankfurt Mayn shahrida boʼlib oʼtayotgan "HEIMTEXTILE-2022" xalqaro koʼrgazmasida 200 kvadrat metr maydonni egallagan "MADE IN UZBEKISTAN" milliy stendi tashkil qilindi.
Oʼzbekiston Respublikasi Investitsialar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʼbatlantirish agentligi, "Uztoʼqimachilik" uyushmasi va mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi hamda Frankfurt Mayndagi bosh konsulxonasi koʼmagi bilan ushbu koʼrgazmada 18ta mahalliy tekstil ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz ishtirok etmoqdalar.
Oʼzbekiston paxtasiga joriy qilingan baykotning olib tashlanganidan keyingi ushbu uy tekstili yoʼnalishidagi ilk yirik xalqaro koʼrgazmasida mamlakatimiz vakillarining ishtiroki chet ellik buyurtmachi korxonalari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinmoqda. Xususan, mahalliy tekstil sanoatimiz vakillari dunyoning turli nuqtalaridan kelgan 100dan ortiq kompaniyalar bilan muzokaralar oʼtkazdilar va oʼz ishlab chiqarish imkoniyatlarini namoyish etdilar.
Koʼrgazma yakuniga qadar bir necha million dollarlik yangi shartnomalarni tuzish hamda mamlakatimiz tekstil mahsulotlari eksport geografiyasini kengaytirish rejalashtirilgan.