January 6, 2021

MASHHUR BIZNESMENLAR QANDAY KITOBLARNI TAVSIYA QILADI?

Eng mashhur biznesmenlar qaysi kitoblarni tavsiya qiladi?

Kitoblar – qadimdan boshlab insonlar uchun eng yaxshi ustoz sanalgan. Kitob bilan oshno bo’lgan inson borki, dunyoga bo’lgan qarashlari, tushuncha-yu maqsadlari bilan boshqalardan ajralib turadi.

Kitobni shunchaki vaqt o’tkazish yoki majburiyat yuzasidan o‘qib bo’lmaydi. Har bir tanlagan “javohir”ingizni aniq maqsad bilan varaqlang. Shunda kitobdan albatta nimadir ola bilasiz.

BiznesRivoj tahririyati obunachilarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda bir qancha kitoblar haqida ma’lumotlar, ularning mazmun va g’oyalari haqida maqolalar berib bordi. Ayni shu kunlarda karantinga oid cheklovlarning qaytarilishi munosabati obunachilarda kitob mutolaa qilishning ayni o’rni, degan xulosaga keldik. Ushbu kunlarni shunchaki televizor ko’rib, internet kovlab o’tkazib yuborish yaramaydi, bilim istovchi insonlar uchun manfaatli bo’lgan bir qancha kitoblar bestsellerlar haqida sizlarga ma’lumot beramiz va mutolaa qilishingizni tavsiya qilamiz.

Quyida biz tavsiya qilmoqchi bo’lgan asarlar dunyoda bir necha tillarga tarjima qilingan boʻlib, jahonning eng mashhur ishbilarmonlarning tavsiyalari asosida shakllantirilgan.

1. “Stiv Jobs” (Uolter Ayzekson)

Mashhur jurnalist Uolter Ayzekson tomonidan bugungi kunda dunyoning eng yirik kompaniyasi Apple‘ning asoschisi Stiv Jobsning hayoti haqida yozilgan biografik asar ilk marotaba o‘zbek tilida taqdim etilmoqda.

Asarni tayyorlash jarayonida Uolter Ayzekson Stiv Jobs hayotining so‘nggi yillarida u bilan bir necha intervyular tashkillashtiradi. Shu bilan birga Stivni bilgan, u bilan ishlagan do‘stlari va dushmanlari bilan suhbatda bo‘ladi. Ushbu suhbatlar asosida Stiv Jobs hayoti haqida xolis va odil kitob yozishga harakat qilinadi. Muallif kitobda Stiv Jobsning tabiati, uning muvaffaqiyat sirlarini ochib beradi.

Shekspirning “Genrix V” asari – yosh bolalardek qaysar shahzoda, keyinchalik o‘zini bosolmaydigan va shu bilan birga ziyrak, qo‘rs va ko‘ngli bo‘sh, jur’atsiz, biroq o‘z ortidan odamlarni ergashtira oladigan qirolga aylangan Xal haqidagi hikoyasi quyidagi chaqiriqdan boshlanadi: “O, qaniydi ilhom parisi osmondagi yorqin o‘y-xayollar va tasavvurlar gumbaziga ko‘tarilsa!”. Stiv Jobsning tasavvurlar olamiga sayohat qilishi ikki juft ota-ona va kremniyni oltinga aylantirishni endi o‘rganayotgan vodiydagi bolalik haqida hikoyadan boshlanadi.

Ma’lumot uchun, ushbu asar 2011-yil oktyabr oyida AQShda sotuvga chiqarildi va darhol Amazon.com da eng ko`p sotilgan kitob bo'ldi.

2. “Beparvolikning nozik san’ati” (Mark Manson)

Ushbu kitobda muallif baxtli bo‘lishning kaliti mudom “ijobiy” fikrlashni to‘xtatib, voqelikni tan olish va unga tik borishda, deb ko‘rsatadi. “Yillar mobaynida bizga ijobiy fikrlash – baxtli va muvaffaqiyatli hayotning kaliti, deya uqtirib keldilar. Ortiq bunday bo‘lmaydi. Ijobiylikka tupuring,” – deydi Mark Menson.

Menson ilmiy tadqiqotlar xulosalari va o‘rinli o‘tkir hazillari yordamida o‘z argumentini quvvatlaydi.

