November 19, 2022

Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun seminar tadbiri Buxoroda bo'lib o'tdi

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi.

Ushbu qaror mazmun-mohiyatini davlat xizmatchilariga tushuntirishga qaratilgan navbatdagi seminar tadbiri Adliya vaziri o’rinbosari Xudoyor Meliyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida o’tkazildi.

Tadbirni viloyat hokimi Botir Zaripov kirish so’zi bilan ochib berdi.

Shundan so‘ng Adliya vaziri o’rinbosari X.Meliyev tomonidan yuqoridagi qaror mazmunidan kelib chiqib, davlat xizmatida birinchi navbatda amalga oshirilishi lozim bo’lgan vazifalarga to’xtalib o’tildi.

Jumladan, davlat xizmatchilari mehnat qilayotgan idorada ichki mehnat tartib qoidalariga o’zgartirish kiritish va uni Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga muvofiqlashtirish, barcha xodimlarni odob-axloq qoidalari bilan tanishtirish, odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi ustidan qat’iy nazorat o’rnatilishi zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyat filiali vakili tomonidan ham Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob axloq qoidalarining mazmuniga batafsil to’xtalib o’tildi.

Buxoro viloyat adliya boshqarmasi boshlig’i Anvar Raxmatovning ma’ruzasida jamoatchilik vakillari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlashda odob-axloq qoidalariga rioya qilish va uning ahamiyati, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini oldini olish masalalarida alohida e’tibor berildi.

Xususan, davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashishi kerakligi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi ommaviy bayonotlar faqatgina davlat organlari va tashkilotlari rahbari yoki mazkur yo‘nalish bo‘yicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshirilishi ma’ruzachi tomonidan ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Yuristlar malakasini oshirish markazi katta o’qituvchisi Voxid Usmonov tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi, odob-axloq komissiyalarining vazifalari va vakolatlari yetkazildi.

Tadbir so‘ngida tadbir ishtirokchilarning savollariga mas’ullar tomonidan batafsil javoblar va tushuntirishlar berildi.