Muvaffaqiyat qozonish nimani anglatadi?
Kimdir bu dunyoga o‘zgarish uchun keladi. Kimdir hayoti chog‘ida dunyoni o‘zgartiradi. Kimdir esa, har kuni o‘zgaradi.
Bizning kundalik sa’y-harakatlarimiz, maqsadimiz baxtiyor yashashni ko‘zlaydi. Baxtiyorlik — mehnat tufayli ro‘y beradigan hodisa. Odamlarning aytishicha, pul — baxtning kaliti emas. Lekin agar pulingiz bo‘lsa, siz mana shu baxt kalitini yasab olishingiz mumkin. Aslida mol-dunyoga egalik qilish baxt degani emas. Baxtiyorlik — bu yaratuvchanlik hissidan lazzatlanishdir. Muvaffaqiyat esa, mana shuni his qilish. Hadeb baxt izlaganing bilan baxtiyor bo‘lib qolmaysan. Hayotdan faqatgina ma’no izlasang, yashay olmaysan.
Muvaffaqiyat bu — yerga urilgach, iloji boricha balandroqqa sakrash degani.
Jorj Patton
Bir qaraganda hayotda muvaffaqiyat qozonish, g‘olib bo‘lish oddiy hodisaga o‘xshab ko‘rinadi. Shunchaki shuuringdagi «g‘olib bo‘lish tugmasi»ni bosasan va dovyuraklik bilan olg‘a boraversan. Albatta, g‘olib bo‘lish doimo huzurbaxsh. Biroq, g‘oliblik bu — maqsadning mohiyati emas. Maqsadning mohiyati — bu g‘olib bo‘lish uchun ichimizda uyg‘ongan istak, orqaga chekinmaslik ruhidir.
Har kim muvaffaqiyat omilini o‘zicha tasavvur qiladi. Kim uchun muvaffaqiyatning yagona siri odamlarning ko‘ngliga yo‘l topish bo‘lsa, boshqalar uchun erta uyg‘onish, qattiq mehnat qilish — bu muvaffaqiyatning tarkibi.
Muvaffaqiyatli insonlar muvaffaqiyatlarining muhim omili sifatida ularning hayotlarida muhim o‘rin egallagan insonlarni aytishadi. Xususan, XX asrning atoqli siyosatdonlaridan biri bo‘lgan Harold Makmillanning fikricha, biror bir erkak ayolning e’tiborisiz muvaffaqiyat qozona olmaydi. Bu ona yoki turmush o‘rtog‘i bo‘lishi mumkin. Agar erkak ularning ikkalasidan ham mehr-e’tibor olib tursa, demak Xudo uni ikki marta omadli qilib yaratgan ekan.
Har qanday muvaffaqiyatning kaliti harakatdir.
Pablo Pikasso
Aksariyat muvaffaqiyatli insonlar hayotini sinchiklab o‘rgansangiz, hayot ularni qiyinchiliklar bilan qanchalar toblaganini ko‘rasiz. Ularning avvalgi va keyingi hayotlarini solishtirar ekansiz, tunning eng qorong‘u lahzalari tong otishidan bir necha daqiqa avvalroq sodir bo‘ladi, degan hikmatni anglaysiz. Siz muvaffaqiyat yetti marta qulab, sakkizinchi marotaba oyoqqa turish ekanini tushuna boshlaysiz.
Muvaffaqiyat qozonish kim uchundir ulkan boylikka ega bo‘lishni anglatsa, ayrim insonlar nazdida muvaffaqiyat, bu — o‘z sohasida tan olinish demak. Odamlarning aksariyati uchun salomatlik ham muvaffaqiyat. Kim uchundir oilaviy baxt, o‘z ishidan qanoatlanish hamda xotirjam umrguzaronlik qilish muvaffaqiyatdir.
Nega muvaffaqiyat omadsizlik bilan boshlanadi?
Aksariyat muvaffaqiyatli insonlar baxtsizlik, omadsizlik tuyg‘ularini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladilar. Bu odamlar ularni mashaqqatga ro‘baro‘ qilayotgan hayotning zargar, o‘zlarini qimmatbaho tosh ekanini anglaydilar va jilolanish uchun mashaqqatlarni quchoq ochib kutib oladilar. Ya’ni, hayot zarba bergani sayin o‘zingni olmos bilsang, zargar shakl berayotgan tosh kabi, qadring oshib boraveradi. Har narsada bir hikmat ko‘rish ham insonni tushkunlikdan asraydi, ishonchini oshiradi.
