Senatining Koreya Respublikasi Milliy Аssambleyasi bilan hamkorlik boʼyicha komissiyasining navbatdagi majlisi
Joriy yilning 2-avgust kuni Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Аssambleyasi bilan hamkorlik boʼyicha komissiyasining navbatdagi majlisi o’tkazilib, unda Koreya bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan “yoʼl xaritalari” bajarilishi muhokama qilindi.
Tanzila Narbayeva boshchiligida o’tkazilgan majlisda, Energetika vazirligi, Sogʼliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi, “Oʼztoʼqimachiliksanoat” uyushmasi, Jizzax viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar rahbarlarining batafsil axborotlari eshitildi.
Ta’kidlash joizki, tanqidiy tahlillarga boy bo’lgan majlisda, Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan mintaqaviy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash boʼyicha loyiha hujjatlari va Hukumat qarori loyihasini qabul qilish kechiktirilgani, Energetika vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan hamkorlik yoʼnalishlarini belgilash boʼyicha vazifalar ijrosi taʼminlanmagani, bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida mahalliy elektr stantsiyalarini qurish boʼyicha xorijiy hamkorni aniqlash uchun tender oʼtkazish ishlari oʼz vaqtida bajarilmagani qayd etildi.
Shuningdek, majlisda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirish va maqsadli foydalanilishini monitoring qilish boʼyicha ishlar yetarli darajada olib borilmaganligi ta'kidlandi.
Vazirlik va idoralar rahbarlarining masʼuliyatini oshirish masalalari muhokama qilinib, “yoʼl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash, yoʼl qoʼyilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda natijalari yuzasidan Komissiyaga axborot kiritish topshirildi.
Majlis yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda Komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.