Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi
Joriy yilning 21-iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi oʼtkazilib, unda Buxoro, Jizzax, Namangan va Fargʼona viloyatlarida yangi ish oʼrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash boʼyicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi muhokama qilindi.
Kengash majlisini Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi. Unda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilning 1-may holatiga mehnat organlari koʼmagida Buxoro, Jizzax, Namangan va Fargʼona viloyatlarida aholini ish bilan taʼminlash, yangi ish oʼrinlari yaratish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Xususan, ushbu davrda 52,2 ming nafar fuqaro boʼsh ish oʼrinlariga ishga joylashtirilgan.
Jumladan, oʼtkazilgan mehnat yarmarkalarida ishga joylashish uchun qariyb 7,5 mingta yoʼllanma berilgan. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj boʼlgan qariyb 2,9 mingga yaqin shaxs band qilib qoʼyilgan ish oʼrinlariga ishga joylashtirilgan.
Shuningdek, majlisda qishloq xoʼjaligi klasterlari, fermer va dehqon xoʼjaliklarida yaratilgan ish oʼrinlarining soliq hisobotlarida qayd etilishini ragʼbatlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish, auksion savdolari orqali ajratilgan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yer maydonlaridagi dehqon xoʼjaliklarini davlat roʼyxatidan oʼtkazish, haq toʼlanadigan jamoat ishlarini amalga oshirishda ish beruvchi sifatida tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb etish kabi qator vazifalar belgilandi.
Koʼrib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.