Kitobni o‘qir ekansiz, muallif ko‘ngilochar hikoyalar-u achchiq hazillar bilan yelkangizdan silkib, mudroqdan uyg‘otgandek bo‘ladi. “Beparvolikning nozik san’ati” yanada mazmunli, qoniqarli umr kechirishimiz uchun tetiklashtiruvchi tarsakidir.

3. “Bezovtalikdan xalos bo‘lish va yangi hayot boshlash sirlari” (Deyl Karnegi)

Kundalik hayotda tashvishlarga shunchalik o‘ralashib qolamizki, u bizni bezovtalik, sarosimalik, ranj-alam va dilgirlikka duchor qiladi. Oqibatda o‘zimizga kasallik orttirganimizni bilmay qolamiz. Kuchli siqilish, noxush o‘y-xayollar bizni ich-ichimizdan kemira boshlaydi. Dard chekamiz, hatto to‘shakka mixlanib qolamiz. Vaholanki, bezovtalikdan xalos bo‘lishning yechimi oddiy. Bunga mazkur kitobni o‘qib chiqib, ishonch hosil qilishingiz shubhasiz. Dunyoga mashhur ruhshunos Deyl Karnegi qoldirgan bebaho meros sizni yangi marralar sari undaydi. Kitobda bezovtalikning omillari, yechimi barobarida turfa insonlar hayotidagi turli holatlar misol tariqasida keltiriladi.

4. “Muvaffaqiyatli odamlarning 7 konikmasi” (Stiven Kovi)

“Muvaffaqiyatli insonlarning yetti ko‘nikmasi” kitobi mashhur amerikalik biznes konsultant Stiven Kovi tomonidan yozilgan.

Kitob doimo muvaffaqiyatga intiluvchilar uchun. U insonning rivojlanishi, hayot mazmuni va voqea-hodisalarga reaksiyasi, ya’ni javobi haqida. Stiven Kovi juda ko‘plab liderlik, muvaffaqiyat, samaradorlik mavzusidagi kitoblarni nafaqat o‘qigan, balki tahlil ham qilgan. Asarda ko‘plab mashhur (shunchaki mashhur emas, balki o‘zini maksimal darajada rivojlantirib, ichki xotirjamlikka erishgan)lardan misol keltiriladi.

5. “Hayotning 48 qoidasi” (Robert Grin)

Bu asar odamlarni boshqarish ilmini o'zlashtirishni istaganlar va zaif tomonlaridan aziyat chekib, ulardan voz kechmoqchi bo'lganlar uchun mo'ljallangan. Kitob 4 qismdan iborat. Unda Grin hayot va turmushdagi biz bilgan va bilmagan qoidalar haqida mufassal to’xtalib o’tadi.

6. "O'lsang, kim yig'laydi?" (Robin Sharma)

Hayotingizni chinakamiga o‘zgartira oladigan kitoblar kamdan-kam uchraydi. Robin Sharmaning “O‘lsang, kim yig‘laydi?“ asari hayotingizga yangicha mazmun kiritadigan va allaqachon kimlarningdir o‘z baxtini, tiriklik mohiyatini anglab yetishiga yordam bergan noyob kitoblardan biri.

Qolaversa, bu asar taniqli o‘zbek biznesmenlari tomonidan ham tavsiya qilinadi. Ulardan biri, “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov Robin Sharmaning “O‘lsang, kim yig‘laydi?“ asari eng sevimli kitobi ekanini ta’kidlaydi.

7. "Boy ota, kambag'al ota" (Robert Kiyosaki)

Robert Kiyosakining “Boy Ota, Kambag’al Ota” kitobi muvaffaqiyatli va boy bo’lishni istagan har bir kishi uchun eng yaxshi manba hisoblanadi. O’zingiz va orzularingiz uchun qanday pul ishlashni o’rgatadigan oddiy haqiqatlarni mana shu kitobdan topishingiz mumkin. Bu kitob butun dunyo bo'ylab 20 mln dan ortiq nusxada chop etilgan.

Har kim o‘z farzandiga bilganicha ta’lim-tarbiya beradi. Bu borada hammaning o‘z qarashi bor. Ammo kelajak kimning yo‘li to‘g‘riroq ekanini, albatta, ko‘rsatadi... Mazkur kitobda boy va kambag‘al toifadagi otalarning fikr-mulohazalarini, bu xususdagi tamoyillarini keltirar ekanmiz, siz azizlarda solishtirish imkoni mavjud bo‘ladi. Xulosani o‘zingiz chiqaring. Kitob sizga manzur bo‘ladi va yordam beradi.

