Adliya aralashuvi bilan 28 nafar xodim qayta ishga tiklandi hamda 158 046 145,49 so'm miqdorda to'lanmagan ish haqilari undirilishi ta'minlandi
Fuqarolar L.Zayniyeva, Sh.Murodov va E.Rahmonovlar viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilib ish beruvchilari bo'lmish “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” tomondan mehnat shartnomasi ular bilan asossiz ravishda bekor qilinganligini bildirishib, ishga qayta tiklanish masalasida amaliy yordam so'rashdi.
Viloyat adliya boshqarmasi kelib tushgan murojaatni tizimli tahlil qilish hamda huquqiy yechim topish maqsadida “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”ning xodimlarni ishga qabul qilish hamda ishdan bo'shatish bilan bog'liq lokal hujjatlarni so'rov kiritish yo'li bilan o'rganib chiqdi.
Mazkur o'rganish jarayonida, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning javob xati va unga ilova qilingan hujjatlarda xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda Mehnat kodeksining 102-moddasi asos sifatida ko‘rsatilib, pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan 26 holatda bekor qilinganligi aniqlandi.
Vaholanki, Mehnat kodeksining 100-modda 2-qism, 7-bandida xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi, qonunchilikka muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Sh.Murodovning ish beruvchiga ishga qabul qilishni so‘rab qilgan 06.01.2022-yildagi murojaatiga 24.01.2022-yilda kechiktirib javob xati berilganligi aniqlandi.
Biroq, Mehnat kodeksining 78-moddasida ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, xodimning talabi bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab uch kun muddat ichida yozma javob berishi shartligi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, kasaba uyushmasi tomonidan korxonada nafaqaga chiqib mehnat qilib kelayotgan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga 26.10.2021-yilda rozilik berilgan bo‘lsada, xodimlar bilan tzuilgan mehnat shartnomalari 30.12.2021-yildan 06.01.2022-yildagi vaqt oralig‘ida bekor qilinganligi aniqlandi.
Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 101-moddasiga asosan ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi D.O‘rinovning o‘z tushuntirish xatidan kasaba uyushmasining 26.10.2021-yildagi yig‘ilishida mehnat shartnomasi bekor qilinishi muhokama qilinayotgan xodimlarning ishtirok etishi uchun xabardor qilinmaganligi, hamda xodimlar mazkur yig‘ilishda qatnashmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasi federatsiyasi rayosatining 19.04.2016-yildagi qarori bilan tasdiqlangan ‘Kasaba uyushmasi organiga ish beruvchining taqdimnomasini ko‘rib chiqish tartibi” to‘g‘risidagi ilovaning 11-bandida masalasi ko‘rilayotgan xodim tegishli kasaba uyushmasi organi majlisida ishtirok etish huquqiga egaligi, Kasaba uyushmasi organi xodimning majlisda ishtirok etishi uchun yetarli imkoniyat yatatishi, xodim majlis o‘tkaziladigan sana va joy haqida oldindan yozma shaklda (tilxat bilan topshirish yoki pochta orqali yuborish yo‘li bilan) xabardor qilinishi shartligi ko‘rsatilgan.
Yuqoridagilarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil
13-apreldagi 3666-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan adliya boshqarmasi tomonidan yuqorida nomlari sanab o'tilgan fuqarolarning manfaatlarini ko'zlab aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish haqida “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”ga taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma natijasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish haqidagi 28 ta xodimlar mehnatini tashkil etish to'g'risidagi buyruqlar oqibatsiz qoldirilib, xodimni ishga tiklanishi ta'minlandi. Shuningdek, 158 046 145,49 so'm miqdorda to'lanmagan ish haqilari undirilishi ta'minlandi.