September 15, 2022

Polvonlar mahalasida sayyor qabul o'tkazildi

Qorako’l viloyat markazidan eng olisda joylashgan tumanlardan biri. Mazkur hududdagi Polvonlar mahalla fuqarolar yig’ini tuman ma’muriy markazidan qariyib 30 km masofadagi olis mahalalardan hisoblanadi. Hududdagi Kurash markazida viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati tomonidan Yangi Zamon, Polvonlar va Mirob mahalalari aholisi uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Murojaatlarning aksariyati yer munosabatlari, ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish, tadbirkorlik, ichki yo’llarni ta’mirlash, ish bilan ta’minlash, ustama va ijtimoiy to’lovlarini undirib berish, elektr va gaz ta'minoti sohalarida bo’ldi.

Masalan, fuqaro Mavjuda Safarova tibbiyot texnikumini tugatganligini, turmush o‘rtog‘i ham o‘rta ma’lumotga ega ekanligi, ammo, ish topa olmayotganligini bildirib, ish bilan ta’minlashda amaliy yordam so’radi. Murojaatchi tuman bandlikka ko’maklashish markazida doimiy ish topish uchun tegishli tartibda ro’yxatga qo’yildi va vaqtinchalik mavsumiy ish bilan ta’minlandi.

Yana bir murojaat nogironlik aravachasini olish bo’yicha bo’ldi. Onam bir necha yildan buyon yuraolmaydilar. Ko’rsatmagan shifokorimiz qolmadi. Yurib ketishlari uchun ma’lum bir muddat talab qilinarkan” deydi Sharofat To’rayeva. “Adliya boshqarmasi tomonidan o’tkazilayotgan sayyor qabulni eshitib, onam uchun nogironlik aravachasini olishda yordam berisharmikan degan o’ylov bilan keldim."

Mazkur murojaat ham viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati tomonidan o’rganligach, tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda o’sha joyning o’zida ijobiy hal qilindi. Fuqaroga yangi nogironlik aravachasi topshirildi.

Jo’raqul aka Bobomurodov oilasi “Temir daftar”ga kiritilgan. Sayyor qabulda tibbiyot texnikumida shartnoma asosida o’qiyotgan farzandi uchun shartnoma to’lovlarini to’lashda yordam so’rab murojaat qildi. Fuqaro murojaati ham o’sha yerning o’zida ijobiy hal qilindi. Ya’ni, mahalladagi yoshlar yetakchisi tomonidan ro’yxatga olinib, shartnoma pullari yoshlar ishlari agentligi Qorako’l tuman bo’limi tomonidan to’lab beriladigan bo’ldi.

Qizim 15 yildan buyon jigar yetishmovchiligi sindromi bilan og’rigan. Ota uchun kasal farzandiga qarashdek og’ir yuk bo’lmasa kerak. Moddiy ahvolim ham havas qiladigan darajada emas. Bilasiz, kasalga qarashni o’zi bo’lmaydi. Farzandim uchun zarur bo’lgan dori-darmonlar bilan ta’minlashda amaliy yordam bersangizlar” deydi ko’zda yosh bilan Ro’zimboy ota Bobojonov. Otaxonning murojaati tuman tibbiyot birlashmasiga o’sha joyning o’zida yetkazildi va endi tibbiyot birlashma tomonidan zarur dori vositalari beriladigan bo’ldi.

Har bir murojaat ortida inson manfaati yotadi. Xalqimiz amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ertaga emas, indinga emas, bugun hayotida ko’rishni istaydi. Bugungi o’tkazayotgan sayyor qabulimizda ham iloji boricha murojaatlarni joyida hal qilishga harakat qilayapmiz. 30 dan ortiq murojaat qabul qildik. Deyarli 60-70 foiz murojaatlarning joyida yechimi topildi. Qolganlarini ham tegishli tashkilotlarga yubordik va natijasi bo’yicha nazorat qilib turamiz” deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig’i birinchi o’rinbosari Sherzod Bahronov.

Bundan tashqari, aholiga sayyor tartibda davlat xizmatlari ham ko'rsatildi. Bolani boqcha joylashtirish, elektron raqamli imzo sertifikatini olish, kadastr pasportini shakllantirish kabi sohalarda 20 ga yaqin davlat xizmatlari ko'rsatildi. Shu bilan birga tuman FHDY bo'limi tomonidan tug'ilish, nikoh, o'lim bilan bog'liq fuqarolik holatlari ham qayd etildi.

Shu kuni hudud aholisi uchun chuquqrlashtirilgan tibbiy ko’riklar ham tashkil etildi. Tuman tibbiyot birlashmasining yetakchi tor doiradagi mutaxassislari tomonidan 130 dan ortiq aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikdan o'tkazilib 18 nafar bemorga ambulator ko'rsatma hamda 1 nafar bemorga tuman tibbiyot birlashmasida statsionar davolanishga yo'llanma berildi. Aholi orasida sog'lom turmush tarzi va sog'lom ovqatlanishni targ'ib qiluvchi bukletlar tarqatilib, davra suhbatlari o'tkazildi.