Hayot bunday sinovlar bilan siylaganlarni ko‘plab topish mumkin. Misol uchun, nomi oldidan «amerikalik», «xitoylik», «gonkonglik» degan nisbatlar beriladigan aktyor Jeki Channing bolaligi ham havas qilarli darajada o‘tgan emas. Xitoydagi fuqarolar urushi bois ota-onasi mamlakatni tark etib, Avstraliyaga yo‘l oladi. Jeki esa 6 yoshida maxsus internat-maktabga topshirladi. Aynan mana shu achchiq ayriliq uning taqdirini o‘zgartirib yubordi. Chunki u mazkur maktabda jang san’ati va akrobatikani o‘rganadi. Faoliyatini Bryus Lining filmlarida kaskadyorlikdan boshlagan Jeki Chan ustozining o‘limidan so‘ng bir nechta kinolarda suratga tushadi. Biroq u taqlid qilishdan to‘xtab, kurash san’ati va komediyani birlashtira olganidan so‘ng jahonning eng oldi va qimmat aktyorlaridan biriga aylandi.
Tasodifni qarangki, buyuk matematik olim, zamonaviy fizika nazariyasining asoschisi, XX-asrning beqiyos dahosi, Nobel mukofoti sohibi Eynshteyn ham muhojirlikda umr kechirgan. Germaniya hukumati natsistlar partiyasi ixtiyoriga o‘tgach, hatto Eyntsheynning boshi uchun katta pul ham tikiladi. Fizikning ko‘plab qo‘lyozma-kitoblari Gitlerning gulxanlarida yoqib yuboriladi. Nemis yahudiysi ekani uning taqdirini o‘zgartirib yuboradi, olim 1933-yilda AQSh ga ko‘chib ketadi. Ammo taqdirning bu beqarorliklari uning buyuk olim bo‘lib yetishishiga to‘sqinlik qila olmadi.
«Raqamli texnologiya otasi» deb nom qozongan Stiv Jobsning haqiqiy ota-onasi undan voz kechishgan. U boshqa ota-ona qo‘lida asrandi sifatida ulg‘aygan bo‘lsa ham, garchi, asrab olgan ota-ona uni o‘zi xohlagan kollejda o‘qitish uchun pul topa olishmagan bo‘lishsa ham, Stiv Jobs jahonning eng qimmat va qudratli kompaniyasiga asos soldi.
Samoda parvoz qilayotgan varrak shamolga qarshi uchayotgani uchun ham balandga ko‘tariladi. Hayotda ham shunday — rad qilinish, tan olinmaslik, adolatsizlik, mashaqqat va muammolar oqibatida jismingizda va ruhingizda yuzaga kelgan kuch sizni olg‘a boshlaydigan quvvatga aylanadi. Shunda siz kun kelib o‘zingiz orzu qilgan cho‘qqini zabt etasiz. Hayot sizni qanchalar qattiq yerga ursa, sizda shu qadar balandga sakrash imkoni paydo bo‘ladi.
Tug‘ilishning o‘zi g‘oliblik! Modomiki, bu hayotga kelgan har kim Yerda o‘zining vazifasiga ega bo‘lar ekan, demak barchaga muvaffaqiyatli bo‘lish, ya’ni g‘alaba qozonish imkoni ham berilgan. Muvaffaqiyatsizlikka uchragan insonning omadi shundaki, uning xatolari qarshisida ko‘zgudagi kabi aks etadi, ro‘y-rost unga tikilib turgan bo‘ladi. Biroq, hamma bu xatolardan muvaffaqiyat yasashga qodir emas. Boisi, hammada ham xulosa chiqarish hissi bo‘lmaydi.
Xato va kamchiliklarimiz ko‘z oldimizda turganida biz boshqa narsani — qo‘ldan boy berilgan imkoniyatni, naf yoki kattaroq foydani o‘ylaymiz, bundan ranjib, tushkunlikka tushamiz yoki qattiq ranjiymiz. Mana shu daqiqalarda inson tanlovi uning taqdirini o‘zgartirib yuboradi: siz shu vaqtda hafsala topib qayta kurashga kirishasiz yoki hammasini yig‘ishtirib, odatdagiday yashashda davom etasiz.
Men muvaffaqiyatsizlikni kutib tura olmayman. Yaxshisi, uningsiz olg‘a davom etaman.
Jonatan Uinters
Yana bir muhim jihat bor. Mag‘lubiyatga uchrab azoblansalar ham, yashash uchun kurashib, zulmat iskanjasidan yorug‘likka yetib kelgan odamlar aslida eng ko‘rkam va munosib insonlar bo‘lib kamolga yetadilar. Ular odamlarni oson tushunadilar, his qiladilar, muloyimlik va jonkuyarlik bilan boshqalarning yarasiga malham bo‘lishga intiladilar. Bunday odamlarning kamol topishi hayotning noyob hodisasi. Hayot ularni tarbiyalash uchun ham muvaffaqiyatsizliklar bilan mukofotlaydi.
MANBA «Biz g‘alaba qozonamiz» kitobidan