8. “Boy bo'lish qoidalari” (Richard Templer)

Barchamiz boy va muvaffaqiyatli bo‘lishni istaymiz, ammo, odatda, boylikka qanday yo‘l bilan erishish mumkin ekanini tasavvur ham qilmay, bu haqda faqat nazariy jihatdan fikr yuritamiz. Birimiz dangasalik qilamiz, yana birimiz qonuniy yo‘l bilan boylikka erishib bo‘lmaydi, deb bahona qilamiz, shundaylar ham borki, ular taqdirga tan berib, kambag‘alligicha qolib ketaveradi.

Boy bo‘lishning siri shundaki, barcha badavlat kishilar boshqalardan farqli o‘laroq, Richard Templar mazkur kitobda izohlagan qoidalariga amal qiladilar. "O‘zingizni xuddi badavlat odamdek tuting, sizda boshqalar kabi, istagan narsangizni qo‘lga kiritish haq-huquqi va imkoniyati yetarli, badavlat bo‘lish uchun hech qachon kech emas". Ushbu qoidalarni o‘ziga dastur qilib olgan barcha qat’iyatli, mehnatsevar, g‘ayratli insonlar farovon hayot kechirish uchun o‘z yo‘llarini topishga qodirdirlar.

9. “Zukkolar va landavurlar” (Malkolm Gladuel)

Malkolm Gladuell har doim mutlaqo tasodif hisoblab kelingan muvaffaqiyatlarning zamirida yotgan yashirin qonuniyatlarni topgan birinchi insondir. Bu qonuniyatlar nega buyuk xokkeychilar, qoida tariqasida, yanvarda tug‘ilgan bo‘lishini va hech qachon oktyabrda tug‘ilmasligini; nima uchun matematikani osiyolik talabalar boshqalardan ko‘ra oson o‘zlashtirishini; nega Nyu-Yorkning eng obro‘li advokati bo‘lish uchun albatta yahudiy bo‘lish lozimligini tushuntirib beradi. Bu kitob Bill Geyts, «Bitlz» va Mosartni nima bog‘lab turishini hamda ular nega tengdoshlaridan o‘zib ketganligini ko‘rsatadi.

«Zukkolar va landavurlar» — «qanday qilib muvaffaqiyatli inson bo‘lish» bo‘yicha qo‘llanma emas. Bu siz o‘zingizga foydali tarzda foydalanishingiz mumkin bo‘lgan hayot qonuniyatlari olamiga zavqli bir sayohatdir.

10. “1984” (Jorj Oruell)

"1984" romani "BBS talqinidagi eng yaxshi 200 ta kitob" ro‘yxatida sakkizinchi o‘rinni, "Newsweek" tomonidan insoniyat tarixidagi eng yaxshi kitoblar reytingida 2-o‘rinni egallagan. 2017-yilda ushbu kitob AQSHda eng ko‘p sotilgan kitob hisoblanadi. Asarning bunchalar shuhrat qozonishiga sabablarni kitobni o‘qish mobaynida bilib olishingiz mumkin.

Kitobning o’qir ekansiz, oxiriga yetmay turib, o‘quvchida fikr uyg‘onadi: bizni hozir aldashmayaptimi? Balki, asar bilan tanishgan kishi statistika, keltirilayotgan yangiliklar, olamshumul marralar haqidagi hikoyalarga shubha bilan qaray boshlar. Oruell dahshatli, qayg‘uli voqealarni, shu bilan birga siz va bizga tanish haqiqatni tasvirlaydi. U kishilarni manqurt bo‘lmaslikka, fikrlashga, o‘z so‘zini aytishga chaqiradi, so‘z va fikr erkinligi mavjudligini eslatadi.

Aziz do’stlar, mazkur kitoblarni o‘qib chiqish siz uchun albatta foydali bo’lishiga ishonamiz. Kitoblar bilan nafaqat karantinni mazmunli o’tkazasiz, balki hayotga bo’lgan qarashlaringiz va fikrlaringizni kengaytirasiz hamda katta maqsadlar qo’yasiz, degan umiddamiz.

Bu kitoblarni qayerdan topish haqida o’ylayotgan bo’lsangiz, bu masalada sizga yordam beramiz. Telegram tarmog’i orqali @BRKitobbot manziliga kirib, ushbu kitoblarning barchasini yoki ulardan eng yoqqanini buyurtma berishingiz mumkin. Biz kitoblarni uyingizgacha yetkazib beramiz.

Manba: biznesRivoj