Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini zamon talabiga hamohang rivojlantirish mustahkam fuqarolik jamiyati qurishda ustuvor qadamdir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligini va davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlash maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq qonun normalarini mustahkamlash, ularni har tomonlama rivojlantirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati sohasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyundagi 328-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi” Nizom qabul qilindi. Mazkur nizomni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad NNT ning xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat organlari tomonidan yuridik va texnik yordam ko‘rsatish, loyihani aholining ijtimoiy mu’ammolarini samarali hal etishga yo‘naltirishda uslubiy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat. Holbuki, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida” gi Qonunining 8-moddasida nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishib olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan. Shuning uchun mazkur Nizomning qabul qilinishi qonuniy asosga ega hisoblanadi.
Nizomga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotining xalqaro grant loyihasiga tegishli sohada vakolatli davlat organi milliy hamkor sifatida jalb etilishi, milliy hamkor xalqaro grant loyihasining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, loyihani amalga oshirishda vujudga keladigan mu’ammolarni tezkor hal etish, loyihaning mazmunidan kelib chiqib uni amalga oshirishda boshqa davlat organlarini jalb qilish va boshqa vazifalarni bajarishi, xalqaro grant loyihasini amalga oshirishda NNTga davlatning ko‘magini samarali tashkil etish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti bilan kelishilgan holda “yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi, nizom bilan davlat organlari zimmasiga nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuklatilganligi belgilangan.
So‘zimning oxirida shuni aytib o‘tmoqchimanki, har bir qabul qilingan yangi normativ-hujjat jamiyatda vujudga keladigan mu’ammolarning yechimi bo‘lishi uchun mazkur normativ-hujjatni fuqarolar bilishi hamda undan foydalanishi shart. Aks holda mazkur normalar qog‘ozdagi so‘zlarga aylanib qolishi ehtimoldan yiroq emas.
Mirshod Dilmurodov, viloyat adliya boshqarmasi yetakchi maslahatchisi